Tahririyatning vijdoni edi

Yoxud kiroyi kayvoni qanday bo‘lishi kerakligi xususida

Taqdirning ishlari qiziq, goho bunga munosib bo‘lmasang-da, ajoyib insonlar bilan bir jamoada yelkadosh bo‘lib ishlash nasib qiladi. Ayniqsa, sen bilan birga faoliyat ko‘rsatayotganlarning ayrimlari shu qadar fazilatlar egasi bo‘ladiki, ulardan ibrat olishga, o‘rganishga, tutumlarini amalda qo‘llashga intilasan...

Rahmatli Adham Hayitov ana shunday kishilardan biri edi. Uning tahririyat ostonasini hatlab o‘tayotgan yoshlarga “Egningni (ko‘kraging ma’nosida) ko‘tarib yur, hech kimdan qarz emassan yoki kimgadir mute bo‘lma”, deganini aksar o‘quvchilarimiz yaxshi biladi.

Ha, u kishi jamoada tarbiyachi edi.

Odatdagi kunlarning birida “Adham aka”, deb gap boshladim-u qarz so‘rash uchun u nimaga kerakligi haqida aytib ketdim. “O‘v, bola, - deb o‘ta keskinlik bilan meni to‘xtatib, haligacha esimda bo‘lgan gapini aytdi. – Kimdandir qarz so‘ramoqchi bo‘lsang, dardingni doston qilishing shartmas. Agar berishi mumkin bo‘lsa, imkoniyati yetsa shunday ham beradi. Mabodo bermaydigan bo‘lsa, unga oilaviy yoki shaxsiy siringni aytganing qoladi”.

Muammomni eshitmadi, lekin menga kerak bo‘lgan pulni topib berdi. O‘sha paytda tahririyat kassasida naqd pul muammo edi, ammo yosh-yalanglarga u maosh kelguncha ham zarur bo‘lib qoladi. Shunday paytlarda men tengilar hech ikkilanmasdan Adham akaning xonasiga kirib boraverardik. (Zero, u oldiga dard bilan kirgan hech bir hamkasbimizni ko‘kragidan itarmagan. Aksincha, tahririyatdagi har bir xodimning qayerdan va qanday “nafas olayotgani”ni bilib yurardi).

Uning xonasidan esa doim bir piyola choy va tarelkadan arimaydigan shirinlikdan nasibamizni olib, oylik olgan xodimdek chiqib ketardik...

Hali u kishining yoshiga yetmagan bo‘lsak-da, Adham aka hamkasb sifatida jamoadoshlarga qilayotgan munosabatni amalda qo‘llay olmayotganimiz bilinib qoladi.

Aslida bu haqda ko‘p misollar keltirish mumkin. Biroq bir voqelik xotiramga shu qadar kuchli joylanganki, uning ta’siri yillarki sezilib turadi. Illo...

Uzoq tumandan kelib ishlaydigan, yoshligi bilan birga kichik jussali qorovul yigitga tahririyat mutasaddilaridan biri nohaqlik qildi. Qanday adolatsizlik qilgani muhim emas, shu topda xonasidan otilib chiqqan Adham aka qorovulning yonini olib tarsaki tortib yuborgani ko‘pchilik “tomoshabinlar”ni esini kiritib qo‘ydi – noto‘g‘ri qilgandi, buyam kam unga, deya ta’na qilib tarqalishdik.

A.Hayitovning o‘sha paytdagi shiddati, chapdastligi meni hayron qoldirgan, deb o‘ylayotgani bo‘lsangiz adashmadingiz, zotan 60 yoshdan oshgan otaxon 40-45 yoshlardagi odamga qo‘l ko‘tarishi nohaqlikka qarshi isyon edi.

Ha, aytgancha, u kishi turli sport musobaqalari, xususan, stol tennisida favqulodda chaqqonligi bilan yosh yigitlarnida dog‘da qoldirardi.

Umuman, u odam hayotning barcha jabhalarida o‘zidan kichiklarga faqat ibrat bo‘lgan. Adham akaning soch-soqoli o‘sib ketgan yoki shimi g‘ijim bo‘lganini hech kim ko‘rmagan. Oyoq kiyimi ofitserlarniki kabi doim yaraqlab turardi...

Ozmi-ko‘p kitob varaqlaganimizdan so‘ng mo‘min kishining ko‘nglini qoldirish (adashmang, mo‘min kishi) Ka’bani vayron qilish kabi ekanligini bildik. Ammo ko‘pda uni amalga oshira bilmaganmiz-bilmayapmiz. Lekin Adham Hayitov bilan birga ishlash asnosida yoshiga yarashmaydigan qiliq, gap-so‘z yo boshqa jihatlari bilan ko‘nglimizni qoldirmaganini aytish o‘rinli.

Umuman, u odam jamoaning chinakam kayvonisi edi, desam birov qarshi bo‘lmas, chunki yurish-turishi, harakat va harakatsizligi – hammasida yoshiga xos viqor va salobat bor edi...

Jamoa xotin-qizlarini boshqalardan rashk qilishi, tahririyatga kim kirib, kim chiqayotgani, ularning har birini nima maqsadda yurganini gaplashmasdan bilishi, bularning barisi Adham Hayitovning birov takrorlay olmaydigan xislati edi.

Ha, o‘tganlar haqida yomon gapirib bo‘lmaydi. Shuning uchun ziyrak o‘quvchi hamkasbini maqtayapti, desa adashmagan bo‘ladi. Lekin qoralamalarni hech birida mubolag‘a yo‘q. Jumladan, yoshi, tabiiyki, tajribasi o‘laroq tahririyatda alohida imtiyozga ega bo‘lish imkoniga ega edi. Balki o‘rni bilan bundan foydalangandir ham, lekin tahririyatda hech kimni “oyog‘ining uchi bilan ko‘rsatmagan”. Shuning uchun har qanday jamoadoshimizning yaxshi yoki yomon kunida xabar olishni, yonida turishni, turgandayam butun jamoa bilan borishni o‘z zimmasiga olardi.

Darvoqe, ko‘pchilik Xo‘ja Ahror Valiy zamonasining murshidi komili sifatida temuriy hukmdorlar tomonidan ulug‘langanini biladi. Ammo unga sulton Abusaid mirzo tamg‘a bojida imtiyoz bergani ko‘p yoritilmagan. Bunda ahamiyatli jihati shuki, savdo nuqtalari va karvonlari uchun tamg‘a bojini to‘lamayotgan Ubaydulloh sultondan bu yengillikni boshqalarga ham berishni sultondan so‘raydi. Uning haqqi-hurmati bu ish amalga oshadi.

Adham Hayitov ham tahririyatda rahbariyatdan jamoadoshlar uchun ko‘plab yengilliklar olib bergan. Bugun u kishidek kayvonilar yo‘qligi uning o‘rni yanada sezilishiga sabab bo‘lmoqda.

Gohida ateistik tuzum davrida ulg‘aygani uchun zimmasidagi farzlarni bajarolmadi, degan o‘y xayolimdan o‘tadi. Ammo ishonamanki, u kishi garchi sen shogirdsan, demagan bo‘lsa-da o‘nlab, balki yuzlab shogirdlari haqiga duo qiladi.

Adham aka hayot bo‘lganida bugun 75 yoshini qarshilagan bo‘lardi. Garchi oramizda bo‘lmasa-da, Yaratgandan u kishining oxiratlarini obod, ruhlarini shod qilishini so‘raymiz!

Yoqubjon Marqayev.