Samarqandning «Dinamo» hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov Rossiya klubiga o‘tdi
2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etgan futbolchi Jahongir O‘rozov Qozonning «Rubin» jamoasi bilan shartnoma imzoladi.
«Rubin» 22 yoshli futbolchini 100 ming yevro evaziga ijaraga oldi va shartnomada uni 700 ming yevroga to‘liq sotib olish ham ko‘zda tutilgan.
Jahongir O‘rozov «Dinamo» tarkibida uch mavsum davomida 55 ta o‘yin o‘tkazib, bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan.
Nufuzli Transfermarkt internet-manbasi himoyachining bozor qiymatini 1,2 million yevro atrofida baholagan.

Jahongir «Rubin»da bir mavsum uchun 450 ming yevro ish haqi olishi kutilmoqda. «Dinamo» esa uning yillik maoshi 96 ming dollar atrofida edi. Bu himoyachining daromadi avvalgi maoshiga nisbatan to‘rt baravardan ko‘proq degani.
Jahongir O‘rozov futbol sirlarini Toshkentning «Bunyodkor» klubi tizimida o‘zlashtirgan. Asosiy jamoa safida debyutini 2022 yilda o‘tkazgan. 2023 yilda u Turkiyaning «Eyupspor» klubiga yo‘l oldi, shundan so‘ng Samarqandning «Dinamo» klubi tomonidan ijaraga olingan. 2025 yil fevral oyida «Dinamo» uning to‘liq transferiga ega chiqqandi.
Yoshlar darajasida O‘rozov 2023 yilda U-20 Osiyo kubogi g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi tarkibida maydonga tushgan. O‘sha yili u yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham ishtirok etib, turnirda to‘rtta o‘yin o‘tkazgan.
2026 yil bahorida himoyachi kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston terma jamoasida debyut qildi. Ilk uchrashuvidayoq, ya’ni Gabonga qarshi bellashuvda gol urib, jamoaga 3:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritishda yordam berdi.
Yozda O‘rozov O‘zbekiston tarixidagi ilk jahon chempionati uchun terma jamoaning yakuniy ro‘yxatiga kiritildi. U guruh bosqichidagi ikki uchrashuvda maydonga tushib, jami 93 daqiqa o‘ynadi: Kolumbiyaga qarshi bahsda zaxiradan maydonga tushdi, Kongo bilan o‘yinda esa asosiy tarkibda harakat qildi.
Joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasida ikki tur o‘tkazgan «Rubin» hozircha uch ochko to‘plab, turnir jadvalida sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi.
Qozonliklar ichki chempionatning 3-turida o‘z maydonida «Orenburg» jamoasini qabul qiladi. Uchrashuv 9 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Jahongir ushbu bahsda debyut qilishi kutilmoqda.