Toyloqda Zarafshon daryosi bo‘yida to‘g‘on qurilmoqda

Daryoning Toyloq tumani To‘g‘ay qishlog‘i hududida oqib o‘tuvchi qismida bir kilometr masofada to‘g‘on (qirg‘oqni mustahkamlash uchun to‘siq) qurilish ishlari boshlangan.

Bu haqda tuman hokimi o‘rinbosari Feruz Najmiddinov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirdi:

“Daryo o‘zani kengayishi hisobiga To‘g‘ay qishlog‘i hududi yer maydoni daryo suvi ta’sirida yemirilib, natijada qishloq aholisi uy-joylarini suv toshqin yuvib ketishi xavfi yuzaga kelgandi. Prezident qarori ijrosi hamda xavfsiz daryo chora-tadbirlari doirasida Toyloq tumani “O‘zbekiston” mahallasi, To‘g‘ay qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi oqimi bo‘yicha PK-256+72 dan PK 267+07 gacha, ya’ni 1 kilometr masofada to‘g‘on qurilishi ishlari amalga oshirilmoqda”.

Hokim o‘rinbosarining mazkur posti ostida daryoning o‘zini ham muhofaza qilish yuzasidan izohlar qoldirilgan.