Samarqandda aholiga ajratilgan gazni talon-toroj qilgan mansabdorlar guruhi fosh bo‘ldi
Kecha, 5 noyabr kuni Past Darg‘om tumanida joylashgan “Samarqand gaz to‘ldirish stansiyasi”dan surunkali ravishda aholi xonadonlariga ajratilgan imtiyozli narxdagi suyultirilgan uglevodorodli gazni talon-toroj qilib kelgan jinoiy uyushma faoliyati fosh etildi.
Aniqlanishicha, ushbu guruh mazkur gaz to‘ldirish stansiyasidan “Nurobod gaz servis” MChJga qarashli “DAF” rusumli 20 tonna sig‘imli yuk avtomashinasida imtiyozli narxdagi suyultirilgan gazni yashirin ravishda olib, talon-toroj qilgan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “v” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovining birinchi kunida 6 nafar jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov-surishtiruv ishlari davomida bu raqamlar ko‘lami kengayishi mumkin.
Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur jinoiy uyushmaga bir qator mansabdor shaxslar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari rahnamolik qilib kelishgan.
Jinoyat ishi tergovi shaxsan viloyat 2-sektor rahbari - viloyat prokurori R.Masharipovning nazoratiga olingan.
Jinoyat tafsilotlari yoritib boriladi, deyiladi viloyat prokuraturasi telegram kanalida.