Temuriylar davriga oid noyob yaktakcha Samarqand muzeyida saqlanmoqda
Markaziy Osiyo hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar, yozma manbalar, qo‘lyozma kitoblar hamda qadimiy libos namunalari o‘zbek xalqining chuqur ildizlarga ega ekanini ko‘rsatadi. Arxeologik qazishmalar natijasida yer ostida saqlanib qolgan qasrlar, yodgorliklar, devoriy suratlar, buyumlardagi tasvirlar va o‘rta asr miniatyuralari o‘tmish liboslari haqida qimmatli ma’lumot beradi.
Ilmiy tahlillar esa bu manbalarning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi. O‘zbek milliy liboslari muayyan davr, ijtimoiy muhit, diniy qarashlar va turmush tarzi ta’sirida shakllangan. Libos tikilgan mato turi orqali uning egasi qaysi ijtimoiy qatlamga mansubligi, moddiy ahvoli va turmush tarzining ayrim jihatlarini bilish mumkin. Keksa avlod liboslarida ayniqsa, mato, rang va bezaklarda qadimiy an’analar saqlanib qolgan. Shular qatorida yoqasi ochiq, yengi bilakkacha tushadigan, etigi tizzagacha yoki undan uzun bo‘lgan yaktaklar turkiy xalqlar milliy kiyimining muhim turlaridan biri hisoblanadi. Ana shunday noyob namunalardan biri Amir Burunduq maqbarasidan topilgan bolalar yaktakchasidir.
“Samarqand marvaridi” deb nom olgan Shohi Zinda majmuasi nafaqat me’moriy yodgorlik, balki mashhur allomalar va sarkardalar dafn etilgan muqaddas maskandir. Bu yerda Samarqandning qariyb uch ming yillik tarixi mujassam. Xususan, ushbu majmua hududidagi Amir Burunduq maqbarasi temuriylar davrida barpo etilgan bo‘lib, rivoyatlarga ko‘ra, maqbara Amir Temurning yaqin sarkardasi Amir Burunduqqa tegishli. Uning nomi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida ham bir necha bor tilga olingan.
Maqbarada ilk arxeologik tadqiqotlar 1925 yilda V.Vyatkin tomonidan olib borilgan. Keyinchalik 1963–1998 yillarda keng ko‘lamli ta’mirlash va o‘rganish ishlari amalga oshiriladi. Arxeolog N.Nemseva rahbarligida dahmalar ochilib, to‘qqizta qabr o‘rganilgan. Ulardan biri g‘arbiy qismida dafn etilgan 7–9 yoshlar chamasidagi bola jasadi olimlar e’tiborini tortdi. Bola o‘z kiyimi, yaktakchasi bilan dafn etilgan edi.
Yaktakcha ingichka och jigarrang ipak matodan to‘qilgan bo‘lib, to‘q jigarrang ip bilan qo‘lda tikilgan. Matoda geometrik naqshlar, romb shaklli bezaklar mavjud bo‘lib, ular monoksromatik va ayrim joylarda polixrom ko‘rinishda ifodalangan. Bezaklar zanjirsimon tarzda joylashgan bo‘lib, romb ichi to‘rt nuqta bilan to‘ldirilgan. Tugmalari ipli to‘qilgan to‘rli bezak — dantellardan iborat bo‘lgan. Yaktakning kesimi zamonaviy yaktaklarga juda yaqin bo‘lib, uning uzunligi 94 santimetr, eni taxminan 2 metrni tashkil etgan.
Matoning kelib chiqishi masalasi bahslidir. Temuriylar davrida Xitoy ipaklari Samarqandga import qilingan va katta talabga ega bo‘lgan. Biroq Marv, Buxoro, Samarqand kabi shaharlarda mahalliy ipakchilik va to‘qimachilik ham yuqori darajada rivojlangan, mahsulotlar, hatto, eksport qilingan. Shu sababli mazkur yaktak ipagi import qilinganmi yoki mahalliy ishlab chiqarish mahsulimi — aniq xulosa qilish qiyin.
Y.Feodorovich tomonidan olib borilgan kimyoviy tahlillar matoning ipak ekanini tasdiqladi. Tadqiqot natijasida yaktakning dastlabki rangi pushti tusda bo‘lib, gilos guli tasviri tushirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa qilindi. Yaktak 1966 yilda davlat Ermitaji restavratsiya ustaxonasida qayta tiklanib, so‘ng Samarqand muzeyiga qaytarilgan. Bugungi kunda u muzey fondida noyob eksponat sifatida saqlanmoqda.
Bolaning o‘z kiyimi bilan dafn etilishi o‘rta asrlar Markaziy Osiyodagi dafn marosimlari haqida ham ma’lumot beradi. Islom qoidalariga ko‘ra, odatda marhum kafanga o‘ralib dafn etiladi. Faqat jangda yoki zo‘ravonlik natijasida shahid bo‘lganlargina o‘z kiyimida ko‘miladi. Shu bois bu bola tabiiy o‘lim emas, balki qandaydir fojiali voqea qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan taxmin ilgari suriladi.
Navbahor DALIEVA,
“Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi tarix bo‘limi katta ilmiy xodimi.