Xitoyning “Tsu-Chu”si, inglizlarning “Futbol”idan “Paxtakor”gacha
Sportning ko‘plab turlari orasida futbol o‘zining ommaviyligi, tomoshabopligi va ijtimoiy ahamiyati bilan alohida o‘rin tutadi. Bugun futbol nafaqat sport turi, balki millionlab insonlarni birlashtiruvchi muhim ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida e’tirof etilmoqda. Zamonaviy futbol dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida rivojlangan bo‘lib, xalqaro sport hamkorligini mustahkamlash, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish hamda mamlakatlarning xalqaro nufuzini oshirishda muhim vositaga aylandi.
Futbol qadim zamonlarda paydo bo‘lgan. Qadimgi yunonlar to‘p o‘yinini shunchalik qadrlaganlarki, uni hatto maxsus maktablarning jismoniy mashqlar dasturiga kiritgan. Miloddan avvalgi III asrda charm to‘p bilan kichik maydonlarda o‘ynalgan o‘yinlar bo‘lgani haqida tarixiy dalillar mavjud. Futbolga o‘xshash Cuju (xitoycha Tsu-Chu, ma’nosi "to‘pni tepish") o‘yini haqidagi eng qadimgi yozma manbalar Xitoyning Xan sulolasi davriga mansub. Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2004 yilda aynan Cuju o‘yinini hujjatli dalillarga ega bo‘lgan dunyodagi eng qadimgi futbol shakli deb rasman tan oldi.
“Futbol” inglizcha so‘zdan olingan bo‘lib, «oyoq to‘pi» degan ma’noni bildiradi. Hozirgi zamon futbolining «ajdodi» bundan ikki ming yil avval qadimgi Sharq xalqlari va antik dunyo davlatlari Yunoniston va Rimda ma’lum bo‘lgan «Harpaston» (o‘z davrida futbol shunday atalgan) o‘yinini o‘ynagan qadimgi Yunoniston o‘smirlari maydon o‘rtasidan turib to‘pni raqiblar tomoniga o‘tkazgan. Yuliy Sezarning rimlik legionerlari to‘pni har qanday usul va “priyom”larni qo‘llagan holda ustunlar orasiga kirgizishga harakat qilganlar.
O‘rta asrlarda bu o‘yin keng tus oldi. Bunda ko‘cha va qishloqlar maydon o‘rnida xizmat qilardi. Musobaqalar kun o‘rtasida boshlangan va qorong‘i tushguncha davom etgan. To‘pni butun shahar bo‘ylab ma’lum bir joygacha surib kelishga erishgan «jamoa» g‘olib hisoblangan.
Inglizlarning ta’kidlashicha, oyoq bilan to‘p o‘ynash Britaniya orollarida IX asrdayoq juda mashhur bo‘lgan. Keyinchalik turli davlatlarda bugangi futbol qoidalari shakllana boshladi. Masalan, 1863 yil 26 oktyabrda Londonda Angliya futbol uyushmasi tashkil etildi va o‘yin uchun 13 ta qoidadan iborat ilk rasmiy nizom tasdiqlandi. Keyinchalik bu qoidalar boshqa barcha milliy uyushmalar uchun futbol o‘yinining asosiga aylandi.
Mamlakatimizda futbolning rivojlanishi va ommalashishi tarixi hayratlanarli. Mustamlakachilik davrida rus askarlari bo‘sh vaqtlarida Qo‘qondagi Vahm-chorsu mahallasidan bir oz uzoqlikda joylashgan harbiy garnizon dalalarida "futbol" deb nomlangan o‘yin o‘ynashgan. Ba’zan har bir bo‘lim boshliqlari bu o‘yinlarga qo‘shilib turishgan. Bu haqdagi mish-mishlar asta-sekin mahalla yoshlari orasida tarqaldi. Dastlab, mahalladagi o‘zbek yoshlari bu o‘yinni o‘ynashmaydi. Sababi, mahalliy dindorlar bunga qarshi bo‘lishadi. Katta cheklovlar va taqiqlarga qaramay, o‘yin atrofdagilarni o‘ziga jalb qila boshlaydi. Keyinchalik futbol shahar bo‘ylab ommalashadi. Yoshlar o‘yin uchun bo‘sh joylarni topib, darvozalar o‘rniga ustunlarni yerga o‘rnatishadi yoki darvoza uzunligicha o‘lchab tosh qo‘yishadi. Ammo o‘sha davrda hozirgidek to‘plar yo‘q edi. U do‘konlarda ham sotilmasdi. Futbol o‘ynashga ishtiyoqmand yoshlar latta-puttalardan to‘p yasab o‘ynashgan. Biroq bunday to‘plar bilan futbol o‘ynash juda qiyin edi. Chunki ularni harakatlantirish qiyin, uzoqqa tepib bo‘lmagan. Mahalliy xalq orasida futbol ommalasha borgach, ikkita eski shar orasiga shishirilgan rezina kamera qo‘yiib “koptok” tayyorlashadi. Shishirilgan shar avvalgisidan kuchliroq, hatto oddiy harakatga uchib ketavergan. Vaqt o‘tishi bilan o‘zbek yoshlari rus askarlaridan haqiqiy sharlarni sotib olishni boshlagan. Bu to‘plar bilan o‘yin yanada qiziq bo‘lgan.
O‘zbekiston hududida zamonaviy futbol XX asr boshlarida paydo bo‘lib, qisqa vaqt ichida ommalasha boshladi. Dastlab ushbu sport turi Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Andijon, Qo‘qon va Samarqand shaharlarida rivojlandi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, O‘zbekistondagi ilk futbol jamoasi 1911 yil oxirida Farg‘ona (o‘sha davrdagi Skobelev) shahrida tashkil etilgan. Mazkur voqea mamlakatimizda futbolning institutsional rivojlanishiga asos bo‘ldi. 1912 yilda Qo‘qonda mahalliy yoshlar guruhlari paydo bo‘ladi. Keyinchalik Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Toshkent, Buxoro, Jizzax, Kogon kabi shaharlarda futbol sport turiga qiziqish ortadi. 1912 yilda Farg‘ona shahri va Andijon jamoalari o‘zaro bellashadi. Birinchi o‘yin Farg‘onada bo‘lib o‘tadi va mezbon jamoa 3:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Javob o‘yini Andijonda bo‘lib o‘tib, farg‘onaliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozonadi. 1915 yilga kelib Turkiston o‘lkasi chempionati o‘tkaziladi.
Biroz vaqt o‘tgach, Toshkentda ham futbol o‘ynash boshlanadi. Toshkentlik futbol ishqibozlari orasida eng mashhur jamoa TSIJ ‒ Toshkent sport ishqibozlari jamiyati edi. Bu jamiyat 1912 yilda tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida futbol hamda boshqa sport turlarining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. Toshkentga tashrif buyurgan ilk futbolchilar Samarqand futbolchilar to‘garagi (SFT) a’zolari bo‘lgan. 1913 yil 29 avgustda Toshkent sport ishqibozlari jamiyati futbolchilari ishtirokida uchrashuv o‘tkaziladi. Mazkur bahsda puxta tayyorgarlik ko‘rgan Toshkent jamoasi 5:0 hisobi bilan g‘alaba qozonadi.
1913 yil iyun oyi Andijon shahrida “Andijon futbolchilar klubi” tashkil etildi. Bu voqea hududda futbolning shakllanishi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi. 1914 yil 25 mayda Toshkent shahrida O‘zbekiston hududidagi eng kuchli ikki jamoa o‘rtasida markaziy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Musobaqada Toshkent va Farg‘ona jamoalari o‘zaro bellashdi. Natijada Toshkent jamoasi o‘z maydonida 3:2 hisobida g‘alabaga erishdi. 1920 yildan boshlab futbol respublika hududidagi chekka qishloq va mahallalarga kirib bordi. Yoshlar, talabalar, ishchilar va dehqonlar orasida futbolga bo‘lgan qiziqish ortdi. 1921 yilda Moskva va Toshkent futbol jamoalari o‘rtasida ilk uchrashuvning o‘tkazilishi muhim ahamiyat kasb etdi. 1925 yilda mamlakat Jismoniy tarbiya kengashi tomonidan ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining taqvimi ishlab chiqildi. Natijada O‘zbekistonda futbolni tashkil etish jarayoni muayyan darajada tartibga solingan tizim asosida rivojlana boshladi.
Jumladan, Toshkent birinchiligi uch toifa bo‘yicha o‘tkazildi va unda 28 ta jamoa ishtirok etdi. 1927 yilda o‘zbek sportchilarini tayyorlash jarayonida muhim bosqich hisoblangan Umumo‘zbek spartakiadasi o‘tkazildi. Spartakiada finalida doimiy raqibga aylangan Toshkent va Farg‘ona jamoalari kuch sinashdi. Har ikkala jamoa tarkibida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari maydonga tushishdi. Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida toshkentliklar hal qiluvchi golni urib, 2:1 hisobida g‘alabaga erishdi.
O‘tgan asrning 50-yillarida "Paxtakor" sport jamiyati tashkil etildi. Hozirgacha O‘zbekiston chempionatida va rasmiy xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli o‘yinlar ko‘rsatib kelayotgan respublikamizning eng kuchli jamoasi bo‘lgan "Paxtakor"ning tuzilishi ham shu jamiyat bilan bog‘liq. Keyinchalik "Paxtakor" sport jamiyati negizida respublikaning yetakchi futbol jamoasi shakllandi. Jamoa nafaqat mamlakat futbolining ramziga, balki sobiq ittifoq miqyosida munosib natijalar qayd etgan jamoalardan biriga aylandi. 1960 yildan boshlab "Paxtakor" sobiq ittifoq chempionatining oliy ligasida ishtirok eta boshladi va uzoq yillar O‘zbekiston futbolining asosiy vakili sifatida e’tirof etildi. Kuchli raqiblarga qarshi to‘plangan tajriba futbolchilarning mahoratini oshirish, murabbiylik maktabining shakllanishi hamda zamonaviy futbol boshqaruv tizimining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. "Paxtakor" tarkibida faoliyat yuritgan ko‘plab iqtidorli futbolchilar keyinchalik O‘zbekiston futbolining rivojlanishida muhim o‘rin egalladi. Jamoa yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni professional darajada tayyorlash, yuqori saviyadagi musobaqalarda ishtirok etish uchun muhim maktab vazifasini bajardi. Natijada mamlakatda futbol infratuzilmasi, bolalar-o‘smirlar sport maktablari hamda murabbiylar tayyorlash tizimi bosqichma-bosqich takomillashdi.
Mustaqillik yillarida "Paxtakor" tarkibida yetishib chiqqan ko‘plab futbolchilar O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibini shakllantirishda muhim rol o‘ynadi.
2026 yilgi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu poydevor ustida shakllangan zamonaviy futbol tizimining samarali natijasini namoyish etdi. Jumladan, milliy terma jamoamiz tarkibining asosiy qismini mamlakat futbol akademiyalari hamda professional klublar, xorijiy klublardagi O‘zbekistonlik o‘yinchilar tashkil etdi. Ayniqsa, Paxtakor, Neftchi, Nasaf, Navbahor, Dinamo, Surxon, OKMK, Buxoro va boshqa klublar tarbiyalangan futbolchilarning salmoi oshdi. Bu esa mamlakatda uzoq yillar davomida shakllantirilgan futbol ta’limi tizimining samarasini ko‘rsatdi.
Javohir BEKNAZAROV,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti o‘qituvchisi.