Xalq mehrini qozongan fidoyi rahbar edi

Bundan besh yil avval el ardog‘idagi fidoyi inson, iqtisod fanlari nomzodi, xalq manfaatlariga xizmat qilgan rahbar A’zamxon Bahromov vafot etgan edi.
A’zamxon Usmonovich 1960 yilda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilgan edi. 1986 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlab, o‘z hayotini ilmiy va amaliy faoliyatga bag‘ishladi. U 1992 yilgacha Toshkent xalq xo‘jaligi institutida assistent va aspirant, 1992–1995 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida katta o‘qituvchi, dotsent va dekan o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritdi.
Keyin Vazirlar Mahkamasining bir qator mas’uliyatli bo‘linmalarida katta ekspert, bosh mutaxassis, shu’ba mudiri va boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari sifatida faol ish olib bordi. Bir muddat O‘zbekiston Respublikasi makroiqtisodiyot va statistika vazirining birinchi o‘rinbosari, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi hamda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari va viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida yurt ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qildi.
2017 yildan boshlab u Qo‘shrabot tumani hokimi, keyin esa Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida xalq xizmatida fidoyilik bilan faoliyat yuritdi. A’zamxon Usmonovich rahbarligida Kattaqo‘rg‘on tumanida qishloq va shahar hududlarini obodonlashtirish, yo‘l va infratuzilma ob’yektlarini qurish, ishlab chiqarishni kengaytirish va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan ko‘plab amaliy ishlar bajarildi.
Uning rahbarlik uslubi xalqqa yaqinlik, mas’uliyat, sadoqat va insonparvarlik bilan sug‘orilgan edi. Shu tufayli ham nafaqat hamkasblari, balki minglab fuqarolar qalbidan chuqur o‘rin olgan.
A.Bahromovning mamlakat iqtisodiyoti va jamiyat taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan yuksak baholangan. U 2004 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2020 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
El uchun fidoyi mehnat qilgan, yurtga sadoqat bilan xizmat etgan bunday insonlar xotirasi abadiydir.