“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” Respublika tanlovida viloyatimiz yoshlari eng ko‘p medalni qo‘lga kiritdi
Yurtimizda ilk bor “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov davomida 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan texnikum o‘quvchilari, oliygoh talabalari hamda mahalla yoshlari o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Nomzodlar dastlab “mahalla yettiligi” tomonidan saralashdan o‘tkazildi. Tanlovning tuman va shahar bosqichida 124 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etdi.
Baholash natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 610 nafar iqtidorli yosh tanlovning respublika bosqichida qatnashish imkonini qo‘lga kiritdi.
«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» tanlovida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 120 nafar g‘olib va sovrindor aniqlandi. Ularning ichida viloyatimizdan 25 nafar yoshlar medal bilan taqdirlandi.
- Ushbu tanlov respublikamizda ilk bor o‘tkazildi, - deydi Samarqand shahar Kasbiy ko‘nikmalar markazi ishlab chiqarish ta’lim ustasi Dildor Safarova. - Tanlovda o‘quvchimiz Shahnoza Qilichboyeva moda texnologiyalari yo‘nalishida ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Oltin medal olgan g‘oliblar Shanxayda bo‘lib o‘tadigan “WorldSkills International” xalqaro kasbiy mahorat musobaqasida ishtirok etadi.
Tanlov 10 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazildi va taqdirlash marosimida har bir kasbdan 12 nafardan jami 120 nafar g‘olib hamda ularning ustozlari medal va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.