Samarqandning asosiy istirohat bog‘i zamonaviy qiyofa kasb etyapti, bu yer kechasi ham hordiq maskani bo‘ladi
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilyapti.
Viloyat hokimi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad 23 gektar maydonni egallagan bog‘ni to‘liq rekonstruksiya qilish, uni zamonaviy talablarga moslashtirish hamda aholi uchun yanada qulay, xavfsiz va jozibador hordiq maskaniga aylantirishdir.

Loyiha doirasida bog‘ning kirish qismi tubdan yangilanmoqda. Xususan, 1100 kvadrat metr maydonni egallagan peshtoq qayta ta’mirlanib, hududga mutlaqo yangi qiyofa bag‘ishlanyapti. Shuningdek, yangi piyodalar yo‘laklari barpo etilib, 4850 kvadrat metr maydonga zamonaviy plitkalar yotqizilmoqda. Dam oluvchilar uchun qo‘shimcha 80 ta o‘rindiq hamda 100 ta energiya tejamkor tungi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi.
Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasining istirohat bog‘i bo‘yicha mutaxassisi Xurshid Ravshanovning ta’kidlashicha, loyihada yashil hududlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda 1870 tup katalpa, pavlovniya, qayrag‘och, klyon, yapon saforasi kabi manzarali daraxt va butalar ekilgan. Bundan tashqari, kasallangan 80 tupdan ortiq mojjevelnik daraxti malakali mutaxassislar tomonidan parvarish qilinib, qayta tiklangan.

Qurilish ishlarini olib borayotgan «Samarqand sifat stroy siti» MChJ istirohat bog‘iga zamonaviy energiya tejamkor yoritish tizimi o‘rnatmoqda. Bu nafaqat bog‘ning tungi ko‘rinishini ko‘rkam etadi, balki tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ham ta’minlaydi. Shuningdek, bolalar va kattalar uchun alohida beshta dam olish hududi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Mustaqillik ko‘chasi bo‘ylab 1400 metr masofaga energiya tejamkor yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Shu bilan birga, yo‘laklarning jami 45 ming pogonometr qismida plitkalar yangilanib, 300 ta soya-salqin joy barpo etiladi hamda qariyb 100 ta zamonaviy o‘rindiq o‘rnatiladi.

- Hozirda har kuni 150 metr yo‘lakka granit plitkalar yotqizilmoqda, - deydi quruvchilar brigadasi boshlig‘i G‘ulomjon Qudratov. - Yaqin kunlarda yana 1,5 ming kvadrat metr maydonda mazkur ishlar davom ettirilib, qurilishga jalb qilingan ishchilar soni 24 nafarga yetkaziladi.
Loyihada tadbirkorlikni rivojlantirishga ham e’tibor qaratilgan. Bog‘ hududida muzqaymoq, salqin ichimliklar, esdalik sovg‘alari hamda bolalar uchun turli mahsulotlar sotiladigan maxsus savdo nuqtalari tashkil etiladi.
Bog‘ni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida yuqori quvvatli transformator o‘rnatilmoqda, - deydi «Samarqand sifat stroy siti» MChJ ish boshqaruvchisi G‘iyos Mamarasulov. - Shuningdek, barcha zinapoyalar 1200 kvadrat metr marmar qoplama bilan bezatiladi. Ayni paytgacha 700 kvadrat metr maydonda bu ishlar yakunlandi. Eng muhimi, qurilish jarayonida bog‘dagi birorta ham daraxt kesilmaydi, ularning barchasi saqlab qolinadi.

Mutaxassislar fikricha, bog‘ning 7 gektar yashil hududi hozircha qo‘l mehnati bilan sug‘orilayotgani sababli suv sarfi yuqori bo‘lmoqda. Shu bois hududni tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tkazish, suv resurslaridan tejamkor foydalanish, ayniqsa yozning jazirama kunlarida isrofgarchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qurilish va obodonlashtirish ishlari belgilangan muddatlarda, yuqori sifat talablari hamda hududning ekologik muvozanatini saqlagan holda amalga oshirilmoqda. Loyiha to‘liq yakunlangach, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i nafaqat kunduzi, balki kechki paytlarda ham samarqandliklar va shahar mehmonlari uchun yorug‘, xavfsiz va zamonaviy hordiq maskaniga aylanadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.