Urgutda VII-VIII asrlarga oid ibodatxona topildi
Urgut tumanida 200 dan ortiq arxeologik va arxitektura yodgorliklari aniqlangan bo‘lib, ular davriylik jihatidan turli asrlarga tegishli. Jumladan, tumanning Jo‘rabtepa mahallasidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligi ilk o‘rta asrlarga oid qadimgi maskanlardan biri hisoblanadi.
IX-XII asrlar arab muarrixlari Al-Istaxriy va ibn Havqal ma’lumotlariga ko‘ra, Sanjarfag‘n nisbatan kichik rustoq bo‘lib, unda bir nechta qishloqlar, xususan, Eshonravot qishlog‘i ham mavjud bo‘lgan. Yana bir muarrix Al-Muqaddasiy esa “Sanjarfag‘n aholisi zich joylashgan, iqlimi boshqa qishloqlarga qaraganda eng yaxshi, mevalari shirin, yerlari serhosil”, deb yozadi.
XVI asrga oid vaqf hujjatlarida bu rustoq nomi “Sanjar Fig‘on” shaklida uchraydi. So‘nggi o‘rta asrlar manbalarida u “Zanjirbog‘” shaklida qayd etilib, Abbos hamda Karaunas ariqlarining orasida joylashganligi qayd etilgan.
Sanjarfag‘n nomining etimologiyasi sanskritcha sangharama – “buddaviy ibodatxona” yoki sug‘dcha βγn – “ibodatxona” ma’nolarini ifodalaydi. Bu rustoq Bormish (Abbosariq, Yangiariq) va Bashmin (Karaunas, Qozonariq) kanallarining o‘rtasida joylashgan. Rustoqining markazi sifatida hozirgi Jo‘rabtepa mahallasi Eshonravot qishlog‘ida joylashgan Qo‘rg‘ontepa yodgorligi bilan lokalizatsiya qilish mumkin.
Joriy yil Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti arxeologik otryadi tomonidan yodgorlikda olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijasida VII-VIII asrlarga oid ibodatxona o‘rni va qoldiqlari topildi.
- Qo‘rg‘ontepa yodgorligining umumiy maydoni 6 gektar bo‘lib, atrofi mustahkam devorlar bilan o‘ralgan va o‘rtasida baland arki bor, - deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov. – O‘tgan yil yodgorlikda qazishma ishlarini boshlagan edik va manbalarda qayd etilgan ilk o‘rta asrlarga tegishli ibodatxona o‘rnini topishga erishdik. O‘sha davrda Sug‘d hududida otashparastlik, moniylik, buddaviylik va xristianlik dinlari bo‘lgan. Qazishma jarayonida yodgorlikdan haykalchalar, nafis devoriy suratlar va mehrob ham chiqdi. Ibodatxona qoldiqlari va devorlardagi suratlardan bu otashparastlar diniga tegishli deyish mumkin. Shuningdek, ibodatxona arablar istilosi davrida, ya’ni 712 yilda Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arablarning Samarqandga qilgan yurishlari natijasida yoqib yuborilgan va hozirgacha kul qoldiqlari saqlanib qolgan. Yodgorlikning ahamiyati ob’yekt to‘liq ochilsa, bundan 1300-1400 yil oldin ajdodlarimiz qaysi dinga e’tiqod qilgani, ibodatxonalardan qanday foydalangani, VII-VIII asrlardagi hayot haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lamiz.
Ibodatxona tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda bo‘lib, devorlarning saqlanib qolgan balandligi 3 metr, xonaga 5 ta eshik orqali kiriladi. Xona to‘rida taxt-supa, uning to‘rt tomonida ustun o‘rinlari joylashgan.
- Xonaning o‘lchami 8x4,95 metr bo‘lib, bitta xonaga beshta eshik orqali kiriladi, - deydi Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti tayanch doktaranti G‘ayrat Muhammadiyev. - Birinchi eshik g‘arbiy tomonda, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi eshiklar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri hovliga bog‘langan. Uchala eshik ham devoriy suratlar bilan qoplangan. Hovlidan ibodatxonaning markaziga, ya’ni sajdagohga kirib kelinadi. Ichkariga kirish uchun maxsus panduslar ham qilingan. Beshinchi eshik sharqqa qaragan bo‘lib, xonadan 20 santimetr pastda joylashgan. Shuningdek, xona ichkarisida beshta tokcha bo‘lib, ulardagi devoriy suratlar, haykalchalar qoldiqlari saqlanib qolgan. Tokchalardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qo‘l hamda oyoq qismlari topildi.
Xona devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan bo‘lib, saqlanib qolingan tasvirlar orasida yuzi ovalsimon, quloq va qo‘llari esa zebu ziynatlarga boy bo‘lgan ma’budaning tasviri mavjud. Uning boshida ilk o‘rta asrlar Sug‘d san’atida ko‘p uchraydigan qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklda bo‘lgan toj tasviri mavjud. Aytish joizki, xonada saqlanayotgan devoriy surat parchalari orasida bunday toj va personaj tasvirlarining turli parchalari yana aniqlanmoqda. Mazkur ibodatxonaning devorlarida yuqorida qayd etilgan ma’buda tasviri yagona bo‘lmagani, balki bunday ilohlar tasvirlari xonaning barcha devorlarida tasvirlanganidan dalolat beradi.
Arxeologlarning qayd etishicha, Islomgacha bo‘lgan davr devoriy surat va haykaltaroshlik namunalari O‘zbekiston hududida yaqin bir necha o‘n yillikda aniqlanmagan edi va shu sababdan ham Qo‘rg‘ontepa yodgorligida aniqlangan bunday san’at namunalari juda katta ahamiyatga molik. Endi ushbu joyda arxeologik qazuv tadqiqotlari, devoriy suratlarni saqlash, ulardan nusxa ko‘chirish va yechib olish jarayonlarini davom ettirish kerak. Mutasaddilar ham yodgorlikni asrash, xalqimiz, ajdodlarimiz hamda ushbu hudud tarixini o‘rganish va tadqiq qilish uchun e’tibor qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.