Qo‘shrabotdagi Oqtepa tepaligida qadimiy tamaddun izlari aniqlandi
Xabar berib borayotganimizdek, pastdarg‘omlik o‘qituvchi Akmal Xamrayev “Yashil makon” umummilliy loyihasining “Bir gumbaz ostidamiz” aksiyasi doirasida tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va qadamjolar atroflariga turli daraxt ko‘chatlari va urug‘larini ekmoqda.
U Qo‘shrabot tumanidagi masjid va ziyoratgohlar atrofida daraxt va urug‘lar ekish jarayonida Oqtepa qishlog‘idagi “Oqtepa” tepaligi atrofidan sopol buyumlar parchalari, vertikal va gorizontal yerosti yo‘laklari, g‘ishtdan terilgan devorlarga guvoh bo‘ldi.
- Tepalik qadimiy va ulug‘vor ko‘rinishga ega bo‘lib, doim shamol esib turadi, yonidan esa Oqsoy oqib o‘tadi, - deydi AXamrayev. - Tepalik atrofida ko‘plab sopol buyumlar parchalari va yerosti yo‘laklarining mavjudligi hududning qadimiy tarixga ega ekanligidan dalolat beradi.
Yerto‘lalar ichini kuzatar ekanman, qadimiy tamaddun izlari, jumladan, xom g‘isht qoldiqlari, odam suyaklari hamda ko‘plab sopol buyumlarga duch keldim. Bu esa mazkur hudud o‘tmishda yirik aholi maskani yoki tarixiy manzil bo‘lganini ko‘rsatadi. Shuningdek, tepalik yonida, soy bo‘yida qadimiy humdon qoldiqlarini ham ko‘rish mumkin.

Qishloq atrofidagi Oqtosh qabristonida taxminan XVII–XVIII asrlarga oid katta oq rangli qabrtoshlar hamda XIX asrga mansub yodgorliklar mavjud ekan. E’tiborimni tortgani, hududdagi Kirkim qabristonidagi qabrtoshlarda turli geometrik naqshlar, ayniqsa, “Falak — Gardish — Charxpalak” timsollari tasvirlangani bo‘ldi. Bu belgilar ajdodlarimizning hayot falsafasi — tug‘ilish va o‘lim, nur va soya, hayotning abadiy aylanishi haqidagi qarashlarini ifodalaydi. Qizig‘i, bunday ramzlar Turkmaniston, Kavkaz, Turkiya va hatto Armaniston hududlaridagi qabrtoshlarda ham uchraydi. Bu esa xalqlar tarixi va madaniyatining o‘zaro uzviy bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.
Oqtepa tepaligi va undagi yerto‘lalarda saqlanib qolgan tarixiy ashyolar mutaxassislar tomonidan o‘rganilsa, tarixiy maskan haqida aniq dalillar oydinlashardi.