Raqamlar ortidagi haqiqat: Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ahamiyati nimada?
Aholi va qishloq xo‘jaligini umummilliy ro‘yxatga olish 2026 yil 15 yanvardan boshlandi. Bu muhim tadbir shu yilning 28 fevraliga qadar o‘tkaziladi.
Bunda dastlabki 17 kun internet orqali va keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilandi. O‘zbekistonda ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etilishiga e’tibor qaratilmoqda.
Bu jarayonda, savollarning soni 71 ta etib belgilangan.
Tahlillarga ko‘ra, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirishdek muhim vazifalar belgilanadi. Ushbu jarayonni samarali amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi”ning maxsus o‘quv dasturi asosida tayyorlanishi ham ko‘zda tutilmoqda, ya’ni bu boradagi ishlarni keng rag‘batlantirib borilishi ham amalga oshiriladi. Shuningdek, mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar soni ham aniqlanadi.
Agar tariximizga nazar solsak, O‘zbekistonda umummilliy ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989 yilda o‘tkazilgan edi. So‘nggi 36 yilda bu yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirildi. Biroq to‘laqonli ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish ma’lum vaqtni taqozo etishi bois bu tadbir o‘tkazilishi shu paytgacha keyinga qoldirilgan edi. Bunga birinchi sabab aholini ro‘yxatga olish ba’zilar o‘ylaganidek, aholi sonini aniqlashdangina iborat emas edi. Bu jarayonni amalga oshirishda, mamlakat iqtisodiy tuzilmasining barcha jihatlari, ijtimoiy sohadagi muammolar bilan bog‘liq ma’lumotlarni to‘plash ko‘zda tutilganligi ham asos bo‘lib keldi.
Ikkinchidan, shaxslarning iqtisodiy xususiyatlariga doir ma’lumotlarni to‘plash bu boradagi asosiy zarurat ekanligini e’tiborga olishimiz zarur bo‘ldi. Oddiy qilib aytganda, aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatini o‘tkazishda ish rejimini tuzish, mamlakat mehnat bozorida aholining keng ishtirok etishi, buning uchun jamiyatda samarali mehnat tizimini yaratish, barcha shaxslar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash va ilmiy uslubni qo‘llagan holda topish juda muhim rol o‘ynadi.
Shu bois, bu ma’lumotlarni ro‘yxatga olish jarayoni doirasida to‘plangan har bir ma’lumot aholining iqtisodiy ahvolini o‘rganish, baholashga imkon yaratishini tushunishni talab qilgan edi. Hozirgi paytda esa ro‘yxatga olish jarayonlari O‘zbekistonda internet tarmog‘i orqali, planshet va qog‘oz usullarida tashkil etilmoqda.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida O‘zbekistonda mamlakatning haqiqiy demografik va iqtisodiy holati aniqlanadi. Bunda ro‘yxatga olishning asosiy maqsadlari:
- aholi tarkibi va soni haqida to‘liq ma’lumot to‘plash;
- mehnat resurslari va ulardan foydalanish holatini o‘rganish;
- shahar va qishloqlarni rivojlantirishda ishonchli ma’lumotlar bazasini yaratish;
- davlat dasturlari va islohotlarni ilmiy asosda rejalashtirishdan iborat.
Ro‘yxatga olish natijalari davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga, aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga va ijtimoiy siyosatni adolatli shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, aholi va qishloq xo‘jaligini birga ro‘yxatga olish moliyaviy tejamkorlikka hamda zamonaviy statistika tizimini yaratishga zamin yaratadi.
Ushbu tadbir o‘tkazilgandan keyin bir qancha yo‘nalishlarda natijadorlikka erishiladi. Jumladan, aholining real joylashuvidan kelib chiqib, davlat dasturlari rejalashtiriladi. Ijtimoiy soha ob’yektlari, ya’ni maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari hamda oliy ta’lim muassasalarini qurish samarali tashkil etiladi.
Shuningdek, uy-joy, yo‘l, suv, kanalizatsiya, gaz va elektr tizimini qurish va kengaytirish loyihalarini manzilli amalga oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi yerlarini samarali rejalashtirish imkonini, investitsion jozibadorlikni oshirishda xalqaro tashkilotlar va xorijiy investorlarning ishonchini oshiradi va investitsiya oqimi, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini oshirish hamda samarali migratsiya siyosatini yuritish uchun ma’lumot bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyotni aniq baholashda ro‘yxatga olish ma’lumotlari yordamida ishsizlar va norasmiy ishlarda band aholi qatlamlari aniqlanadi.
Ana shunda mavjud ishchi kuchi, ularning salohiyati, malakasi va bandligi haqida ma’lumot olish imkoni yaratiladi, ma’lumotlar reyestrlari, ya’ni aholi va turar joy reyestri, tomorqa va dehqon xo‘jaliklari reyestri yaratiladi. Aholi va qishloq xo‘jaligini onlayn ro‘yxatga olishda fuqarolar tomonidan berilgan barcha ma’lumotlar qonun asosida maxfiy saqlanadi. Yer maydoni, chorva soni yoki boshqa ma’lumotlar soliqqa tortish yoki tekshiruv uchun ishlatilmaydi. Bu ma’lumotlar faqat umumiy statistika maqsadida qo‘llaniladi.
Shuning uchun savolnomani xavotirsiz va to‘liq to‘ldirish mumkin bo‘ladi. Shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi qonun bilan kafolatlanadi va boshqa idoralarga taqdim etilmaydi.
Tarixiy demografik jarayonlarni ilmiy jihatdan o‘rganishning tahlili va natijalariga asoslanadigan bo‘lsak, aholini ro‘yxatga olish natijalari jamiyatimizni yanada kuchaytirishga imkoniyat yaratadi. Aholini ro‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to‘g‘risidagi yakka ma’lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma’lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
Xullas, O‘zbekiston Respublikasi mustaqil bo‘lganidan buyon aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini ilk marotaba o‘tkazyapmiz. Yurtimizda oxirgi marta 1989 yilda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilgan. Yurtimizda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri bunday keng ko‘lamda o‘tkazilmagan. Bugungi kunda aholini ikki marotaba bezovta qilmaslik uchun hamda xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rgangan holda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri birgalikda o‘tkazilmoqda.
Rahimjon Yusupov,
SamDU dotsenti, tarix fanlari nomzodi.