Xonchorbog‘. Past Darg‘omdagi ushbu joy va chorbog‘ tarixini bilasizmi?
Xonchorbog‘ toponimi «xon» va «chorbog‘» so‘zlari birikuvidan hosil bo‘lgan. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da yozilishicha, xon - turkiy va mo‘g‘ul xalqlari unvoni, chorbog‘ – shahardan tashqaridagi hovli-joyli, qo‘rg‘onli bog‘ ma’nosini bildiradi. Xonchorbog‘ – xonning chorbog‘i demakdir.
Xonchorbog‘ Past Darg‘om tumanining janubiy darvozasi hisoblanadi. Mahalla yonidan Samarqand-Qarshi temir yo‘li o‘tgan bo‘lib, atrofida Sanchiqul, Juz, Navro‘ztepa, Umakay, Kanalyoqa, Sayram, Sariqul, Qumtepa qishloqlari joylashgan.
Tarixdan ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur mamlakat obodligi yo‘lida o‘z davlati poytaxti Samarqand shahri atrofida bir qancha bog‘lar barpo etadi. Amir Temur va temuriylar davridan keyin ham Markaziy Osiyoda bog‘ barpo etish, bog‘ tuzish san’ati davom etgan. Buxoro xonligini shayboniyxonlar sulolasi boshqargan davrda (1510-1601) ham bog‘lar barpo etilgan.
Jumladan, Buxoro xoni Abdullaxon II (1583-1598) Buxoro, Karmana, Samarqand atroflarida o‘zining chorbog‘larini qurdirgan. Manbalarga ko‘ra, Abdullaxon II Amir Temurdan keyin Sohibqiron nomi bilan ulug‘langan, xizmatlari bois Iskandari Soniy – Ikkinchi Iskandar nomiga ega hukmdor bo‘lgan. Past Darg‘om tumanining Xonchorbog‘ mahallasida ham Abdullaxon IIning chorbog‘i bo‘lganligi haqidagi tarix 5-6 asrdan beri xalq xotirasida avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.
Rivoyatlardan birida aytilishicha, Xonchorbog‘ yerida juda katta bog‘ barpo qilinib, undagi mevalar shig‘il pishib, mo‘l-ko‘l hosil bergan. Bog‘ yonidan katta savdo yo‘li o‘tar, karvon yo‘l yurib, Xonchorboqqa kelganida tuyalar mevali daraxtlarga osilib, shoxlarini, hosilini yeb qo‘ymasin deb ularning og‘zini to‘rva xalta bilan bog‘lab o‘tishgan ekan. Abdullaxon IIning saroy tarixchisi Hofiz Tanish Buxoriyning «Abdullanoma» (Sharafnomayi Shohiy) asarida keltirilishicha, “Qoqlik bu joy aslida Qo‘riqi Qoqlik deb atalib, Qarshi bilan Samarqand oralig‘ida Samarqandga yaqin bir mavze bo‘lgan. Ko‘li Mog‘iyon - Ko‘li Mog‘ok, Samarqandning g‘arbiy tarafida, undan taxminan ikki shar’i (to‘rt kilometrga yaqin) masofada joylashgan xushmanzara joy. Yuqoridagi ikkala joy ham Xonchorboqqa yaqin mavzelar bo‘lgan. Qarshidan Samarqand tomon yo‘lga chiqqan Abdullaxon II bir necha manzillarda to‘xtab, yo‘lida davom etib, Eski Anhor kanalining shimoliy qismida, ushbu mahalla hududidagi qadimgi qabristondagi ziyoratgohga duch keladi. Xon ziyoratgoh atrofidagi qaqrab yotgan yerlarni obod qilishga buyruq beradi. Qo‘shin hozirgi Xonchorbog‘ yerida to‘xtab, katta tepalik ustiga qo‘rg‘on quradi. Qo‘rg‘on atrofini to‘rtburchak shaklda qalin paxsa devor bilan o‘rab, hovli ichiga daraxtlar, gullar ekadi. Ushbu inshoot Xonchorbog‘ deb ataladi. Eski Anhor kanalini qayta ta’mirlab, uning atrofidagi yerlarni obod qiladi. Zarafshon tog‘ tizmalaridan oqib tushuvchi Sazag‘onsoy, Egriqulsoy, Oqsoy kabi soylarni Xonchorboqqa burib qo‘yadi. Bu suvlar Xonchorbog‘ yerining pastki qismiga yig‘ilib, katta ko‘lni tashkil qilgan.
Xonchorbog‘ mahalliy aholi tilida Qo‘rg‘ontepa deb ham yuritiladi. 1936 yilda Samarqand muzeyi arxeologi I.Suxarev bu joyni o‘rganib, bog‘ning 19 gektardan iborat ekanligini aniqlagan va uning xaritasini chizib qoldirgan. Unga ko‘ra, bog‘ning bitta darvozasi bo‘lgan va atrofi paxsa devor bilan o‘ralib, markazda qo‘rg‘on qurilgan. Darvoza yonidan o‘tuvchi Eski Anhordan bog‘ ichiga suv keladigan ariq bo‘lgan va daraxtlar, ekinlar, gullar sug‘orilgan. Eski kanal o‘sha davrdan buyon Xonchorbog‘ tabiatiga, uning tarovatiga go‘zallik bag‘ishlash bilan birga, aholining dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun ham hozirga qadar qulay imkon yaratmoqda.
Bu yerdan sopol buyumlar, pishiq g‘isht va paxsa devorlar qoldiqlari topilgan bo‘lib, hozir ham ularni uchratish mumkin. Ammo bu joylar o‘tgan asrning 70-, 80-yillarida ekin maydoniga aylantirilgani uchun aholi tomonidan o‘zlashtirilgan.
Bu yerda qadimda miskinlar, darveshlar, qalandarlar va so‘fiyar yashagan. Buni hozirgacha saqlanib qolgan qabrtoshlar va o‘sha davrlarga oid buyumlardan ham bilish mumkin. Ushbu topilmalar asosan miloddan avvalgi II-I asrlar, milodiy IV, X-XI hamda XVI asrlarga oid deb davrlashtirilgan.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari Samarqanddagi Amir Temur bog‘larini tiklash va moddiy madaniy meros obidalarini ta’mirlash zarurligini qayd etgandi. Ana shular qatorida ochiq ekin maydoni sifatida foydalanib kelinayotgan Xonchorbog‘ yerlariga ham e’tibor qaratilsa, xalqimiz tarixi, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash yo‘lida muhim qadam qo‘yilgan bo‘lardi.
Sharifjon SAXATOV, tarixchi.