@zarafshonbot ’ga murojaat: “Zarafshon daryosidan noqonuniy shag‘al qazish to‘xtamayapti”

Mazkur murojaatim Toyloq tumani "Navbahor" va "Nurli yo‘l" mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi haqida. Gap shundaki, ekologik jihatdan tobora xavfli bo‘lib borayotgan Zarafshon daryosi muammosi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez chiqishlar qilinyapti.

Aynan ushbu mahallalar hududlarida joylashgan jami 5-6 nafar tadbirkorga tegishli jami 9-10 ta tosh saralash va maydalash sexlari daryoning muhofaza qismida joylashgan bo‘lib, ushbu sexlar doimiy ravishda noqonuniy ravishda daryo o‘zani hamda qirg‘oq mintaqasini ayovsiz qum-shag‘al aralashmasi qazib olish bilan shug‘illanmoqda. Sohani nazorat qiladigan ekologiyani muhofaza qilish va boshqa tashkilotlar holatni bila turib qat’iy nazorat ko‘rmayapti, deb hisoblayman. Keskin chora ko‘rishmagandan keyin nima deyish mumkin?

Yomoni shundaki, noqonuniy qazish ishlari bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar bugungi kunda daryo sathining 5-6 metr pastga tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Buning oqibatida xonadonlarda o‘rnatilgan ichimlik suvi quduqlari qurib qolishi kuzatilyapti. Zarafshon daryosini kesib o‘tuvchi magistral gaz quvurlari xavf ostida qolyapti, hozirda ikkita tirgak ustunlari cho‘kib, xavfli holatga kelgan.

Bundan tashqari, bu noqonuniy qum-shag‘al qazib olish ishlari olib borilayotgan hududlar "Cho‘pon ota" suv inshooti hududiga yaqin joylar bo‘lib, ushbu suv inshooti Samarqand shahar aholisi va shunga yaqin hududlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.

Daryoning oqim bo‘ylab o‘ng tarafida joylashgan “Zarafshon” milliy tabiat bog‘iga suv chiqmasligi sababli tabiat bog‘ida daraxtlar nobud bo‘layotganligi, oqim bo‘ylab chap tomonidagi davlat dasturi asosida bajarilgan dambaga jiddiy zarar yetayotganligi bizni xavotirga soladi.

Ammo shundan keyin ham 4-5 metr chuqurlikda bir necha marotaba daryo o‘zanini qazish davom etmoqda. Afsuski, bu holatga ekologiya inspeksiyalari arzimagan (BHM 10 barobaridan 20 barobarigacha bo‘lgan) jarima chorasi ko‘rishdan nariga o‘tmagan. Agarda tegishli tashkilotlar tosh qazuvchilarni shu darajada yana bir yil kuzatishsa, daryo sathi 10 metr chuqurlikka tushib ketishi shubhasiz. Keyin muammolarni o‘nglab bo‘lmay qoladi.

Toyloq tumanining yuqori qismi Xo‘jayuz, G‘o‘lba va Galabotir mahallalari hududlarida to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallari zaxirasi mavjud bo‘lsa-da, lekin bu qazuvchilar aynan tobora chuqurlashib borayotgan "Navbahor" va "Nurli yo‘l" MFYlarda noqonuniy ishlash bilan ovora.

Noqonuniy tosh qazib olish bilan bog‘liq so‘nggi haftalardagi suratlarni havola etaman.

H.Obloqulov,

Toyloq tumani.