Teatrlar repertuarida qanday yangi spektakllar bor?

Tomoshabinni faqat bezakdor sahna yoki mashhur asar bilan hayratda qoldirib bo‘lmaydi. U hayotiga daxldor muammolar, zamondoshlar taqdiri, insoniy qadriyatlar, vatanparvarlik, ma’naviyat va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan g‘oyalarni ko‘rishni istaydi. Shu bois har bir spektakl nafaqat badiiy jihatdan yuksak, balki bugungi kun bilan hamnafas bo‘lishi zarur.

Har yili davlat teatrlarida rejaga muvofiq kamida to‘rtta jahon dramaturgiyasining sara namunalari, milliy va zamonaviy asarlar, musiqali sahna ishlari, bolalar uchun mo‘ljallangan spektakllar hamda tarixiy va zamonaviy mavzulardagi yangi asarlarni sahnalashtirish belgilangan.
Xo‘sh, sahnalashtirilayotgan spektakllar bugungi davr ruhiga qay darajada mos? Ular insonni o‘ylashga, hayotga boshqacha nigoh bilan qarashga undayaptimi? Tomoshabin teatrdan qanday taassurot olyapti? Bu savollarga viloyatdagi teatrlar misolida javob izladik.

Viloyat musiqali drama teatri Samarqand­dagi eng yirik teatrlardan biri bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida ikkita yangi spektakl tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Jumladan, Minajatdin Qutlimuratov qalamiga mansub “Halollik vaksinasi” asari rejissyor Iskandar Sultonov tomonidan sahnalashtirilgan bo‘lib, unda jamiyatdagi korrupsiya illati, uning inson taqdiri va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri ta’sirchan sahna yechimlari orqali ochib berilgan. Spektakl halol mehnat, pok vijdon, adolat va mas’uliyat kabi ezgu qadriyatlarni targ‘ib qilib, tomoshabinlarni korrupsiyaga qarshi muro­sasiz munosabatda bo‘lishga undaydi. Asarda hayotiy voqealar va ta’sirchan obrazlar orqali har bir fuqaroning halollik tamoyillariga sodiq bo‘lishi jamiyat taraqqiyotining muhim omili ekani ifoda etilgan.

Z.Mirzayevning “Qahrida ham mehr bor edi” essesi asosida Dildora Mardonova inssenirovkasi bo‘yicha sahnalashtirilgan “Ibrat” spektakli esa bugungi kun qahramonining yorqin va ta’sirchan obrazini ochib berishga xizmat qiladi. Asarda fidoyilik, vatanparvarlik, insonparvarlik va yuksak ma’naviy fazilatlar targ‘ib qilinib, hayot ma­shaqqatlarini matonat bilan yengib o‘tgan inson taqdiri sahna tilida ta’sirchan ifoda etilgan. Spektakl tomoshabinlarni ezgulik, mehr-oqibatga, burch va mas’uliyatni chuqur anglashga chorlab, ayniqsa, yosh avlod uchun ibrat maktabi vazifasi­ni o‘taydi. Sahna asarida qahramonning hayot yo‘li orqali sabr-toqat, jasorat va insoniylik kabi yuksak fazilatlar ulug‘lanadi.

– Har bir yangi spektakl ustida ish boshlar ekanmiz, oldimizga, avvalo, bugungi zamon qahramonini sahnada qanday gavdalantirish va jamiyatdagi og‘riqli muammolarga teatr tili bilan qanday yechim ko‘rsatish vazifasini qo‘yamiz, – deydi viloyat musiqali drama teatri bosh rejissyori Shuhrat Sanaqulov. – “Halollik vaksinasi” hamda “Ibrat” spektakllari aynan tomoshabinni fikrlashga, dolzarb ma’naviy-axloqiy masalalarga befarq bo‘lmaslikka chorlashi bilan qimmatlidir. Bu asarlarda inson taqdiri, halollik, mas’uliyat, fidoyilik va vatanparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlar badiiy yechimlar orqali yoritilgan. Teatr nafaqat madaniy hordiq maskani, balki odamlarni ezgulikka, yuksak ma’naviyatga undaydigan tarbiya o‘chog‘i hamdir. Tomoshabinning spektakldan olgan taassuroti va hayotiy xulosasi biz uchun eng katta yutuq hisoblanadi.

Viloyat rus drama teatrida qozog‘istonlik rejissyor tomonidan bolalar uchun “Koza-dereza” ertak-spektakli hamda teatr bosh rejissyori Ahmatillo Niyozov tomonidan Abdulla Avloniy qalamiga mansub “Advokatlik osonmu?” asari yuksak mahorat bilan sahnaga olib chiqildi. “Advokatlik osonmu?” spektaklida jamiyatimizda uchraydigan eng og‘riqli nuqtalardan biri qarzga botib to‘y qilish, bema’ni orzu-havaslar ortidan quvib, qarzlarni uzish ilinjida xorijda sargardon bo‘lib yurgan insonlarning og‘ir qismati tasvirlanadi.

– Shunday klassik asarlar borki, ular necha yillar o‘tsa-da, o‘zining hayotiy ahamiyati va tarbiyaviy qimmatini yo‘qotmaydi, – deydi A.Niyozov. – Xususan, Abdulla Avloniyning “Advokatlik osonmu?” asarida tanqid qilingan kibr, manmanlik, soxta obro‘ ketidan quvish, mas’uliyatsizlik kabi illatlar, afsuski, bugungi jamiyatimizda ham uchrab turibdi. Spektaklni sahnalashtirishdan asosiy maqsadimiz ana shu muammolarni teatr tili orqali tomoshabinga ta’sirchan tarzda yetkazish, har bir insonni o‘z xatti-harakatlari haqida o‘ylashga undashdan iborat bo‘ldi. Asar voqealari orqali o‘ylamay qilingan qarorlar va yengiltaklikning qanday oqibatlarga olib kelishi ochib beriladi.

Viloyat qo‘g‘irchoq teatrida yil boshidan buyon xorijlik rejissyorlar hamkorligida to‘rtta yangi spektakl tayyorlanib, kichik yoshdagi tomoshabinlarga taqdim etildi. Teatr adabiy bo‘limi mudiri Mehrangiz Tohirovaning ta’kidlashicha, gruziyalik rejissyor Nikolas Sobashvili tomonidan X.Andersen asari asosida sahnalashtirilgan “Qizil qalpoqcha”, qozog‘istonlik rejissyor Samat Altayevning “Mumi-trollar” (sarguzasht ertak), Tohir Muratov qalamiga mansub, I.Aripova tomonidan rus tilida sahnalashtirilgan “Donishmand Tomate” hamda Zuhra Eshpo‘latova rejissyorligida N.Suponin asari asosida sahnalashtirilgan “Badjahl quyoncha” spektakllari bolajonlarga manzur bo‘ldi.

– “Mumi-trollar” sarguzasht spektaklini nevaralarim qiziqish bilan tomosha qildi, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Feruza Xalikova. – Asar bolalarni sehrli qish olamiga olib kiradi. Uyquga ketmay uyg‘oq qolgan Mumi-trol hamda uning yangi do‘stlari Tuu-Tikki, M.MYu, Olma­xon, Yertesharlar va Xemulning qorli va muzli tepaliklardagi sarguzashtlari orqali bolalarga do‘stlik, jasorat va tabiatni qadrlash tushunchalari quvnoq qo‘shiqlar hamda raqslar vositasida yetkaziladi.

Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida yil­ning o‘tgan davrida uchta yangi sahna asari premerasi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Shavkat Pardayev asari asosida Qutlig‘murod Yakubov sahnalashtirgan “Afandizoda” satirik komediyasi, Nasrullo Qobilning “Oriyat” asari asosida Mamaniyoz Ro‘ziyev sahnalashtirgan asar, Qo‘chqor Norqobil qalamiga mansub “Baxtning bozori bormi?” dramasi asosida rejissyor Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan spektakllar tomoshabinlarga namoyish etildi.

– Davr o‘zgargani, texnologiya rivojlangani sari tomoshabinning zamonaviy asarlarga bo‘lgan talabi ham o‘sib bormoqda, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri aktyori O‘tkir Ochilov. – Shu bois har bir spektakl ustida katta mas’uliyat bilan ishlaymiz. Biz uchun eng muhim mezon – asarning tomoshabin qalbidan chuqur joy olishi, uni o‘ylantirishi va teatrga yana qayta kelish istagini uyg‘otishidir. Ayniqsa, xorijlik rejissyor va aktyorlar bilan ijodiy hamkorlikda sahnalashtirilayotgan asarlar, zamonaviy hamda klassik dramaturgiyaga yangicha talqin berish, sahna madaniyati va aktyorlik mahoratini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoq­da. Teatr nafaqat madaniy hordiq maskani, balki jamiyatdagi dolzarb muammolarni xolis va ta’sirchan tarzda yoritadigan, insonni fikrlashga va xulosa chiqarishga undaydigan ma’naviy minbar. Ana shu vazifani bajarish uchun ijodiy izlanish va yangilikka intilishlarni davom ettiramiz.

Sarvinoz Mamanova,

viloyat musiqali drama teatri adabiy qism mudiri.