NKVD ta’qibi ostida...

QAROR

(hibsga olish chorasini qo‘llash haqida)

1938 yil 27 fevral, Samarqand shahri

Men, O‘zSSR NKVDning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i, Davlat xavfsizligi xizmati katta leytenanti Bulatov, qo‘limda bo‘lgan Qo‘chqorov, Muhammadqulov, Abdurashitov, Shirdonayev va boshqalarni ayblash bo‘yicha 11432-jinoiy ishni ko‘rib chiqdim. To‘plangan materiallardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasining sobiq muharriri, hozirgi paytda Toshkent radio tarmog‘ida ishlayotgan Sayfulla Kamolov ham Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Aksilinqilobiy millatchilar” guruhining faol a’zolaridan bo‘lgan. U 1907 yilda Surxondaryo viloyati Sherobod tumani, Zarabak qishlog‘ida tug‘ilgan. S.Kamolov “Aksilinqilobiy millatchilar” guruhi topshirig‘i bilan qo‘zg‘olonchilar otryadlarini shakllantirish, qishloq xo‘jaligida zararkunandalik bilan shug‘ullanish, odamlarda sovet hukumatiga nisbatan norozilik tug‘dirish kabi ishlar bilan shug‘ullangan. O‘zSSR Jinoyat kodeksining 67-58-moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan.

QAROR QILDIM:

Kamolov Sayfulla hibsga olinsin va O‘zSSR Jinoyat kodeksining 67-58-moddalari bilan javobgarlikka tortilsin. U O‘zSSR NKVDsi tergov sektorining hibsxonasiga joylashtirilsin.

NKVD Kattaqo‘rg‘on tuman

bo‘limi boshlig‘i, Davlat

xavfsizligi katta leytenanti                            /Bulatov/

 

“Roziman”  O‘zSSR NKVDsi tergov sektori boshlig‘i yordamchisi, Davlat xavfsizligi katta leytenanti                            /Smirnov/

Ana shu Bulatov 1938 yil 18 martda uni endi O‘zSSR JKning 57-moddasi 1-qismi, 67-58-moddalari bilan ayblab, javobgarlikka tortish haqida qaror chiqaryapti.

Birinchi marta S.Kamolov 1938 yil 5 martda so‘roq qilinadi. Bu so‘roqda u “Gazeta muharriri bo‘lib ishlagan davringizda tumanda kimlar bilan munosabatda bo‘lgansiz?”, degan savolga “Xizmat yuzasidan raykom kotiblari, rayijroqo‘m rahbariyati va boshqa o‘nlab tashkilotlar, kolxoz, sovxoz rahbarlari bilan uchrashib turgan”ligini aytadi. “O‘zingizning aksilinqilobiy faoliyatingiz haqida ham gapirib bering”, degan savolga “Men hech qachon aksilinqilobiy faoliyat bilan shug‘ullanmaganman”, deya javob beradi.

Lekin 1938 yil 14 martda o‘tkazilgan tergovda esa negadir o‘zining aksilinqilobiy guruh a’zosi ekanligini tan ola boshlaydi. Orada o‘tgan 9-10 kun ichida qanchalik jismoniy va ruhiy azoblarga duch qilinganini uning javoblaridan ham bilsa bo‘ladi. Qolaversa, bunday so‘roq protokollari tergovchilar tomonidan avvaldan tayyorlanib, ularga imzo chektirishga hibsga olinganlarga jismoniy azob berish – avval kaltaklab, keyin bir necha kecha-kunduz davomida tik oyoqda turishga majburlash orqali erishilgani ma’lum. Chunki 1956-1957 yillarda o‘tkazilgan qayta tekshirishlar davomida yuzlab kishilar aynan shunday guvohlik berishgan. Bunday dahshatlarni boshidan kechirgan ko‘plab odamlar tuhmatu yolg‘onlardan iborat “so‘roq dalolatnomalari”ga qo‘l qo‘yib berishga majbur bo‘lishardi. Sayfulla Kamolovning boshiga ham aynan shunday kunlarni solishgan.

Tergov olib borgan Bulatov va Sayfulla Kamolov o‘rtasidagi savol-javobga e’tibor bering:

Savol: - Siz aksilinqilobiy-millatchilik guruhi rahbari Muhammadqulov (u Kattaqo‘rg‘on tumani partiya qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lgan) topshirig‘i bilan qishloq xo‘jaligi sohasida qanday buzg‘unchilik va zararkunandalik ishlarini olib borgansiz? Aholi o‘rtasida sovet hukumatidan norozilik kayfiyatini shakllantirish uchun nimalar qilgansiz?

Javob: - 1936 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi aksilinqilobiy-millatchilik guruhi rahbari topshirig‘i bilan paxta yig‘im-terim paytida “O‘zbekiston besh yilligi” va “Oktyabrning 13 yilligi” kolxozlarida vakil sifatida bo‘lib, ularga ho‘l va hali pishib yetilmagan paxtani terib topshirishga ko‘rsatma berdim. Sifatsiz paxta tayyorlov punktlariga topshirilar edi. Xuddi ana shunday  zararkunandalik ishlarini g‘alla o‘rim-yig‘imi paytida ham olib bordim...

Bundan tashqari, aholini non va boshqa yegulik narsalar bilan ta’minlashda uzilishlar paydo bo‘lganda, men odamlarga sovet davlatida non ham, turli oziq-ovqat mahsulotlari ham ko‘p. Lekin Moskva uni bizga berdirmayotir, deb tashviq qildim. Asosiy maqsad kishilar ko‘nglida sovet tuzumiga qarshi dushmanlik kayfiyatini uyg‘otish edi...

Xullas, Sayfulla Kamolov bunday javoblar bilan tergovchilarni ahmoq qilgan yoki uni qiynoqlar ostida shu darajaga olib kelishganki, har qanday qog‘ozga imzo chekishga tayyor bo‘lgan.

Axir NKVDning har bir qishloqda bir-ikkita xufyasi ish olib borgan o‘sha yillarda S.Kamolov bunday gapning uchini chiqargan kuniyoq uning oyog‘ini yerga tekkizmay olib ketishmasmidi?

Endi yana tergov hujjatlariga qaytaylik.

Savol: - Ayting-chi, “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi tahririyatida qanday aksilinqilobiy buzg‘unchilik ishlarini amalga oshirgansiz?

Javob: - Men tuman gazetasining muharriri bo‘lib ishlagan paytimda Kattaqo‘rg‘ondagi aksilinqilobiy-millatchilar guruhi rahbariyati topshirig‘i bilan tahririyatga partiya a’zolari tomonidan yozilgan va jamoa xo‘jaliklaridagi zararkunandaliklar haqida xabar beruvchi ko‘plab maqolalarni chop ettirmadim. Ular aksilinqilobiy-millatchilar guruhi a’zosi bo‘lgan tahririyat xodimlari Qobil Uzoqov va Umar Rahimov tomonidan yo‘q qilinardi.

Gazetada asosan odamlarning e’tiborini tortmaydigan, ko‘zbo‘yash uchun beriladigan, birinchi kotib Muhammadqulov va ijroqo‘m raisi Qo‘chqorovga yoqadigan, ular maqtalgan maqolalar chop etilardi.

Savol: - Siz o‘zingiz aksilinqilobchilar tashkilotiga kimlarni jalb qilgansiz?

Javob: - Uzoqov Qobil gazetaning mas’ul kotibi bo‘lib ishlardi. Uning millatchilik ruhidagi qarashlari menga ma’lum edi. 1936 yil aprel oyi edi. Uning xonadonida o‘tirganimizda Kattaqo‘rg‘onda aksilinqilobiy-millatchilik tashkiloti mavjudligini, unga Muhammadqulov rahbarlik qilishini aytib, a’zo bo‘lishni taklif qildim. Rozi bo‘ldi. Keyin “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” xodimlari Toir Karimov, Umar Rahimovlarni ham shu tariqa bu ishga tortdim. Ular ham tashkilot a’zosi bo‘lishdi.

Kattaqo‘rg‘on tuman partiya qo‘mitasi birinchi kotibi bir necha oy davomida NKVD yerto‘lalarida barcha qiyinchiliklarni ko‘rgan (ayrim u bilan yuzlashtirilgan kishilarning keyinchalik bergan guvohliklariga qaraganda u zo‘rg‘a gapirgan va yuz-ko‘zlari shishib ketgan holda bo‘lgan).

T.Muhammadqulovning 1938 yil 3 yanvardagi so‘roqda bergan javoblaridan: “Rayon partiya qo‘mitasi tomonidan joylarga vakil qilib yuborilgan kishilar – Qo‘chqorov, Jdanov, Nasrullayev, Egamberdiyev, Isayev, Kamolov, Uzoqov, Mo‘minov va boshqalarga paxta yig‘im-terim paytida kolxozlarda bu boradagi ishlarni izdan chiqarish, iloji boricha ko‘proq zararkunandalik bilan shug‘ullanish, davlatga sifatsiz va ho‘l paxta topshirish haqida buyruq berganman”.

Nomlari keltirilgan odamlarga bunday ko‘rsatma berilishining o‘zi aqlga sig‘maydigan gap. Axir ular tumanning yuqori lavozimli kishilari – biri raykomning ikkinchi kotibi, boshqasi rayijroqo‘m raisi, bank boshqaruvchisi, gazeta muharriri, maktab direktori kabilar edi. Bunday gapni so‘roqda T.Muhammadqulov aytmaganligi aniq. Unga tayyor so‘roq protokollariga majburlab qo‘l qo‘ydirishgan.

Oradan ko‘p o‘tmay ana shunday yolg‘on-yashiq ayblovlar bilan “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasining xodimlari Tohir Karimov, Umar Rahimov hibsga olindi. Gazetaning mas’ul kotibi Qobil Uzoqov Namangan shahriga ketib qolgani uchun unga oid materiallar o‘sha yerning NKVDsiga jo‘natildi. Bundan tashqari, gazeta xodimi bo‘lgan Muqim Elmurodov, Kattaqo‘rg‘on pedagogika texnikumining sobiq talabasi, 1938 yilda O‘zDUda (hozirgi SamDUda) tahsil olayotgan Burxon Tursunovning nomi ham tergov materiallarida paydo bo‘la boshladi. Lekin qandaydir tasodif bilan ular NKVD ta’qibidan omon qoldilar.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Aksilinqilobiy millatchilar” guruhi rahbarlari va a’zolari deb jami 60 kishi NKVD tomonidan hibsga olingan bo‘lsa, 1938 yil 4-15 oktyabr kunlari oralig‘ida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining brigada harbiy yuristi Alekseyev raisligida Toshkentda o‘tgan sayyor sessiyasida ularning 9 nafari otishga hukm qilindi. Bular tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi T.Muhammadqulov, ikkinchi kotibi G.Jdanov, rayijroqo‘m raisi N.Qo‘chqorov, “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi muharriri S.Kamolov, tuman partiya qo‘mitasi umumiy bo‘limi mudiri A.Uteshev, tuman partiya qo‘mitasi yo‘riqchisi U.Abdurashitov, tuman komsomol qo‘mitasi birinchi kotibi Ya.Egamberdiyev, Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi raisi D.Mo‘minov, Qishloq xo‘jalik bankining Kattaqo‘rg‘on bo‘limi boshqaruvchisi A.Nasrullayev edi.

Tuman rahbar tashkilotlari boshliqlaridan faqat ikki kishi – yer-suv bo‘limi boshlig‘i Olmos Jumanov va Davlat banki tuman bo‘limi rahbari Rahmonberdi Egamberdiyev otuvdan omon qoldi. Bu ikkalasi qanchalik qiynoqlarni boshidan o‘tkazmasin, hech qanday “aksilinqilobiy” tashkilotga a’zo bo‘lmaganmiz, degan gapda sobit turishdi. Ularning har biriga o‘n yildan qamoq jazosini berishdi. Olmos Jumanov 1942 yilda Magadan qamoqxonalaridan birida halok bo‘ldi. Rahmonberdi Egamberdiyev 20 yil olis shimolda qamoq va surgun azoblarini tortib, 1957 yilda ozodlikka chiqdi.

“Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasining hibsga olingan Toir Karimov, Rahim Umarov kabi xodimlarining taqdiri qanday kechdi? Toir Karimovning 1957 yil 25 martda bu ish bo‘yicha qayta tekshirish o‘tkazgan Davlat xavfsizligi qo‘mitasining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi katta tergovchisi mayor Bobilev savollariga javoblaridan parchalar:

“1938 yilda “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasida ommaviy ishlar bo‘limi mudiri bo‘lib xizmat qilardim. Gazeta muharriri, sherobodlik Sayfulla Kamolov degan kishi edi. 1938 yil may oyida xonadonimga Qattaqo‘rg‘on tumani NKVDsi xodimlari kelib, meni hibsga olishdi va Kattaqo‘rg‘on qamoqxonasiga olib kelishdi. U yerda 2-3 kun saqlashganidan keyin birinchi marta so‘roqqa chaqirishdi. Meni allaqanday “aksilinqilobiy tashkilot a’zosi” bo‘lganlikda ayblashayotgan ekan.

Ilk so‘roqlarda bunday ayblarni qat’iyan rad etdim. Shundan keyin ular kishini holdan toydiruvchi usullarni qo‘llay boshlashdi. Bir necha kun davomida tergovchilar almashib, tinimsiz so‘roq qilishar, ovqat berishmas, uxlashga qo‘yishmas, urib-tepishar edi. Faqat ozgina suv tutqazishardi. Shu qadar holdan toydimki, hatto gapirishga ham kuchim qolmadi. Shundan keyin bu azoblardan qutulish uchun tergovchiga “nima deb yozsanglar yozinglar, qo‘l qo‘yib beraman”, dedim. Shu tariqa o‘zimning “aksilinqilobiy tashkilot a’zosi” ekanligimni tan oldim.

So‘roq dalolatnomasida meni bu tashkilotga muharririmiz Sayfulla Kamolov tortganligi, “aksilinqilobchilar” yig‘ilishida qatnashganligim, go‘yoki 1936-1937 yillarda kolxozlarda paxta yetishtirish rejalarini barbod qilish uchun zararkunandachilik ishlarini olib borganligim yozilgan edi. Shuningdek, sovetlarga nisbatan qurolli qarshilik harakatini uyushtirishda qatnashganligim ham qo‘shimcha qilingandi. Men bularning birorta gapi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rib-bilib tursam ham unga imzo qo‘yaverdim. Men bilan birga shu ish bo‘yicha rayon partiya qo‘mitasi xodimlari Ortiq Toirov, To‘xtaniyoz Ergashev, tuman ijroiya qo‘mitasi mas’ul kotibi Egamberdi Sherov, tuman savdo bo‘limi boshlig‘i Zufar Sodiqov ham jinoiy javobgarlikka tortildi. Ularni ham menga va Rahimovga o‘xshab o‘zlariga o‘zlari tuhmat qilishga majbur etishgan. Meni S.Kamolov, U.Rahimov, O.Toirov bilan yuzlashtirishdi. Ular yerga qarab  mening “aksilinqilobiy guruh” a’zosi ekanligimni tasdiqlashdi. Tuman NKVD bo‘limi boshlig‘i Bulatov, uning o‘rinbosari Pilev deganlar bizni bir-birimiz bilan o‘zbekcha gapirtirishga qo‘yishmas, rus tilini chala bilsak-da, shu tilda gapirishga majburlashardi.

Samarqand viloyat sudi maxsus kollegiyasi bizning tuhmatga qolganimiz haqida aytgan so‘zlarimizni inobatga olmay, har birimizni 25 yil qamoq jazosiga hukm qildi. Bu 1938 yilning oktyabr oyi edi. Shundan keyin jazoni o‘tash uchun Rossiyadagi qamoqxonalardan biriga yuborildim. U yerda bir yarim yildan ortiq bo‘ldim. Keyin O‘zSSR Oliy Sudi bizning ishimizni qayta tergovga yuborganligi haqida xabar keldi. Faqat 1940 yil iyun oyida bu ish yana sudda ko‘rilib, barchamiz butunlay oqlandik”.

Shundan keyin Toir Karimov yana ko‘p yillar Kattaqo‘rg‘on tuman va viloyat gazetalarida mehnat qildi.

Davlat banki Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i Rahmonberdi Egamberdiyevning 1956 yil mart-oktyabr oylarida uning ishi bo‘yicha o‘tkazilgan qayta tekshiruvda qo‘yilgan savollarga bergan javoblaridan: “1937 yil 30 dekabr kuni meni NKVDning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i Bulatov o‘z ishxonasiga chaqirib, qamoqqa olinishim haqidagi orderni ko‘rsatdi. Shundan keyin kechqurun meni tuman partiya qo‘mitasi byuro majlisiga olib kelishdi. NKVDning bo‘lim boshlig‘i mening xalq dushmani sifatida hibsga olinganimni aytib, partiyadan o‘chirishni taklif qildi. Bu paytda tuman partiya qo‘mitasi kotibi bo‘lib ishlayotgan Bukreyev taklifni darhol qo‘llab-quvvatlab ovozga qo‘ydi. Shu kungi byuro majlisida 8 kishi partiyadan o‘chirildi. Hammamizni Samarqanddagi NKVD hibsxonasiga olib ketishdi.

Bu yerda 30 kishi o‘tirgan bir xonaga olib kelishdi. U binoning yerto‘lasida joylashgan edi. O‘n besh kundan keyin NKVDning Kattaqo‘rg‘on bo‘limi tergovchisi meni so‘roq qila boshladi. Qandaydir “aksilinqilobiy guruh a’zosi” bo‘lganligimda ayblashar edi. Burchakka tik turg‘azib qo‘yib so‘roq qilishdi. Men prokurorni chaqirishlarini talab qildim. Bir xonaga olib borishdi. Men bu odamni prokuror deb o‘ylab, nohaqdan jabrlashayotgani haqida shikoyat qila boshladim. U yonimga kelib, jag‘imga musht tushirdi. Endi shikoyat qilmaysanmi, deb so‘radi. Keyin bilsam, u NKVDning Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Kalmikov ekan. Xullas, bu voqeadan keyin battar azoblay boshladilar. Men hech narsani tan olmas edim. Yerto‘ladagi ichi tizzagacha keladigan suv solingan xonaga olib kelib yechintirishdi. Yalang‘och holimda shu xonaga sakkiz soat qo‘yib qo‘yishdi. Bu yerda qattiq shamollab, ikki oy qamoqxona kasalxonasida yotib qoldim. Keyin yana jismoniy azoblar, holdan toydiradigan so‘roqlar davom etdi. Ba’zan aqldan ozib qolamanmi, deb cho‘chirdim. Lekin chidadim. Mayli, o‘ldirsalar ham bu tuhmatlarni tan olmaslikka qaror qildim.

Men ularni laqillatishga intilib “kimlarni aksilinqilobiy guruh safiga tortganlaringni yozib ko‘rsat” degan buyrug‘ini bajarish uchun xonada ko‘zim tushgan narsalardan familiya to‘qib yozardim. Tagiga o‘zbekcha “Tuhmat” deb imzo qo‘yardim.

Rayonda bunday odamlarni topolmadik, deb yana urishardi. 1938 yil 15 oktyabrda Toshkentga olib borishdi. Ahvolim shu darajada ediki, savollarni ham, ularga bergan javobimni ham angamasdim. Harbiy tribunal kollegiyasi a’zolari oldida hushimdan ketib yiqilibman. Shu ahvolda qancha yotganimni bilmayman. Bir necha kundan keyin menga o‘n yil qamoq jazosini berib, ozod bo‘lganimdan so‘ng besh yilga barcha huquqlardan mahrum qilinishimni aytishdi. O‘n yil qamoq muddatini Rossiyaning Olis shimolidagi qamoqxonalarda o‘tadim. 1947 yil oxirida yana o‘n yilga Kolimaga surgun qilinishimni, Davlat xavfsizligi vazirligi kollegiyasi qarori shunday ekanligini aytishdi. Shundan buyon Yakutiya ASSRning Oymiyakon qo‘rg‘onidaman. Oliy ma’lumotli iqtisodchi bo‘lganim uchun o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishlayapman”.

Rahmonberdi Egamberdiyev ishi 1957 yil aprelda SSSR Oliy sudining harbiy kollegiyasida qayta ko‘rilib, uning bo‘yniga majburan taqalgan barcha ayblovlar asossiz, deb topildi. U to‘la oqlandi. Yigirma yillik umri olis shimolning izg‘irinlarida sovrilgan bu insonga oxirgi ikki oylik maoshi miqdorida “tovon puli” to‘lash haqida qaror qabul qilingan edi...

1957-1958 yillar davomida Kattaqo‘rg‘ondagi “aksilinqilobiy guruh” a’zosi deb javobgarlikka tortilgan barcha kishilar ishi qayta ko‘rilib, ular aybsiz, deb topildi. To‘qqiz nafar otuvga hukm qilinganlar ham. Bu haqdagi xabar barchasining tirik bo‘lgan oila a’zolariga, ba’zilarning yaqin qarindoshlariga yetkazildi. Faqat “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi muharriri bo‘lib ishlagan va 36 yoshida otuvga hukm qilingan Sayfulla Kamolovning na xotini G‘oliya, na qizi Rayaning izi topilmadi. Uning to‘la oqlanganligi haqidagi xabar yozilgan xat hamon arxiv hujjatlari orasida sarg‘ayib turibdi...

1957 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “aksilinqilobiy guruh” ishi bo‘yicha o‘tkazilgan qayta tekshiruv jarayonida 1936-1937 yillarda davlatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari topshirish rejalarining bajarilishi haqidagi ma’lumotlar ham olingan. Ulardan ma’lum bo‘lishicha, tumandagi tashkilotlar rahbarlari faqat “qishloq xo‘jaligiga zarar yetkazish bilan mashg‘ul bo‘lgan” 1936-1937 yillarda davlatga paxta topshirish rejasi mutanosib ravishda 160,8 foiz hamda 103,9 foizga bajarilgan ekan...

M. MUQIMOV,

Sharof Rashidov nomli SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.