Kitoblarda jo bo‘lgan tarix, ijod va hayot
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyati bo‘limi, viloyat axborot-kutubxona markazi hamda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati hamkorligida kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi va shoir Farmon Toshevning “Savr bayozi”, “Zarafshon” gazetasining maxsus muxbiri Gulruh Mo‘minovaning “Minbardan tushgan istilohlar” hamda “Zarafshon” gazetasi kutubxonasi turkumidan nashr etilgan “Samarqand arxeologlari” kitoblari haqida so‘z yuritdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, she’rlar, g‘azallar, muxammaslar, taxmislar, to‘rtliklar, ruboiylar, fardlar o‘rin olgan “Savr bayozi” kitobini o‘qigan kishi ijodkorning inson ruhiyatining tabiat o‘zgarishlaridagi sehrli holatlari tasviriga duch kelishi shubhasiz.
Gulruh Mo‘minovaning “Minbardan tushgan istilohlar” nomli suhbatlar va publitsistik maqolalari o‘rin olgan kitobda muallifning maqolalari har qanday insonning o‘z yo‘lini topishida, o‘zligini anglashida, yutuqlarni baham ko‘rish barobarida kamchiliklardan xulosa chiqarishga undaydi.
- Har qanday ijodkorning sermahsul ijodi u yaratgan asarlarda ko‘rinadi, - deydi “Nuroniylar” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi raisi, jurnalist va shoir Xurshid Nurullayev. – Bekorga so‘zimni sermahsul demadim. Ustoz Farmon Toshev haqiqiy ijodkorlarning ijodkori. Shoirning “Savr bayozi” ham insonlarga ma’naviy ozuqa berish barobarida ularga savol va uning javobini ham beradi, o‘ylashga undaydigan, tavsiyaviy so‘zlari ham talay.
Mohir jurnalist Gulruh Mo‘minovaning “Minbardan tushgan istilohlar” kitobini o‘qib, gazeta targ‘ibotini kitob orqali yetkazish va uning zavqi mashaqqatini o‘zimda tuydim. Kitobda turli mavzulardagi maqolalari jamlangani ham o‘quvchini fikr yuritishga undasa ajabmas.

“Samarqand arxeologlari” risolasida Samarqand hududida qazishma ishlarini olib borgan va tarixni yaratgan arxeolog olimlar hayoti va faoliyati haqida so‘z borgan. Ushbu risola tarixchilar, arxeologlar, etnologlar, ilmiy izlanuvchilar va tariximiz bilan qiziquvchi keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.

- Bu kitob arxeolog olimlar hayoti va faoliyati haqida dastlabki nashr bo‘ldi, - deydi tarix fanlari nomzodi, arxeolog Amriddin Berdimurodov. – Albatta, tarixda qolish uchun ham uni yozish kerak. Bu albatta boshlanishi, kelgusida biz tahririyat jamoasi bilan bu yo‘nalishda yangi-yangi ma’lumotlarga boy manbalarni yaratishga kelishib oldik.
Tadbir ishtirokchilari hamda viloyat axborot-kutubxona markaziga mualliflarning kitoblari sovg‘a qilindi.
Husan Eltoyev.