SIUT kutubxonasi EBSCO resurslaridan foydalanish bo‘yicha O‘zbekistonning TOP–10 kutubxonalari qatoriga kirdi
Toshkent shahrida joylashgan “Sarbon University”da Erasmus+ HEREs Milliy ekspertlar jamoasining yillik xalqaro konferensiyasi hamda “Ilmiy axborotdan foydalanish va nashr faolligi” IX yillik ilmiy-ta’lim forumi o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, talabalarning izlanish madaniyati, o‘qituvchilarning ilmiy faoliyati va universitetlarning umumiy akademik salohiyati ko‘p jihatdan kutubxonalar faoliyatiga, xususan, raqamli manbalardan foydalanish darajasiga bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) kutubxonasining 2025 yilda EBSCO ilmiy ma’lumotlar bazasidan eng samarali foydalanuvchi TOP–10 kutubxonalar ro‘yxatidan joy olishi universitetda ilmiy axborot bilan ishlashga jiddiy e’tibor berilayotganidan dalolat beradi.
“Sarbon University”da o‘tkazilgan forumda raqamli ta’lim, Bolonya jarayoniga moslashuv, ilmiy reytinglar, kutubxonalar faoliyatini modernizatsiya qilish kabi masalalar muhokama qilindi. Unda rektorlar, xalqaro ekspertlar, kutubxona rahbarlari va soha mutaxassislari qatnashdi. SIUT kutubxonasi delegatsiyasi ham tajriba almashish va sektordagi eng yangi yondashuvlarni o‘rganishda faol bo‘ldi.
Anjuman yakunida “Zamonaviy kutubxonada EBSCO elektron resurslaridan samarali foydalanish” tanlovining natijalari e’lon qilindi. Baholash faqat ochiq statistika — 2025 yilning aprel–iyul oylarida EBSCO platformasidan foydalanish ko‘rsatkichlari asosida amalga oshirildi.
Tanlovda 125 ta oliy ta’lim muassasasi ishtirok etdi. Natijaga ko‘ra, SIUT kutubxonasi eng yuqori faoliyat ko‘rsatgan kutubxonalar o‘ntaligiga kirdi.
Bu ko‘rsatkich talaba va o‘qituvchilarning xalqaro ilmiy manbalardan muntazam foydalanayotganini hamda universitetda ilmiy tadqiqotlar uchun zarur raqamli ekotizim shakllanganidan dalolat beradi.
- Kutubxonamiz oxirgi ikki yil davomida milliy va xalqaro miqyosda yuqori natijalarga erishdi, - deydi SIUT kutubxonasi direktori Ravshan Amirov. - 2024 yil oktyabrda O‘zbekiston OTM kutubxonalari reytingida 2-o‘rinni oldik. 2025 yil avgust oyida kutubxonamiz Astana shahrida bo‘lib o‘tgan IFLA WLIC 2025 xalqaro kongressida EBSCOdan foydalanish bo‘yicha "Top–10" kutubxonalar qatoriga kiritildi.
Bu natijalar kutubxonada resurslardan foydalanish madaniyati shakllanayotganini, talabalarning ilmiy izlanishlarga qiziqishi ortib borayotganini va raqamli bazalar bilan ishlash imkoniyatlari izchil kengayib borayotganini tasdiqlaydi.