Suyultirilgan gaz bo‘yicha 148,3 million so‘mlik muammo qator savollarni keltirib chiqarmoqda
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Nurobodda suyultirilgan gaz sotuvidan tushgan 148,3 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan. Savol - “pulni kim oldi?” emas, balki “shuncha mablag‘ qanday nazoratdan chetda qoldi?”. Mayli boshqasiga javob berishsin - suyultirilgan gaz tarqatishda naqd pul bilan savdo qilish amaliyoti haliyam bormi?
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nurobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Nurobodtumangaz” mas’ul shaxslari gaz sotishdan tushgan 148,3 million so‘mni bankka topshirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
To‘g‘ri, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi - o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 209-moddasi —-mansab soxtakorligi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Bu yerda zanjirning bir nechta bo‘g‘ini bor: gazning chiqarilishi, sotilishi, pulning qabul qilinishi, hisobga olinishi va bankka topshirilishi. Agar ushbu jarayonlarning barchasi belgilangan tartibda nazorat qilingan bo‘lsa, mablag‘ning bankka topshirilmay qolishi qanday sodir bo‘ldi?
Agar nazorat avtomatik yoki elektron tizim orqali amalga oshirilsa, nima uchun bu tafovut o‘z vaqtida aniqlanmadi?
Agar nazorat inson omiliga bog‘liq bo‘lsa, mas’ul xodimlarning hisobotlari kim tomonidan tekshirildi?
Bu savollarning har biri bitta xulosaga olib keladi: masala faqat mablag‘ni o‘zlashtirgan shaxslarda emas, balki nazorat tizimining qay darajada ishlayotganida ham.
148,3 million so‘m aholi ehtiyoji uchun muhim bo‘lgan mahsulot savdosidan tushgan mablag‘. Shuning uchun unga shunchaki “kamomad” deb qarash noo‘rin emasmi?
Agar mablag‘ bir necha kun yoki oy davomida bankka topshirilmay kelgan bo‘lsa, savol yanada jiddiylashadi. Chunki bu holatni buxgalteriya, ichki audit, rahbariyat yoki boshqa nazorat mexanizmlaridan hech biri sezmaganmi?
Yoki sezgan bo‘lsa, nima uchun chora ko‘rilmagan?
Mantiqiy savol tug‘iladi - balki suyultirilgan gaz shu taxlit naqd pulga sotib yuborilayotgani uchun joylarda aholiga kechikib kelayotgandir?
Voqelik yana bir muhim masalani kun tartibiga chiqaradi:
Suyultirilgan gaz uchun aholidan to‘lov qanday shaklda qabul qilinadi? Naqd pul bilan savdo qilish amaliyoti hali ham bormi?
Va eng muhimi - bunday holat yana takrorlanmasligi uchun nima o‘zgaradi?