Qatag‘on qurboni: “Germaniya josusi” deb tuhmat qilingan olimning ayanchli qismati

Tarixga “Katta qirg‘in” nomi bilan kirgan 1937-1938 yillardagi qatag‘on davrida sovet davlatining jazo quroliga aylangan NKVD domiga aholining barcha qatlamlari vakillari tortila boshladi. Ular safida samarqandlik o‘nlab muallimlar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, talabalar, texnikum tinglovchilari bor edi.

O‘zbekiston davlat universiteti (hozirgi Sharof Rashidov nomidagi SamDU) fizika-matematika fakultetining ingliz va nemis tili o‘qituvchisi, dotsent Ivan Vasilevich Blok ham ana shundaylardan biri bo‘ldi.

I.Blok 1881 yilda Moskvada, ingliz millatiga mansub injener oilasida tug‘ildi. Onasi Germaniyada tug‘ilgan nemis ayoli edi. U o‘rta ma’lumotni Germaniyada va qisman Moskvada olgan. 1903 yilda Moskva universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgan. Shundan keyin ushbu fakultetning savdo huquqi kafedrasida ishga qoldirildi. Keyinchalik oilaviy ahvoli tufayli universitetdagi faoliyatini to‘xtatib, otasining chet ellardan mahsulot olib kelish bilan shug‘ullanuvchi firmasida ishlay boshladi. 1906-1915 yillarda shu firmani boshqardi. Savdoni, talab va ehtiyoj, umuman, xalq xo‘jaligi iqtisodiyotini puxta egalladi. Birinchi jahon urushi yillarida armiya safiga chaqirildi. Praporshiklar maktabini bitirgach, harakatdagi qo‘shinlar safida rota komandiri, polk komandirining yordamchisi vazifalarida xizmat qildi. 1917 yil inqilobidan keyin harbiy xizmatni tark etib, Rossiya o‘rmonchilik bosh boshqarmasida tashkiliy bo‘lim rahbari bo‘lib ishladi. 1919 yildan qizil armiya safiga safarbar etildi. Uning bilimi, harbiy tajribasini hisobga olib, Turkistonga yuborilgan diviziyalardan biriga aloqa bataloni komandiri etib tayinlashdi.

1921 yilda harbiy xizmatdan bo‘shatildi. Shundan keyin Turkiston iqtisodiy kengashida savdo bo‘limi boshlig‘i va boshqa vazifalarda xizmat qildi. 1925-1930 yillarda O‘zSSR Savdo xalq komissarligining huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi edi. 1928 yilda O‘zSSR Xalq komissarlari kengashininghuquqiy komissiyasi maslahatchisi etib tayinlandi. 1928 yildan Samarqand shahar huquqiy maslahatchilar kengashining raisi ham edi.

1930 yilda O‘zSSR rasmiy idoralari Toshkent shahriga ko‘chirilgach, Samarqandda qolib, bu yerdagi institutlarda ingliz va nemis tillaridan dars bera boshladi.

Ivan Vasilevich 1933 yildan boshlab O‘zbekiston davlat universitetida (hozirgi SamDU) nemis tilidan fizika-matematika fakulteti talabalariga dars o‘tdi. Uning kasbdoshlari bilan bo‘lgan suhbatlarida aytgan fikrlari I.Blokning nafaqat nemis va ingliz tillarini puxta bilishi, balki jamiyatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni ham chuqur tahlil qilish qobiliyatiga ega ekanligini ko‘rsatardi. Albatta, o‘z fikrlarini bunday erkin bayon etadigan kishilar NKVD e’tiboridan chetda qolishi mumkin emasdi. Shu sababli 1929 yildan boshlab (balki undan ham oldinroq) muntazam ravishda NKVD xufyalari uning qadamini kuzatishgani quyidagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdi.

Moskvaliklaqabli NKVD xufiyasi bergan xabarlardan:

1929 yil 13 dekabr: O‘zSSR Savdo xalq komissarligi maslahatchisi Ivan Vasilevich Blok u bilan 13/XIIda bo‘lgan suhbatda mamlakat boshidan kechirayotgan oziq-ovqat taqchilligi haqida shunday dedi: Ishning bu taxlitda yo‘lga qo‘yilishi, hukumatning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari va olib borayotgan siyosati oziq-ovqat bozorida shunday vaziyatning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Kelgusi yili Ittifoq bo‘yicha oziq-ovqat masalasi bundan-da og‘ir kechadi va murakkablashadi”.

1930 yil 4 aprel:I.V.Blok qishloq joylarida go‘sht mahsulotlarini tayyorlashni oshirish uchun Davlat banki zudlik bilan matlubot idoralarini moliyalashtirishi, mablag‘ bilan ta’minlashni kuchaytirishi lozim. Pulga odamlardan mol sotib olib, ularni chorvani ko‘paytirishga rag‘batlantirish kerak. Go‘sht zaxiralarini oshirishning asosiy manbai shudir, dedi”.

“...Rasmiy tadqiqotlar tugab, xulosalar umumlashtirilgach, Blok hozirgi paytda hukumat olib borayotgan siyosat hech qanday ijobiy natija bermaydi (odamlardan chorva mollarining majburan olinishimuallif). Masalaning bunday qo‘yilishi qishloqdagi xonadonlar ixtiyoridagi chorva mollari so‘yib yuborilishiga, oqibatda oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi, degan fikrni aytdi”.

1930 yil 18 aprel: “Blok (suhbat chog‘ida) hozir o‘tkazilayotgan kollektivlashtirish majburan amalga oshirilayotir. Uning ham katta qismi faqat qog‘ozda bajarilmoqda. Tuzilayotgan kolxozlarga asosan qashshoq, hech narsasi yo‘q dehqonlar qorin to‘ydirish niyatida a’zo bo‘lishayotir. Bunday jamoa xo‘jaligiga kirgan o‘rtahol dehqonlar sanoqli. Ular ham yakka xo‘jaliklarga o‘tkazilayotgan tazyiq natijasida shunga majbur bo‘lishmoqda. Dehqon xo‘jaliklariga bunday munosabat yaxshilik bilan tugamaydi. Bu shahar bilan qishloq o‘rtasidagi munosabatni yanada keskinlashtiradi. Chorva mollarini ommaviy ravishda so‘yilib ketishiga, oqibatda shaharlarda ochlik yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi, dedi”.

“Bo‘ydoq” laqabli NKVD xufyasi bergan ma’lumotdan:

1936 yil 20 noyabr: “O‘zDUda (hozirgi SamDU) nemis millatiga mansub I.V.Blok ismli kishi ingliz tilidan dars beradi. O‘tgan yili darslarning birida Blok talabalarga Germaniyani maqtab gapirgan... O‘qituvchi Blok Germaniya madaniyatini juda ko‘klarga ko‘targan. SSSRdagi mavjud tartiblarni kamsitgan. Talaba Suldin bu haqda fizika-matematika fakulteti dekani R.Malinga aytganda u “Talabalarning o‘qituvchi haqida bunday gaplarni tarqatishi ularning madaniyatsizligidan kelib chiqadi, degan”.

Uchqunlaqabli xufya bergan ma’lumotdan:

1936 yil 7 dekabr: “...Sovet fabrikalarida tayyorlanayotgan sifatsiz shoyi, satin kabi gazlamalarni mahsulot emas, qandaydir anglashilmovchilik, desak to‘g‘ri bo‘ladi, dedi Blok”.

To‘rtinchi kurs talabalariga dars o‘tayotgan paytda shunday gaplarni aytgan edi: “Agar Germaniyada kimdir sigareta chekib ko‘chaga yoki xiyobonga tashlasa, jarimaga tortiladi”... U Germaniyadagi har bir sohadagi tartib va aniqlikni Sovet ittifoqidagi ahvolga taqqoslashga intiladi”.

“...Fakultet komsomol tashkiloti kotibi Buzrukov bunday hollar haqida fakultet rahbarlari Malin va Mo‘minovga aytganda, ular talabaga tanbeh berib, yoshikatta ilmiy xodim haqida bunday gaplarni aytish noo‘rin, deyishgan”.

“Bo‘ydoq” laqabli xufya bergan ma’lumotdan:

1937 yil 25 mart: “Blok darslarda qirq foiz vaqtini har xil hazil latifalarni aytishga bag‘ishlaydi... U talabalarga ingliz, nemischa maqollar orqali tilni o‘rgatishga urinadi. Manba (ya’ni, o‘zini aytmoqchi - muallif) talabalarning daftarlarida ingliz, nemischa o‘nlab maqol, topishmoqlarni ko‘rdi...”.

O‘zSSR Ichki ishlar vazirligida Respublika NKVDsi rahbari Derenik Apresyan boshchiligida 1938 yil 18 fevralda tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. NKVDning viloyat boshqarmalari boshliqlari ishtirokidagi ushbu yig‘ilish yopiq tarzda uyushtirildi. Unda bir masala, ya’nixalq dushmani”, “chet el josusitamg‘asi bilan hibsga olinganlar, ularni tergov qilish, nega bunday ayb qo‘yilib qamalganlar soni kamligi muhokama qilingandi.

O‘zSSR NKVDsi rahbari D.Apresyanning bu yig‘ilishdagi chiqishidan ayrim parchalar:

“...Bizga ma’lum toifadagi kishilarni hibsga olish, qamash uchun keng imkoniyatlar yaratilgan... ...Samarqandda yashayotgan greklar, latishlar, polyaklar, nemislar kammi? Biz ulardan nechtasini qamaganmiz?..

...Hibsga olinganlarga qattiqroq bosim o‘tkazish lozim. Agar ularga bu yerdan chiqib ketish imkoni yo‘qligini bildirsak, tergovni yanada izchil olib borsak, o‘zlarining aksilinqilobiy-qo‘poruvchilik, josuslik faoliyati haqida gapirishga majbur ekanligini sezishiga, ishimizda muvaffaqiyatlar hozirgidan ko‘ra ko‘proq bo‘lishiga aminman...”.

Yig‘ilishdan so‘ngxalq dushmani”, “aksilinqilobchitamg‘asi bilan hibsga olingan o‘zbeklar qatori bundan 15-20 yil ilgari Samarqandga kelib, turg‘un bo‘lib qolgan nemis, polyak, grek, uyg‘ur va boshqa millat vakillari ham “chet el josusisifatida qamoqqa tiqila boshlandi. Ilgaridan doimiy ravishda NKVD kuzatuvida yurgan SamDU dotsenti I.Blok ham ularning sa’y-harakati bilan shunday kishilardan biriga aylandi.

Uni 1938 yil 31 martda hibsga olishdi. I.Blok NKVDning Samarqand sektori tomonidan olib borilgan so‘roqlardan shuni angladiki, uni Germaniya foydasiga ishlovchi josus sifatida ayblashayotgan ekan. So‘roqlar 1939 yil sentyabr oyiga qadar davom etdi. Ular qay darajada kechganini I.Blokning 1939 yil 4 iyulda bergan ko‘rsatmalaridan ham bilsa bo‘ladi: “1938 yil 9 aprelda Samarqand viloyati davlat xavfsizlik boshqarmasida o‘tkazilgan so‘roqda bergan javoblarim butunlay noto‘g‘ri. Chunki bu so‘roq dalolatnomalarini Smirnov va Smolnikov degan tergovchilarning jismoniy tazyiqlari ostida imzolaganman. Men Germaniya foydasiga josuslik qilgan, deb ko‘rsatgan kishilar aslida mavjud emas. Ularning ismi-sharifini o‘zim to‘qiganman”.

Samarqand militsiyasining fuqarolar turarjoy manzillari haqida ma’lumot beruvchi byurosinin gdalolatnomasidan:Mustaxanov, Niyozov, Sommervill, Rozenberg, Fridolin va ro‘yxatda keltirilgan boshqa kishilar ko‘rsatilgan manzillarda hech qachon turishmagan. Ular umuman Samarqandda yashagan emaslar”.

I.Blokning ko‘rsatmalaridan: “...Ba’zi bir hamkasblarim haqida yolg‘on ko‘rsatma berishga meni viloyat davlat xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Smirnov urib, majbur qildi. U boshqa NKVD xodimlari bilan meni ikki kecha-kunduz tik oyoqda ushlab, tinimsiz jismoniy tazyiq o‘tkazar edi. Shuningdek, Smolnikov ham so‘roqlarda muntazam ravishda qo‘lini ishga solardi... Tinimsiz berilgan jismoniy azoblar tufayli qilmagan ishimni qildim, deb tan olishga va hamkasblarimga nisbatan tuhmat gaplarni aytishga majbur edim... Bu odamlar bilan yuzlashtirish davomida guyoki ayblarimni tan olganim haqida tuzilgan barcha dalolatnomalar tergovchilar tomonidan yozilib, tazyiqlar ostida menga imzolatilgan...”.

Keyin tergovchi Boybekov ham bu ishga qo‘shildi. U Smirnov va Smolnikov kabi I.Blokdan “Germaniya josusiekanligini tan olishni, o‘zining hamkorlari ro‘yxatini yanada kengaytirishni talab qilardi. NKVD xodimlari tomonidan Blokka nisbatan to‘qilgan“ jinoiy ishbutunlay asossiz ekanligi, unga tazyiqlar, jismoniy azoblashlar orqali qo‘l qo‘ydirilgan so‘roq dalolatnomalari, u yerda keltirilgan ism-shariflar hech qachon Samarqandda yashamaganligi, soxtaligi ko‘rinib tursa-da, bu haqda yozgan shikoyatlari e’tiborsiz qoldirildi.

Xotini Nina Nikonorovna erining aybsizligini, tuhmatga qolganini bayon qilib, yuqori tashkilotlarga shikoyatlar yozdi. Bu hol NKVDchilarning g‘azabini qo‘zg‘ardi, albatta. Tergovchi Smolnikov shu darajaga bordiki, uni hovlisidan haydab chiqarib, o‘zi kirib oldi. Smirnov, Smolnikov, Boybekov kabi NKVD xodimlari SamDU talabalariga rus tilidan dars beradigan Nina Nikonorovna Blokni ham “Germaniya josusining xotini”, erining faoliyatini yashirgan, unga ko‘maklashgan, degan ayblar bilan hibsga oldilar. Ayolning boshiga eriniki kabi sitamlar tushdi.

Lekin Ivan Vasilevich Blok o‘zining va ayolining gunohsizligini bildirish, isbotlash uchun ko‘ pintildi. SSSR, O‘zSSR prokurori nomiga shikoyat arizalari yo‘lladi.

1939 yilda NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari Smirnov va Smolnikovning tergovlarni olib borish jarayonida katta xatolarga yo‘l qo‘yganligi, ba’zi jinoiy ishlarni soxtalashtirgani fosh bo‘lib, hibsga olindi. Ular tergov olib borgan ko‘plab jinoiy ishlar qayta ko‘rildi. Lekin I.Blokning arizalari e’tiborsiz qolayotgan edi. Davlat xavfsizlik xizmati arxivida saqlanayotgan, 88 yil avval ochilgan bujinoiy ishsahifalarini varaqlar ekanman, bir hol diqqatimni tortdi. Uning tekshirib, xulosa berish uchun Samarqandga yuborilgan ikkita arizasi ham bir kishining, ya’ni Blokni tergov qilishda qatnashgan o‘sha Boybekovning qo‘liga tushyapti. 1939 yil 19 sentyabrda Boybekov NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasida katta tergovchi sifatida Blokning ishi bo‘yichaaybini yengillashtiruvchi holatlar yo‘q”, deya xulosa beryapti. Oradan bir yil o‘tib, endi viloyat prokurorining maxsus ishlar bo‘yicha yordamchisi bo‘lib xizmat qilayotgan o‘sha Boybekov I.Blokning SSSR prokuraturasidan yuborilgan arizasiga ham salbiy fikr bildiradi. Axir uning o‘zi SamDUning bu o‘qituvchilari boshiga tushgan ko‘rguliklarning sababchilaridan biri bo‘lsa, yana qanday xulosa berishi mumkin edi? Agar I.Blok tazyiqlar ostida bu dalolatnomalarni imzolaganini ko‘rsatsa, NKVD tergovchilari Smirnov va Smolnikov kabi javobgarlikka tortilishi turgan gap bo‘lardi.

SamDUning 27 nafar professor-o‘qituvchilari, talabalarning I.Blokni yoqlab yozgan murojaatlari ham e’tiborsiz qoldi. Hatto ulardan birortasi na NKVDga, na prokuraturaga chaqirilib gaplashilmagan. Oxir-oqibat I.Blok “Germaniya josusisifatida 10 yil muddatga konslagerga qamoq jazosiga hukm qilindi...

Arxiv hujjatlarida ularning keyingi taqdiri haqida hech qanday ma’lumot topilmadi. Faqat 1990 yil 10 fevralda Turkiston harbiy prokuraturasiuning ishini qayta ko‘rib, aybsizligi uchun harakatdan to‘xtatganligi haqidagi dalolatnoma saqlanib qolgan.

Muzaffar Muqimov,

SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.