Shahrisabzda Zarafshon daryosi suvi haqida jiddiy masalalar ko‘tarildi
Zarafshon daryosi havza kengashining 5-yig‘ilishi bu gal Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida o‘tkazildi.
Tadbir 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan “Zarafshon daryosi havzasining iqlimga chidamli kompleks suv resurslarini boshqarish” loyihasi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM) hamda Karitas-Shveysariya konsorsiumi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili, xalqaro hamkorlik rahbari Andrin Fink, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi direktori Nodirbek Rahimjonov, Tojikiston Respublikasi suv xo‘jaligi vakillari, shuningdek Zarafshon daryosi havza kengashi a’zolari, Shveysariya elchixonasi, MOMEM, Karitas-Shveysariya konsorsiumi, davlat va mahalliy tashkilotlar hamda tashqi baholash missiyasi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishning birinchi kuni ishtirokchilar Qashqadaryo va Zarafshon daryolari havzalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlovchi Qoraxo‘ja-2 kanali bosh inshooti, ichimlik suvi ta’minoti tizimlari hamda “Paxtakor” nasos stansiyasi faoliyati o‘rganildi.
Ikkinchi kun Miroqi shaharchasidagi rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda suv resurslarini samarali boshqarish, iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish, transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, havza rejalashtirish mavzusida treninglar o‘tkazilib, ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
Ma’lumki, Zarafshon daryosi nafaqat Qashqadaryo va Samarqand viloyati, balki butun mintaqa uchun muhim hayotiy manba hisoblanadi. Samarqand viloyatida qishloq xo‘jaligi, aholi ichimlik suvi ta’minoti va ekologik barqarorlik ko‘p jihatdan ushbu daryo resurslariga bog‘liq. Shu bois, Zarafshon havzasida suvdan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv tanqisligining oldini olish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Zarafshon daryosi havzasi mintaqaning ekologik va iqtisodiy barqarorligi uchun strategik ahamiyatga ega, - deydi xalqaro ekspert-ekolog To‘raxon Hoshimov. - Bugun iqlim o‘zgarishi ta’sirida suv resurslari bilan bog‘liq xavflar ortib bormoqda. Shu sababli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va jamoatchilik ishtirokini oshirish muhim vazifa hisoblanadi.
Yig‘ilish yakunida Zarafshon daryosi havza kengashining kelgusi olti oylik ish rejasi muhokama qilinib, ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashuv va savol-javob sessiyasi tashkil etildi.