Kattaqo‘rg‘on shahar aholisi qayerda dam oladi?

Istirohat bog‘i deganda ko‘z oldimizga yashil maydonlar, go‘zal manzaralar, toza havo va bolalarning quvnoq ovozi keladi. Bu maskanlar aholi uchun nafaqat dam olish, balki oila a’zolari bilan mazmunli vaqt o‘tkazish, bolalarning saviyasini oshirish va ekologik muhitdan bahra olish imkoniyati sifatida qaralishi kerak. Biroq amalda bu manzara doim ham uchramaydi.
Chunki viloyatdagi istirohat bog‘larining aksariyatida madaniy dam olish uchun yetarli sharoit yaratilmagan.
Attraksionlarning aksariyati eskirgan, ko‘p hollarda ularni boshqarayotgan xodimlar tegishli mutaxassislikka ega emas. Ayrim tumanlarda esa umuman attraksionlar yo‘q. Natijada aholi uchun mazmunli hordiq chiqarish imkoniyati cheklanmoqda va turizm salohiyatini oshirish yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘lib turibdi.
Zamonaviy talablarga javob beradigan, xavfsiz va qiziqarli dam olish maskanlarini yaratish uchun esa, avvalo, istirohat bog‘larida boshqaruv tizimini to‘g‘ri tanlash kerak. Bizda istirohat bog‘larining boshqaruv tizimi “sayohatchi”ga o‘xshaydi — bir Madaniyat vazirligi tasarrufidagi tashkilotlarga, bir mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkaziladi. Ba’zan esa ularni obodonlashtirish boshqarmasi va bo‘limlariga yoki tadbirkorlarga biriktirishadi. Bu almashinuvlar ortida esa aniq bir egasi va uzoq muddatli rejasi bo‘lmagan bog‘lar qoladi.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i faoliyati bilan tanishib, boshqaruv tizimidagi ana shu “ko‘chmanchilik” bog‘ning samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilib kelganiga guvoh bo‘ldik.
Shaharda yashovchi fuqarolarning aytishicha, so‘nggi yillarda istirohat bog‘ining tashkiliy va sanitar holati yomonlashgan. Bunga bu yerga biriktirilgan tashkilot mas’ullarining o‘z vazifasiga yetarlicha mas’uliyat bilan yondashmagani, tadbirkorlarning o‘zboshimchalik bilan faoliyat yuritgani hamda hududning qarovsiz holda qoldirilgani asosiy sabab bo‘lgan.
Shuningdek, bog‘dagi 40–50 yillik daraxtlarning yuqori qismi kesilib, qurish jarayonida ularning sotilgani jamoatchilik noroziligini keltirib chiqargan. Natijada fuqarolar oilasi bilan dam olish uchun ushbu hududga kelmay qo‘ygan.
Qariyb 5 gektar maydonni egallagan bog‘ shu yil shahar hokimligi tomonidan davlat xususiy sheriklik asosida “JJA GOLD” MChJga berilgan va 15 milliard so‘mlik loyiha evaziga istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish hamda qo‘shimcha atraksionlar qurish belgilangan.
– Bog‘ni qabul qilib olganimizda juda achinarli holatda edi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i ish yurituvchisi Azizbek Ahmadov. – Dastlab hududda obodonlashtirish va qurilish-ta’mirlash ishlarini olib bordik. Shu kunga qadar bog‘ hududiga 13 ta yangi attraksion o‘rnatilib, mavjud 3 ta o‘yin qurilmasi kapital ta’mirdan chiqarildi. Ayni paytda bog‘da 20 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, hududda amfiteatr hamda mini futbol maydonining qurilishi davom etmoqda. Qurilish-ta’mirlash ishlari 2026 yilda to‘liq yakunlanishi va hududni shahar markazidagi zamonaviy istirohat bog‘iga aylantirish rejalashtirilgan.
Istirohat bog‘larining samarali faoliyat yuritishi uchun ularda barqaror boshqaruv, tizimli nazorat, zamonaviy infratuzilma va uzoq muddatli rejalar bo‘lishi shart. Umid qilamizki, Kattaqo‘rg‘on shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar bu maskanni qayta tiklash va aholi uchun munosib dam olish hududiga aylantirishga xizmat qiladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.