Samarqandda yana bir zamonaviy istirohat bog‘i quriladi

Viloyat rahbari A.Boboyev topshirig‘iga asosan Samarqand shahridagi “Vatanparvar” mahallasida joylashgan 7 gektar maydonda zamonaviy “Neopark” nomli yangi istirohat bog‘i qurilmoqda.

Hududdagi 100 tupga  yaqin ko‘p yillik manzarali daraxtlar orasida qurib qolgan 10 tup daraxt kesilib, o‘rniga 400 tupga kashtan, archa va boshqa gul ko‘chatlari ekiladigan bo‘ldi.

Joriy yilning avgust oyida boshlangan bog‘ning qurilish ishlarida 60 nafardan ziyod quruvchilar, zamonaviy maxsus texnika va mashinalar ishlayapti. Ayni vaqtda bog‘ hududidagi samolyotni boshqa joyga ko‘chirib, o‘rniga “Amerika tog‘lari” attraksioni o‘rnatish uchun joy hozirlanmoqda. Shuningdek, aylanma karusel, akvapark, basseyn va suzish havzalari uchun suvdan foydalaniladigan attraksionlarning ham joylari tayyorlanmoqda.

- Barpo etiladigan istirohat bog‘ida aksariyat daraxtlarga shakl berilib, saqlab qolinadi, hududda 4 gektar qo‘shimcha yashil maydonlar barpo etiladi, - deydi “Farovon Turkman SITI” MChJ ish boshqaruvchisi Bekzod Mahmudov. – Imkoni boricha ilgari qurilgan ob’yektlarga zarar yetkazilmaydi. Ularning me’moriy qiyofasi va qurilishini saqlab qolgan holda qayta rekonstruksiya qilinib, ulardan samarali foydalanish maqsad qilingan.

Barcha attraksionlar bezaklar va bezash elementlari, to‘siqlar, yoritgichlar, chodirlar, ayvonlar, himoya ekranlari, pavilonlar, shuningdek, inson hayoti uchun xavfsiz bo‘lgan boshqa moslamalar bilan ta’minlanadi.

- Bog‘imizda ishdan so‘ng oilaviy kelib miriqib dam olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan edi, - deydi Vatanparvar mahallasida yashovchi Bobur Xo‘jamqulov. – Yaqinda zamonaviy tank, to‘p, qiruvchi samolyot va boshqa jangovar mashinalarning maketlari, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Bobur, Bahodir Yalangto‘sh kabi nomi yurtimiz dovrug‘ini jahonga taratgan fidoyi sarkardalarning  siymolari yosh avlodning harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ulkan xizmat qilishini o‘ylab, bog‘imizni buzilishini eshitib hayron bo‘lgan edik. Ammo loyiha bilan tanishib chiqqach, ular saqlanib qolishini va yoniga qo‘shimcha 72 metrlik charxpalak, 2 ta avtodrom va karting zali, “Amerika tog‘lari” nomli qiziqarli o‘yin-attraksionlari o‘rnatilishi bilib, xursand bo‘ldik. Eng muhimi, “Neopark” shahrimizning eng gavjum va ko‘ngilochar maskaniga aylanadi.

Shuningdek, yoshlar uchun zamonaviy kutubxona va o‘quv markazi, sun’iy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika kabi kreativ to‘garaklar hamda kibersport o‘yinlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, bog‘da muzqaymoq pavilonlari, yopiq va ochiq attraksionlar, favvoralar, sovg‘alar do‘koni, yengil tamaddixonalar sport va sog‘lomlashtirish maskanlari, jumladan, fitnes klub, vorkaut, oranjereyalar, aholi uchun turli dam olish maydonchalari barpo etilmoqda.

Zamonaviy parkda dam oluvchilar uchun 10 ta aylana shiyponcha va 100 ta o‘rindiq o‘rnatiladi. Shuningdek, yangi bog‘ning 5 ta kirish darvozasi bo‘ladi. Istirohat bog‘idan “Hazora” dehqon bozoriga o‘tish uchun esa 20 metrlik yerosti yo‘li ham quriladi.

Kecha-kunduz ishlayotgan maxsus yuk tashuvchi texnikalar yordamida sug‘orish tizimlari va drenaj inshootlari uchun handaq qazilib, kuniga 500 kubometr tuproq tashish ishlari bajarilmoqda.

Aholining kelishi qulay bo‘lishi uchun kirish yo‘laklari, yerusti avtoturargohlari ham tashkil etiladi. Yangi “Neopark”ni 2026 yilning mart oyida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Dilmurod TO‘XTAYeV.