Senatdagi har bir muhokama - taraqqiyot yo‘lidagi yana bir qadam
O‘tgan hafta Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibidan o‘rin olgan masalalar mazmuniga e’tibor qaratar ekanmiz, ularning har biri jamiyat hayotining alohida, ammo o‘zaro chambarchas bog‘liq sohalariga daxldor ekanini ko‘ramiz.
Shu o‘rinda qayd etish lozim, bugun qonun qabul qilish jarayonini faqat huquqiy normalarni belgilashdan iborat jarayon sifatida baholab bo‘lmaydi. Har bir qonun ortida inson taqdiri, uning huquq va manfaatlari, tadbirkorning faoliyati, jamiyat xavfsizligi va mamlakat taraqqiyotiga daxldor masalalar turibdi. Shu ma’noda, yalpi majlisda muhokama qilingan qonunlarning har biri hayotdagi muayyan ehtiyoj va muammolarga huquqiy yechim berishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Iste’molchi huquqi - bozor madaniyatining mezoni
Bozor iqtisodiyoti sharoitida iste’molchining huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilish - davlatning muhim vazifalaridan biri. Senatning o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Amalda ba’zi tovarlardagi nuqsonlarni ularning tashqi ko‘rinishiga qarab aniqlashning iloji yo‘q. Bunday vaziyatda iste’molchining haq-huquqini tiklash uchun tovar sifatini qo‘shimcha tekshirish zarurati paydo bo‘ladi.
Yangi normalar bilan ana shu jarayonning huquqiy asoslari aniqlashtirilmoqda. Tekshirish tartibi va muddati, iste’molchining unda ishtirok etish huquqi, tekshirish xarajatlarini qoplash masalalari belgilab berilmoqda. E’tiborli jihati, iste’molchi tovar sifatini o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha tekshirish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Bu normalar oddiy fuqaroning kundalik hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bozorda raqobat kuchaygan sari iste’molchining tanlovi va huquqi ham ishonchli himoyalangan bo‘lishi kerak. Qonun esa ushbu munosabatlarda adolatli muvozanatni ta’minlash vositasidir.
Xavfsizlik - barqaror taraqqiyotning asosiy sharti
Mamlakat taraqqiyoti haqida so‘z borganda xavfsizlik masalasini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan, davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikdagi o‘zgartishlar alohida ahamiyatga ega.
2016–2025 yillar davomida davlat chegarasida 12 ta noqonuniy yerosti tonneli aniqlangani bu muammoning jiddiyligini ko‘rsatadi. Bunday tonnellar orqali tovar-moddiy boyliklar, valyuta qimmatliklari va boshqa tovarlarni yashirin olib kirishga urinishlar nafaqat iqtisodiy xavfsizlikka, balki davlat chegarasi daxlsizligiga ham tahdid soladi.
Shu bois Jinoyat kodeksida davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar va boshqa infratuzilma ob’yektlarini qurish, ulardan foydalanish, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida javobgarlik belgilash muhim qadamdir. Biroq qonun faqat jazolashdan iborat emas. Unda insonparvarlik tamoyili ham mujassam. Jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan tegishli organlarga noqonuniy tonnel haqida xabar bersa yoki jinoyatni fosh etishga faol ko‘maklashsa, muayyan shartlar asosida javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi belgilanmoqda.
Bu yondashuv jinoyatchilikka qarshi kurashishda profilaktika va hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor namoyon etadi.
Sud-huquq tizimida yangi yondashuvlar
Sud-huquq sohasidagi o‘zgartishlar esa fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining vaqti va mablag‘ini tejash, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Nizosiz talablarni sudga murojaat qilmasdan notarius orqali rasmiylashtirish imkoniyatining kengayishi, notariuslar tomonidan QR-kodli ijro xatlarini elektron shaklda ijro organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish imkoniyatining yaratilishi raqamlashtirish jarayonining amaliy natijalaridir.
Bugun fuqaro davlat idorasida soatlab navbat kutishni emas, masalasini tez, aniq va shaffof hal qilishni istaydi. Zamonaviy huquqiy davlatning vazifasi ham ana shu ehtiyojga mos tizimni shakllantirishdan iborat.
Sud hujjatlari ijrosini to‘xtatib turish mexanizmlarining takomillashtirilayotgani ham odil sudlov kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ochiq dunyo va xalqaro hamkorlik
Yalpi majlisda xalqaro fuqaro aviatsiyasi sohasidagi konvensiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq bayonnomalarni ratifikatsiya qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Bugun O‘zbekistonning xalqaro transport va logistika tizimlariga integratsiyalashuvi tobora chuqurlashib bormoqda. Shu ma’noda, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish nafaqat transport, balki iqtisodiy, sayyohlik va investitsiyaviy aloqalar uchun ham katta ahamiyatga ega.
Xalqaro tashkilotlarda mamlakatimiz manfaatlarini munosib ifoda etish, mintaqaviy manfaatlarni ilgari surish va qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish O‘zbekistonning ochiq va faol tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Senator sifatida men bir haqiqatni alohida ta’kidlashni istardim: qonunning haqiqiy qiymati uning qabul qilingani bilan emas, balki odamlar hayotida qanday natija berishi bilan o‘lchanadi. Shuning uchun har bir yangi huquqiy norma amaliyot bilan uyg‘un bo‘lishi, fuqaroning kundalik hayotida sezilarli yengillik yaratishi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashi lozim.
Bugun biz qabul qilayotgan qarorlar ertangi O‘zbekistonning huquqiy qiyofasini belgilaydi. Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda inson o‘z huquqini biladi, uni himoya qilish mexanizmlariga ishonadi va kelajagiga daxldor qarorlarda o‘zini daxldor deb his qiladi.
Demak, Senatdagi har bir muhokama, har bir qonun va har bir huquqiy norma - taraqqiyot yo‘lidagi yana bir qadamdir.
Maryam NIYoZOVA,
Oliy Majlis Senati a’zosi.