Xorijlik jurnalistlar Samarqand matbuoti bilan tanishdi
Farg‘ona shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 25 yilligi munosabati bilan «Ijtimoiy ongning shakllanishida OAVning o‘rni» mavzusida o‘tkazilgan Farg‘ona III xalqaro konferensiyasi va mediaforumi ishtirokchilaridan bir guruhi Samarqand shahriga keldi.
Yaponiya, Xitoy, Hindiston va Belarus davlatidan kelgan jurnalistlar viloyat «Matbuot uyi»da bo‘lib, ijodiy xodimlar bilan suhbatlashdi, Zarnews.uz sayti studiyasi bilan tanishdi.

Shuningdek, xorijlik mehmonlar Samarqand matbuotining tarixi, viloyat gazetalarining faoliyati va to‘plangan tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev mehmonlarga viloyat matbuotining tarixi, bugungi faoliyati va keyingi yillardagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.
- Samarqand shahri va uning matbuoti haqida internet orqali ma’lumot olganman. Mana, bugun o‘z ko‘zim bilan ko‘rdimki, bu zamin nafaqat tarixiy obidalari va ziyoratgohlari, balki jurnalistika tarixi bilan ham ahamiyatli ekan, — deydi yaponiyalik jurnalist Nana Kunieda. — Viloyat matbuot muzeyida Samarqand jurnalistikasining tarixi, uning rivojlanish bosqichlari, hatto 100 yil avval foydalanilgan fotoapparatlardan tortib, qalamdonlargacha saqlanayotgani sohaga qaratilayotgan katta e’tibordan darak, desak yanglishmaymiz.
Mehmonlar «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari tahririyati, shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda jurnalistlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot olib, hamkasblari bilan o‘zaro fikr va tajriba almashdi.

Tashrif davomida xorijlik jurnalistlar Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy maskanlari va tabarruk qadamjolari, shuningdek, keyingi yillarda ko‘hna kentda bunyod etilgan zamonaviy inshootlarni ham tomosha qildi.