Mingtepada qadimiy tanga va haykalcha topildi

Mingtepa yodgorligi Samarqand shahridan 20 kilometr shimoli-sharqda, Jomboy tumani Qoramo‘yin mahallasining shimoli-g‘arbida, Bulung‘ur kanalining o‘rta oqimida joylashgan.

Ushbu yodgorlik Sug‘dning VII-VIII asrlarda yirik va muhim shahri bo‘lganligini arxeologik topilmalar va madaniy qatlamlarning borligi tasdiqlaydi. Bu shahar siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hamda Sug‘d sivilizatsiyasining taraqqiyotida asosiy rol o‘ynagan. Sharqdan kelgan karvonlar Mingtepa shahrida to‘xtab, keyin Samarqandga kirib kelgan.

Mingtepa yodgorligi joylashgan, mahalliy aholi tomonidan To‘rtko‘ltepa deb nomlanadigan ushbu yodgorlik ark, shahriston va rabot qismlaridan iborat. Ob’yekt markazi yumaloq shaklda bo‘lib, o‘lchami 125x125 metr, balandligi 20 metr bo‘lgan hukmdor qarorgohi joylashgan. Unga kirish sharq tomondan bo‘lib, ikkala yonida ikkita qo‘riqchi minoralari orqali ko‘tarma (pandus) yordamida kirilgan.

Shahriston qismi hukmdor qarorgohining shimoli-sharqida joylashgan bo‘lib, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda, tomonlari 400x200 metr, balandligi 8 metrga teng bo‘lgan mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan. Janubiy mudofaa devori hukmdor qarorgohining g‘arbiy qismida joylashgan rabot qismiga ulashib ketgan. Ushbu devor qoldiqlari shahar mudofaasining muhim ajralmas elementi hisoblanadi.

O‘rta asr arab geograflari tomonidan Zarafshon daryosining o‘ng tomonida 6 ta rustoq borligi yozib qoldirilgan. “Rustoq” tushunchasi bugungi kunda tuman markazi sifatida tushuniladi. Ushbu rustoqlardan biri Kobud rustoqi bo‘lib, arxeolog-olimlar tomonidan Mingtepa yodgorligi o‘rnida ekanligi manbalar va arxeologik topilmalar orqali isbotlangan.

Kobud rustoqi Maymurg‘ va Abgar rustoqlari qatori arablardan oldingi davrlarda alohida mavqega ega bo‘lganligi aytiladi. Barkat, Kobud va Vidar shaharlari o‘rta asr yozma manbalarida markaziy Kobud shahri tarkibida bo‘lganligi qayd qilingan. Keyingi davr manbalarida Samarqand bekligi beshta tumandan iborat bo‘lganligi, jumladan, Abu Tohirxo‘janing “Samariya” asarida Shavdor, Anhor, Sug‘udi Kalon, Ofarinkent va Kobud tumanlari tilga olinadi. Zarafshon daryosining shimolidagi dasht hudud Kobud tumani deb ataladi va bu dashtlik boshdan oyoq shimol tog‘iga yondoshdir. Shimol tog‘i deyilganda aynan G‘o‘bdintog‘ tizmasi nazarda tutilgan.

Kobud rustoqining tarixiy o‘rni haqida arxeolog X.Axunbabayev ham bir qator ma’lumotlar keltirgan. Uning yozishicha, Kobud hozirgi Jomboy va Bulung‘ur tumanlari chegarasidagi G‘azira va Qorapichoq qishloqlaridan janubiy-sharqda joylashgan ilk o‘rta asr va o‘rta asr yodgorliklari ulkan majmuasini tashkil etgan Mingtepa yodgorligi o‘rnida bo‘lgan degan fikrlarni beradi.

G‘o‘bdin tog‘ining janubiy etaklaridan, Bulung‘ur arig‘ining shimoliy tomonidan Sug‘d vohasining “Kampir devor” nomi bilan mashhur bo‘lgan mudofaa devori tog‘ va ariq o‘rtasidan g‘arbga tomon yo‘nalishda o‘tadi. Shaharni shimoli-sharqdan dushman hujumiga qarshi mudofaa tizimi ham tabiiy, ham sun’iy ravishda juda yaxshi geografik hududda joylashganligini ko‘rsatadi.

Mingtepa shahri 40 gektarga yaqin bo‘lib, dastlab 1983 yilda arxeolog X.Axunbabayev yodgorlikning yuza qismidan terib olingan kulollik idish namunalari asosida V-XII asrlar bilan davrlagan. So‘nggi yillarda Samarqand arxeologiya instituti, Yaponiya-Kiyoto san’at universiteti va Berlin-Brandenburg fanlar akademiyasi ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda muntazam arxeologik qazishma ishlari natijasida yodgorlikning dastlabki boshlanish sanasini milodiy III asrda paydo bo‘lganligini ko‘rsatmoqda.

Yodgorlikni o‘rganish jarayonida milodning VII-VIII asrlariga oid paxsa va xom g‘ishtdan qurilgan mahobatli uylarning o‘rni aniqlangan. Ushbu uylarning o‘rnini ochishda arxeolog mutaxassislar ko‘plab qadimgi uy-ro‘zg‘or buyumlari, kulollik idish buyumlari va savdo-sotiqda ishlatilgan sug‘d hukmdorlari tomonidan zarb qilingan mis tangalar topilgan. Topilmalar orasida bir qancha tanga topilmalari, Xitoy Suy yoki Tang sulolasi pul birligiga taqlidan sug‘d tangalari sifatida belgilangan. Bu topilmalar Mingtepaning aksariyat tangalari singari Xitoyning Samarqand bilan savdo aloqalari borligini ko‘rsatadi.

Topilgan tangalar orasida bir tomonida er-xotin surati tushirilgan va sug‘d afsonasi bilan turkiy tilda “Xatun” yozuvi bitilgan tamg‘a tasvirini ko‘rish mumkin.

Sug‘dning barcha hududlari singari Mingtepa shahri ham VII-VIII asrlarda rivojlanishning cho‘qqisiga yetadi. Uning shimoli-sharqiy qismida 103 ta ilk o‘rta asrlarga oid hovlili uylar, alohida zodagonlarning yozgi qarorgohlari, atrofi mustahkamlanmagan oddiy dehqon uylari, mavsumiy turarjoylar qurilganligi aniqlangan.

Husniddin Rahmonov,

Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi.