Samarqandlik tadbirkorlar nega qamaldi?

Ijtimoiy tarmoqlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining T.Abdijalilov, A.Abdumalikov va Sh.Qo‘ziboyevga nisbatan chiqarilgan hukmga doir videolavha tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Videolavhadagi holat hech kimni befarq qoldirmasligi, har bir inson qalbida tadbirkor T. Abdijalilovga achinish hissini uyg‘otishini inkor etolmaymiz. Aksariyat ko‘pchilikni “Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan tadbirkor nega qamaldi?” degan savol o‘yga solayotgani ham tabiiy, albatta. Ayniqsa, sudlanuvchi T.Abdijalilovning farzandi sud zalida otasiga taqdim etilgan davlat mukofotlarini namoyish etgan holda “Sudya 7 milliard so‘m zararni 14 milliard so‘m qilib undirishga hukm chiqardi”, deganida ehtimol kimlarningdir ko‘nglida “Axir, bu nohaqlik-ku!” qabilidagi norozilik kayfiyati uyg‘ongandir!
Ayni shu kabi mavhumliklarga vazminlik va chuqur mushohada bilan aniqlik kiritishni lozim topdik.
Avvalo, moddiy zarar summasini sudlanuvchi T.Abdijalilovning o‘g‘li ehtimol kuchli hayajon, ehtimol tushunmovchilik ta’sirida noto‘g‘ri talqin qilganini ta’kidlash o‘rinlidir. Aynan shu moddiy zarar miqdori xususida navbati bilan to‘xtalamiz. Yana bir mavhumlik - davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan tadbirkorning nega jinoiy javobgarlikka tortilganini ham har bir sog‘lom fikrli inson to‘g‘ri anglay bilishi kerak.
Jinoyat kodeksining 5-moddasida belgilab qo‘yilganidek, “Jinoyat sodir etgan shaxslar jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, bir xil huquq va majburiyatlarga ega bo‘lib, qonun oldida tengdirlar”.
Ya’ni, jinoiy qilmish sodir etgan shaxs, davlat mukofotlari olgan-olmaganligi, yurtimiz yoxud xalqimiz oldida salmoqli xizmatlari bor-yo‘qligi, bir so‘z bilan aytganda, kim bo‘lishidan qat’i nazar, qonun oldida javob berishi kerak.
Jinoyat kodeksining 9-moddasiga asosan “Qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart”.
Afsuski, T.Abdijalilovning jinoyat ishi sudda mazmunan ko‘rib chiqilganida uning aybsizligiga oid vajlari o‘z tasdig‘ini topmadi. Albatta, biz birinchi instansiya sudining hukmi qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q, degan fikrdan butunlay yiroqmiz. Ushbu hukm taraflarning shikoyati yoki prokurorning protesti asosida yuqori instansiya sudida qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va o‘zgartirilishi mumkin.
Keling, mazkur hukmga e’tibor qarataylik: sudlanuvchi T.Abdijalilov Sh.Qo‘ziboyev va A.Abdumalikov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, “Agrobank” ATB Oqdaryo filiali va “BARAKASINI BERSIN TOMORQA XIZMATI” MChJ o‘rtasida 2023 yil 27 fevral kuni tuzilgan 10-sonli kredit shartnomasiga asosan “Ho‘l va quruq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish, qadoqlash va qayta ishlash asbob-uskunalarini sotib olish” uchun 84 oy, shundan 36 oy imtiyozli davr va yillik 14 foiz ustama haqi to‘lash sharti bilan 7 000 000 000 so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘larini olgan.
Ushbu mablag‘ni jinoiy sherigi A.Abdumalikov rahbarlik qiladigan “UNITED JOY GROUP” MChJ hisob raqamiga o‘tkazilishiga erishgan. Shu tariqa“UNITED JOY GROUP” MChJ tomonidan oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan 14 turdagi asbob-uskuna “BARAKASINI BERSIN TOMORQA XIZMATI” MChJga to‘liq yetkazib berilmaganligi va uskunalar eski ekanligini hamda narxlari bozor narxidan qimmatligini oldindan bilgani holda go‘yoki ushbu uskunalar to‘liq yetkazib berilganligi haqida 2023 yil 7 martdagi 07/03-2-sonli elektron hisob varaq-faktura orqali uskunalar yetkazib berilganligi to‘g‘risida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirgan. Shundan so‘ng jinoiy sheriklar ushbu hisob-faktura soxta ekanligini oldindan bilgan holda qalbaki hujjatdan foydalanib, ushbu hujjatni “Agrobank” ATB Oqdaryo filialiga taqdim etgan. Shu asosda ajratilgan o‘zganing 7 000 000 000 so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini naqdlashtirib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Sudlanuvchilarning jinoyat sodir etganlikdagi ayblari, ishdagi bildirgi, kredit hujjatlari nusxalari, narsani ko‘zdan kechirish haqida bayonnoma va fotosuratlar, «Agrobank» ATBning monitoring dalolatnomalari va unga ilova qilingan hujjatlar, kredit yig‘ma jildi nusxa hujjatlari, yuzlashtirish bayonnomalari va jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar bilan isbotlangan.
Sudlanuvchi T.Abdijalilov, A.Abdumalikov va Sh.Qo‘ziboyevning kredit mablag‘ini o‘zlashtirishmaganligi haqidagi ko‘rsatmalari, sud majlisida bir-birlariga nisbatan bergan ko‘rsatmalari, shuningdek, fuqaroviy da’vogar va guvohlarning ko‘rsatmalari, ular o‘rtasidagi yuzlashtirishlar hamda ish hujjatlarida mavjud bo‘lgan dalillar bilan to‘liq inkor etilib, ularning vajlari tanqidiy baholangan.
Birinchi instansiya sudining hukmi bilan ish bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash uchun Samarqand viloyat prokuraturasi depozit hisob raqamiga to‘langan 1 236 760 so‘m pullarni “Agrobank” ATB Oqdaryo filiali foydasiga, sudlanuvchi T.Abdijalilov, A.Abdumalikov va Sh.Qo‘ziboyevdan solidar tartibda “Agrobank” ATB Oqdaryo filiali foydasiga 6 998 763 240 so‘m undirish belgilandi. Demak, T.Abdijalilovning o‘g‘li undirilishi lozim bo‘lgan zarar miqdorini 14 milliard so‘m deganida xatolikka yo‘l qo‘ygan.
Yana bir muhim jihat: Payariq tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 20 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga muvofiq, javobgar “BARAKASINI BERSIN TOMORQA XIZMATI” MChJdan da’vogar “Agrobank” ATB foydasiga 7 000 000 000 so‘m miqdorida asosiy kredit qarzi va 179 000 000 so‘m foiz qarzi undirilishi belgilangan. Achinarlisi shundaki, iqtisodiy sudning ushbu hal qiluv qarori ijro qilinmagan.
Ta’kidlash joizki, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi belgilangan.
Sodda qilib aytganda, T.Abdijalilov va boshqalar yetkazilgan zararni qoplaganida ozodlikdan mahrum etilmasligi, balki ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga tortilishi mumkin edi. Zotan, T.Abdijalilov va uning sheriklarining jazoga tortilishidan hech kim manfaatdor emas. Sudya hukm chiqarish chog‘ida faqat qonunga bo‘ysunadi.
Xulosa qilib aytganda, hukmdan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatlarda yuqori instansiya sudiga apellyasiya/kassatsiya shikoyati keltirish (protest kiritish)ga haqli. Sud binosida baqir-chaqir va tartibsizlik qilib, e’lon qilingan hukmga nisbatan norozilik bildirish bilan sud qarorini o‘zgartirib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud matbuot xizmati.