“Katta terror”da qatag‘on qilingan Samarqand jadidlari

Samarqandda ko‘plab jadidlar avlodlari maydonga kelib, ular vatan ozodligi, mustaqilligi yo‘lida qahramonona kurash jabhalarida qurbon bo‘lgan.
Quyida 1937-1938 yillardagi “katta terror” siyosatida qatag‘on qilingan samarqandliklarni esga olib o‘tishni lozim ko‘rdik.
Salohiddin Sulaymonov 1888 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahridan, sobiq savdogar, aksilinqilobiy «Milliy ittihod» tashkiloti a’zosi, bosmachilik ishtirokchisi. 1923 yili Afg‘onistonga qochib ketgan, 1933 yili qaytib kelgan, aksilinqilobiy faoliyati uchun javobgarlikka tortilgan. Aholi orasida ocharchilik to‘g‘risida mish-mishlar tarqatganlikda, monarxik tuzumni maqtaganlikda ayblangan. 5770-sonli ish bo‘yicha Salohiddin Sulaymonov 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazo muddati 1937 yil 12 sentyabrdan hisoblangan.
Qori Zikr Hamidboyev 1870 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahridan, sobiq savdogar, 1923 yili aksilinqilobiy faoliyati uchun 2 yil qamoqqa hukm etilgan, aksilinqilobiy «Milliy ittihod» tashkilotining a’zosi, VKP(b)ning sobiq a’zosi, 1933 yili partiyadan o‘chirilgan, bosmachilik ko‘makchisi, hibsga olingan vaqtda aniq mashg‘uloti bo‘lmagan. Aholi orasida partiya va hukumat tadbirlariga qarshi qaratilgan aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblangan. 1379-sonli ish bo‘yicha Qori Zikr Hamidboyev 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazo muddati 1937 yil 19 avgustdan hisoblangan.
Mirza Xol Karimov 1891 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahridan, sobiq savdogar, 1920 yili VKP(b) safidan chiqarilgan, aksilinqilobiy «Milliy ittihod» tashkilotining a’zosi, terrorchilar guruhiga kirgan, ijroqo‘m raisini o‘ldirishda ishtirok etgan, hibsga olingan vaqtda ombor mudiri bo‘lgan. Aholi orasida aksilinqilobiy millatchilik targ‘iboti olib borganlikda ayblangan. 5765-sonli ish bo‘yicha Mirza Xol Karimov otuvga hukm qilingan.
Majid Zokiriy ‒ 1897 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkilotning faol a’zosi, «18 lar guruhi» ishtirokchisi ekanligi uchun 1934 yili VKP(b) safidan chiqarilgan, qamoqqa olinishi vaqtida Urgut rayoni maorif bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.
Zokiriy «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkiloti Samarqand filiali rahbarlaridan biri kolxozchilar orasida doimiy ravishda aksilinqilobiy trotskiycha targ‘ibot olib borganlikda, kolxozlarda ocharchilik to‘g‘risida aksilinqilobiy ig‘vogarlik, tuhmat qilganlikda, aksilinqilobiy trotskiychilarning otilishiga hamdardlik bildirganlikda ayblanib, shaxsiy mulklari musodara etilib, o‘zi otuvga hukm qilingan.
Hazratqul Rahmonqulov O‘zSSR IIXK (Ichki ishlar xalq komissarligi) Samarqand sektorining 1417-ishi bo‘yicha ayblangan. U 1889 yili Jomboy rayoni Jomboy qishlog‘ida tug‘ilgan, ruhoniy, domlaning o‘g‘li, fosh qilinmay qolgan quloq, aksilinqilobiy «Milliy ittihod» tashkilotining Samarqanddagi tashkilotchisi, rahbari O‘rinxo‘jayev (Mirzaxo‘ja – R.Sh.) avvalda bosmachilar to‘dasida bo‘lganning yaqin do‘sti, hibsga olingan paytda kolxoz a’zosi bo‘lgan.
Aksilinqilobiy tashkilot topshirig‘i bilan ko‘ngilli otryadga qo‘shilganlikda, bu yerda 6 jangchi va ular bilan birga bosmachilar to‘dasi bilan birga qochib ketganlikda, kolxozchilar orasida doimiy ravishda aksilinqilobiy, millatchilik targ‘ibotini olib borganlikda, milliy adovatni kuchaytirganlikda ayblanib 8 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, muddat 1937 yil 18 avgustdan hisoblangan.
Rustambek Shamsutdinov,
tarix fanlari doktori, professor, Markaziy Osiyo fan, madaniyat va san’at akademiyasi akademigi.
(Davomi bor).