"Mustaqillikning 35 yilligi – Yangi O‘zbekiston yoshlari nigohida"
Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida yoshlar kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan shu mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i maslahatchisi Asadjon Xodjayev, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, soha mutaxassislari, jurnalistlar, yoshlar va kitobxonlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida samarqandlik dasturchi yoshlarning startap loyihalari taqdimoti o‘tkazilib, ularni amaliyotga joriy etish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Shundan so‘ng yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, raqamli texnologiyalarning inson hayotidagi o‘rni, zamonaviy kasblarni egallash, axborot xavfsizligi va yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish masalalari xususida fikr almashildi.
- Bugun yoshlarimiz uchun o‘qish, kasb-hunar o‘rganish va zamonaviy texnologiyalarni egallashga keng imkoniyatlar yaratilgan, - dedi A.Xodjayev. - Bu sharoitlarning barchasi mustaqilligimiz bilan bog‘liq. Shuning uchun har bir yosh istiqlolning qadrini, avvalo, yaxshi o‘qishi, kasb-hunar egallashi, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishi orqali namoyon etishi kerak. Shu bilan birga, globallashuv davrida yoshlar axborotni tahlil qila bilishi, zamonaviy bilimlarni egallashi, milliy qadriyatlarimiz va o‘zligini asrashi muhim.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olishdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar viloyat axborot-kutubxona markazi hududida daraxt ko‘chatlari o‘tqazdilar.