Qatag‘on qurbonlari haqidagi nodir hujjatlar, tarixiy manbalar o‘rganilyapti

#Sana: 31 avgust - Qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etish kuni

2001 yildan buyon mamlakatimizda 31 avgust – Qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etish kuni sifatida keng nishonlanadi. Viloyatimizda ham ushbu sana munosabati bilan qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Samarqand davlat universiteti tuzilmasidagi viloyat Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida uchrashuv o‘tkazildi. Unda viloyatimizdan qatag‘on qilingan vatanparvar, ma’rifatparvarlarning farzandlari, nabiralari, qarindosh-urug‘lari, tarixchi olimlar, yosh tadqiqotchilar, ijodkorlar ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, muzey tashkil etilgandan buyon qisqa davr ichida viloyatimizda 4153 nafar qatag‘on qurbonlari aniqlanib, “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan nashr etiladigan “Xotira kitobi”ning 1-jildiga kiritildi. Hali bu borada jamoatchilik bilan hamkorlikda izlanishlar davom etmoqda. Zarafshon vohasidan qatag‘on qilingan ota-bobolarimizning tabarruk nomlarini tiklash, ular haqidagi nodir hujjatlarni, tarixiy manbalarni izlab topish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 9 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari hamda “Shahidlar xotirasi” jamoat fondini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qo‘l kelmoqda.

Shahrizod Shodiyev,

SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi xodimi.