Qalbida Vatan, qalamida nur yoki alvon satrlar sohibasiga ehtirom

Viloyat Matbuot uyida shoira va olima, O‘zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari a’zosi, Samarqand davlat universiteti professori Jumagul Suvonova ijodiga bag‘ishlangan “Yuragim gulladi alvon bo‘yoqda” nomli ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov viloyat hokimi Adiz Boboyevning tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda Jumagul Suvonovaning ilm-fan, adabiyot va jurnalistika rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, ko‘p yillik samarali mehnati hamda yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatlari yuksak baholandi. Shuningdek, ijodkorga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Kechada so‘zga chiqqanlar Jumagul Suvonovaning ijodiy va ilmiy faoliyati, o‘zbek adabiyoti va milliy jurnalistika rivojiga qo‘shayotgan hissasi, ibratli hayot yo‘li haqida fikr bildirdilar. Uning Vatan, inson qadri, ezgulik va mehr-oqibat g‘oyalarini tarannum etuvchi asarlari alohida e’tirof etildi.

O‘zbekiston xalq shoiri Xosiyat Bobomurodova Jumagul Suvonovaning hayot yo‘li va ijodi haqida to‘xtalib, uning mehnatsevarligi, matonati va sabr-bardoshini alohida ta’kidladi.
– Jumagul tumandan viloyat markaziga kelib, o‘z iqtidori, kamtarligi va mehnatkashligi bilan hayotning barcha mashaqqatlarini yengib o‘tdi, – dedi Xosiyat Bobomurodova. – U bir o‘g‘il va bir qizni Vatanga munosib, el koriga yaraydigan farzandlar qilib tarbiyaladi. Shu bilan birga, ijod va ilmni birdek yelkasida olib bordi. Uni ko‘p yillardan buyon bilaman. Hayotdagi har bir sinov uni yanada tobladi, qalamini charxladi. U hech qachon oson yo‘l izlagan emas. Barcha yutuqlariga mehnati, sabr-toqati va ilmga chanqoqligi bilan erishdi. Bugunga qadar o‘ttizga yaqin nazmiy va nasriy kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari hamda darsliklar yaratdi. Uning she’rlarida ayol qalbining nozik kechinmalari, ona mehri, Vatanga muhabbat, inson qadri va hayot haqiqati samimiy ifoda etilgani bois kitobxonlar ijodini doimo iliq qabul qiladi.

Samarqand davlat universiteti professori Ibodulla Mirzayev esa Jumagul Suvonovaning ilmga sadoqati, izlanuvchanligi va ustoz sifatidagi fazilatlari haqida so‘z yuritdi.
– 1990 yillarda yoshgina bir qiz huzurimga kelib: «Ustoz, sizga shogird tushmoqchiman», degandi. O‘sha qiz Jumagul Suvonova edi, – dedi Ibodulla Mirzayev. – Uning ko‘zlarida ilmga chanqoqlik, qalbida esa katta orzu va qat’iyatni ko‘rganman. U aytgan so‘zida turdi: ilm yo‘lida tinimsiz izlandi, ijoddan bir lahza ham uzilmadi. Bugun u nafaqat yetuk shoira, balki filologiya sohasida o‘z ilmiy maktabiga ega bo‘lgan olima, professor sifatida ham e’tirof etilmoqda. Haqiqiy olim ham, haqiqiy shoir ham umrining oxirigacha o‘qish, o‘rganish va izlanishdan to‘xtamaydi. Jumagul ana shunday inson. Uning bugungi mavqei yillar davomidagi mashaqqatli mehnat, sabr va ilmga sadoqatining munosib samarasidir.
Ijodiy kecha qizg‘in mushoira bilan davom etdi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.