Ijtimoiy tarmoqlarda Payariq tumanida bir ayol bor-yo‘g‘i bitta ukoldan vafot etgani haqidagi xabarlar tarqaldi

1992 yilda tug‘ilgan ayol, qarindoshlarining aytishicha, shu yilning yanvar oyida davolanish uchun tumandagi xususiy shifoxonalardan biriga murojaat qilgan.

Ginekologik xastalikdan davolanish uchun qatnab muolaja olayotganining uchinchi kuni shu hol ro‘y bergan. Vrach bemorning qarindoshlariga “narkozdan keyin shunday bo‘ldi”, degan fikrni aytadi. Ammo qarindoshlari ayol narkoz qiladigan muolaja olmayotganini ta’kidlashmoqda. Klinikada ayolning ahvoli og‘irlashgach, shifokor boshchiligida uni tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-son Chelak shifoxonasiga olib borishadi.

Payariq tuman tibbiyot birlashmasi mas’ullari ayol shifoxonaga biologik o‘lim holatida keltirilganini aytishmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari marhuma davolangan xususiy klinika xususiy shifoxonalar reyestriga kiritilmaganligini, maxsus litsenziyaga ega emasligini ta’kidlashdi. Ushbu klinikada bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatgan shifokor esa 2021 yildan buyon davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat ko‘rsatmagan.
Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, Payariq tumanida 1992 yilda tug‘ilgan ayolning vafot etganligini yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Marhumaning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.