Vazirliklar birlashdi: ta’lim sifati nima bo‘ladi?
Prezident Farmoniga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlik ta’limning barcha bosqichlarida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Xo‘sh, ushbu o‘zgarishlar ta’lim sifatini oshirish, uzluksizlikni ta’minlash va mavjud muammolarni hal etishda qanday natijalar beradi? Bu haqda soha mutaxassislari fikrlari bilan qiziqdik.
Shavkat Hasanov, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor:
– Ta’lim har qanday davlatning ertangi kunini belgilovchi poydevor hisoblanadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish bog‘chadan to oliy o‘quv yurtigacha keng qamrovli yangilanishlar ostonasida turganini ko‘rsatmoqda. Xususan, qabul qilingan yangi farmon bilan respublikamiz ta’lim tizimini boshqarishda chinakam tarixiy islohot amalga oshirildi.
Endilikda mazkur yangi vazirlik maktabgacha tarbiyadan boshlab, to oliy ta’limdan keyingi (ilmiy) bosqichgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda yagona davlat siyosatini yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida belgilandi. Bu o‘zgarish shunchaki tashkiliy birlashish yoki idoralarni qisqartirish emas, balki butun boshli ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik qarordir.
Dunyoning yetakchi mamlakatlari ta’lim siyosati aynan yagona markazlashgan tizim orqali boshqariladi. Bunday yondashuv turli bosqichlar o‘rtasidagi uzviylik va integratsiyani ta’minlab, qarorlarning amaliyotga tezkor joriy etilishiga xizmat qiladi. Masalan, Finlyandiyada barcha ta’lim bosqichlari Milliy ta’lim agentligi tomonidan boshqarilib, bog‘chadan oliy ta’limgacha bo‘lgan jarayonda imtihonlar bosimi minimallashtirilgan va ijtimoiy tenglikka erishilgan.
Singapurda esa Ta’lim vazirligi (MOE) akademik ta’limni kasbiy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirib, dasturlarni iqtisodiyot va STEM yo‘nalishlari ehtiyojlariga moslab boradi. Natijada global reytinglarda (PISA, TIMSS) yuqori o‘rinlarni zabt etib kelmoqda. Estoniyada barcha resurslar raqamli platformalar orqali birlashtirilib, bolalar bog‘chasidan boshlab raqamli savodxonlik yagona standart asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi tashkil etilgan tuzilma uzluksiz ta’limning barcha bo‘g‘inlarini yagona zanjir sifatida boshqaradi. Shuningdek, tugatilayotgan idoralarning barcha huquqlari, majburiyatlari va xalqaro shartnomalari bo‘yicha yangi vazirlik to‘liq huquqiy voris etib belgilandi.
Ushbu islohot uzviylik va zanjirli integratsiyani (bolalikdan ilm-fangacha bo‘lgan jarayonni yagona tizimga birlashtirish), yagona davlat standartlarini hamda byurokratiyani qisqartirish va byudjet mablag‘larini maqbullashtirishni ta’minlaydi.
Umuman olganda, mazkur farmon respublikamiz kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratib, yoshlarimizning raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishiga xizmat qiluvchi ulkan qadamdir.
Asadullo Daminov, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professori:
– Respublikamizda yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, innovatsion g‘oyalar va ishlanmalar, yuqori unumli resurs tejamkor texnologiyalardan samarali foydalanish, ta’lim va ilm-fan sohasida islohotlarni o‘z vaqtida amalga oshirib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda uzluksiz ta’lim-tarbiya va ilm-fan tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, inson kapitalini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, ta’limning barcha turlari o‘rtasidagi o‘zaro uzviylikni ta’minlash, ta’lim sohasida yagona samarali boshqaruv tizimini joriy qilish maqsadida yagona davlat boshqaruv organining tashkil etilishi ta’lim va ilm-fan sohasidagi muhim strategik o‘zgarishlardan biri bo‘ldi.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, ta’lim prinsiplaridan biri – ta’lim uzluksizligi va izchilligini ta’minlash hisoblanadi. Ta’lim sohasida bir nechta maxsus vakolatli davlat boshqaruv organlarining faoliyat olib borishi ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ta’lim izchilligi va uzluksizligini ta’minlashda ayrim nomutanosibliklarni keltirib chiqaradi. Jahon tajribasiga ko‘ra, ko‘plab rivojlangan davlatlarda ham ta’lim va ilm-fan sohasi bo‘yicha yagona organ faoliyat olib boradi.
Prezidentimizning mazkur farmoni asosida ta’lim sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan, shu sohaga javob beradigan, ta’lim uzluksizligi (bog‘cha — maktab — kasbiy ta’lim — universitet — oliy ta’limdan keyingi ta’lim — ilm-fan va hokazo) va sifatini ta’minlaydigan yagona davlat boshqaruv organining tashkil etilishi juda to‘g‘ri qaror bo‘lib, bugungi kunda muhim strategik ahamiyat kasb etadi.
Oliy ta’limni ilm-fan bilan yaqinlashtirish orqali ilmiy ishlanmalarni, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari kengayadi. Kadrlarni qayta tayyorlash yaxlitlashadi. Mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi. Ta’lim sifatiga yagona talablar kuchayadi. Ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni iqtisodiyot bilan bog‘lash imkoniyati yanada kengayadi.
Ta’lim va ilm-fan vazirligining tashkil etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad – ta’limning barcha bosqichlarini bir-biri bilan bog‘lash va ta’limni ilm-fan bilan integratsiya qilish orqali inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan.
Roziq Fayziyev, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining pedagogik kadrlarni tayyorlash va kasbiy rivojlantirish shu’basi boshlig‘i:
– Ta’lim tizimidagi har bir o‘zgarish jamiyat e’tiborida bo‘lishi tabiiy. Ayniqsa, so‘nggi islohotlar bevosita farzandlarimiz kelajagi, bilim olish jarayonlarining naqadar puxta va mantiqiy qurilganiga daxldor ekan, bunga befarq qarab bo‘lmaydi.
Dunyo tajribasiga yuzlanadigan bo‘lsak, rivojlangan davlatlarning deyarli barchasida ta’lim siyosatini yurituvchi yagona vazirlik faoliyat yuritadi. Shu ma’noda, yurtimizda ham bu borada muhim va kutilgan qadam tashlandi.
Shu paytgacha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi alohida idoralar sifatida ishlab kelayotgan edi. Qolaversa, kasbiy ta’lim – kasb-hunar maktablari va texnikumlarning goh u, goh bu idoraga qaratilishi tizimda muayyan muvofiqsizliklarni keltirib chiqarayotgandi.
Endilikda bularning barchasi yagona vazirlikda birlashtirildi. Bu o‘zgarishning zamirida nima yotibdi? Eng asosiysi, ta’lim-tarbiya bog‘chadan to oliy ta’limgacha uzluksiz va mukammal tizimga aylanishi kerak.
Avvallari maktabda o‘qitilgan ba’zi fanlar oliy ta’lim yoki texnikumlarda yana takrorlangani bois fanlar haddan tashqari ko‘payib ketardi. Bu esa ham vaqt, ham kuch isrofiga sabab bo‘lardi.
Yagona vazirlikning tashkil etilishi ana shunday sun’iy to‘siqlarning oldini oladi. Birinchidan, uzviylik ta’minlanadi, ya’ni bola maktabda olgan bilimini oliy o‘quv yurtida yoki kasb-hunar maktabida qayta o‘qib o‘tirmaydi, dasturlar bir-birini to‘ldirib boradi. Ikkinchidan, mutaxassislikka urg‘u beriladi, ya’ni talaba faqat o‘z sohasiga oid fanlarni chuqur o‘zlashtiradi, maktabda o‘tilgan bazaviy fanlar oliy ta’limda asossiz ravishda qaytarilmaydi. Uchinchidan, amaliy yo‘nalish kuchayadi, ya’ni yoshlarning maktab davridayoq kasbga bo‘lgan moyilligi aniqlanib, ular maqsadli ravishda kasb-hunarga yo‘naltiriladi.
Ta’lim vazirliklarini birlashtirish g‘oyasi jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan bir necha yillar oldin ham ko‘tarilib kelingan edi. Mana, vaqti kelib, bu orzu haqiqatga aylandi. Biroq eng asosiy masala endi boshqaruvda ko‘rinadi.
Tizim qanchalik mukammal tuzilgan bo‘lmasin, uning natijadorligi faqatgina kadrlarga bog‘liq. Agar bu sohaga tasodifiy odamlar emas, balki ta’limning har bir qatlamini chin dildan tushunadigan, uning iztirobi va quvonchini his qiladigan fidoyi mutaxassislar rahbarlik qilsagina, kutilgan yuksak natijalarga erishish mumkin. Aks holda, eng yaxshi islohotlar ham o‘z kuchini yo‘qotish xavfi saqlanib qolaveradi.
Umuman olganda, bu qadam ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi tarixiy imkoniyatdir. Uni qanday amalga oshirish barchamizga bog‘liq.
Xurshida ERNAZAROVA tayyorladi.