O‘zbekchasi bor-ku, nega foydalanmaymiz?

Dunyo mamlakatlarining shiddat bilan rivojlanishi, yangi-yangi mahsulotlarning yaratilishi natijasida ilm-fan, texnologiya, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda kundan kunga yangi so‘z va atamalar, tushunchalar paydo bo‘lmoqda.

Bu tabiiy jarayon. Chunki til jamiyat bilan birga rivojlanadi, yangi voqelik va tushunchalarni ifodalash uchun yangi so‘zlarga ehtiyoj tug‘iladi.
Ammo bir savol: agar muayyan xorijiy so‘zning mazmun-mohiyatini aniq va tushunarli ifodalaydigan o‘zbekcha muqobili mavjud bo‘lsa, nega undan foydalanmaymiz?
Tilning boyligi faqat yangi so‘zlarni qabul qilish bilan emas, balki o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalanish bilan ham belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tomonidan 2025 yilda 40 ta, 2026 yilda 41 ta, jami 81 ta xorijiy so‘zlarning o‘zbekcha muqobillari tasdiqlanib, iste’molga kiritildi. Misol uchun, «avans» o‘rniga «bo‘nak», «avtopilot» o‘rniga «avtoboshqaruv», «dostavka» o‘rniga «yetkazish», «datchik» o‘rniga «sezgich», «marshrut» o‘rniga «yo‘nalish», «kommentariy» o‘rniga «izoh», «ssilka (link)» o‘rniga «havola», «parol» o‘rniga «o‘ron», «dedlayn» o‘rniga «so‘ngmuddat», «master-klass» o‘rniga «mahorat darsi», «portfolio» o‘rniga «yig‘majild», «trening» o‘rniga «mashg‘ulot», «chellenj» o‘rniga «chorlov», «sillabus» o‘rniga «ishchi dastur», «otvyortka» o‘rniga «buragich», «smart» o‘rniga «aqlli», «shurup» o‘rniga «burama mix», «xeshteg» o‘rniga «kalitso‘z», «navigator» o‘rniga «yo‘llagich», «xostel» o‘rniga «qo‘noquy» kabi.
Aslida bu so‘zlar bizga yangilik emas, aksariyati avvallari ham nutqimizda bor edi, ammo keyingi vaqtlarda xorijdan kirib kelgan so‘zlar qisqa muddatlarda nutqimizga singib ketdi.
Eng muhimi, bunday so‘zlar sun’iy tarzda o‘ylab topilgan emas, balki muayyan tushunchani o‘zbek tilining ichki imkoniyatlari asosida ifodalashga qaratilgan. Masalan, «sezgich» so‘zi «datchik»ning vazifasini bevosita anglatadi: u muayyan o‘zgarishni sezadi va qayd etadi, «havola» so‘zi esa internetdagi «link» tushunchasi uchun allaqachon keng tushuniladigan muqobildir.

Tilda qulaylik va odat masalasi
Xorijiy so‘zlarni ishlatishga o‘rganib qolishning asosiy sabablaridan biri — odat. Biror so‘z ommalashib ketgach, uning o‘rniga o‘zbekcha muqobili taklif qilinsa ham, jamoatchilik darhol qabul qilib ketmasligi mumkin.
Masalan, ko‘pchilik «dedlayn» deganda vazifani topshirishning oxirgi muddatini tushunadi. Ammo «so‘ngmuddat» ham aynan shu ma’noni ifodalaydi. «Kommentariy» o‘rniga «izoh» deyish esa nafaqat tushunarli, balki til an’analarimizga ham mos.
Demak, masala faqat yangi atama yaratishda emas. Asosiy vazifa — mavjud muqobillarni amaliyotga joriy etish, ularni ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari, rasmiy hujjatlar, reklama va kundalik muloqotda izchil qo‘llashdir.

Atama yaratish — ishning yarmi
Yangi so‘zni taklif qilishning o‘zi yetarli emas. Uning ommalashishi uchun soha mutaxassislari, tilshunoslar, jurnalistlar, o‘qituvchilar, davlat idoralari va jamoatchilik birgalikda harakat qilishi kerak.
Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar bu borada katta ta’sir kuchiga ega. Agar jurnalist har safar «dedlayn» emas, «so‘ngmuddat», «kommentariy» emas, «izoh», «link» emas, «havola» deb yozsa, o‘quvchi ham bu so‘zlarga ko‘nikadi.
Maktab va oliy ta’limda esa terminlardan izchil foydalanish yosh avlodning tilga munosabatini shakllantiradi. Rasmiy hujjatlarda bir xil atamaning turlicha qo‘llanishiga yo‘l qo‘yilmasa, yangi muqobillarning hayotimizga singishi yanada osonlashadi.

Til — faqat muloqot vositasi emas
Til millatning tafakkuri, tarixi va madaniy xotirasini ham ifodalaydi. Shu bois zamonaviy tushunchalarni o‘zbek tilida ifodalashga intilish — boshqa tillarni rad etish emas. Aksincha, bu ona tilimizning zamonaviy dunyodagi imkoniyatlarini kengaytirishdir.
Bugun biz «avans»ning «bo‘nak», «diskussiya»ning «bahs-munozara», «portfolio»ning «yig‘majild» kabi muqobillarini ishlatsak, ertaga yangi avlod o‘zbek tilida ilm-fan, texnologiya va zamonaviy kasblarga oid yanada ko‘p tushunchalarni erkin ifodalay oladi.
Shuning uchun har birimiz o‘zimizga oddiy bir savol berib ko‘rishimiz kerak:
«Bu so‘zning o‘zbekchasi bormi?»
Agar bor bo‘lsa, nega undan foydalanmaymiz?
Chunki tilning kelajagi faqat tilshunoslar yoki lug‘at tuzuvchilarga emas, uni har kuni iste’molda ishlatadigan har bir insonga bog‘liq.
O‘zbek tilida aytish mumkin bo‘lgan so‘zni o‘zbekcha aytish — kichik odatdek ko‘rinishi mumkin. Ammo ana shu kichik odatlar yig‘ilib, tilning katta taraqqiyotini ta’minlaydi.
O‘zbekchasi bor-ku. Shunday ekan, keling, undan unumli foydalanaylik!

Sherali Temirov,
viloyat hokimining maslahatchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).