Oliy ta’lim: Yutuqlar ko‘p, ammo savollar ham oz emas

Oliy ta’lim tizimi boshqa sohalar qatori yildan yilga rivojlanmoqda.

Talabalarning oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish jarayonlaridan to ularning bakalavr, magistr diplomlarini qo‘lga kiritishlarigacha bo‘lgan bosqichlar takomillashmoqda. Oliy ta’lim muassasalari birinchilardan bo‘lib raqamlashtirish tizimiga o‘tdi, yutuqlar talaygina. Biroq, oliy ta’lim tizimida yutuqlar bilan birga muammolar ham yo‘q emas. Keling, shu sohani ichida chiniqqan, baland-pastini biladigan, yutuq va muammolaridan xabardor oliy ta’limning yetuk mutaxassislari fikrlariga quloq tutaylik.

Nargiza Yarmuxammedova, Samarqand davlat tibbiyot universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori:

- Tibbiyot yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi eng muhim yutuqlardan biri bo‘ldi. Hozirgacha 8 ta tibbiyot universiteti xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu bitiruvchilar diplomining xalqaro miqyosda tan olinishi va talabalarning zamonaviy bilimlar bilan ta’minlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Tibbiyot yo‘nalishidagi universitetlarda zamonaviy simulyasion markazlar (reanimatsiya, tibbiy yordam, akusherlik va boshqalar bo‘yicha) tashkil etilib, talabalar mazkur markazlarda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Bu jarayonda sun’iy intellekt texnologiyalaridan ham keng foydalanilmoqda.

So‘nggi yillarda tibbiyot universitetlariga yillik qabul qilinadigan talabalar soni ortmoqda. Shuningdek, xususiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari soni ham ortib, talabalarning 40 foizi ularda tahsil olmoqda.

Tibbiyot universitetlari va kollejlari bitiruvchilarining bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun shaffof tizim joriy etilmoqda. Shu maqsadda Milliy baholash markazi tashkil etildi.

Bugungi kunda tibbiyot yo‘nalishida ta’sil olgan xorijlik talabalar Hindistonda tibbiyot amaliyoti uchun zarur bo‘lgan FMGE (Xorijiy tibbiyot bitiruvchilari imtihoni)dan 80 foizdan ortiq qismi muvaffaqiyatli o‘ta oldi. Oliy ta’lim muassasalarida xorijiy talabalarga ta’lim beruvchi pedagog-o‘qituvchilar soni yetarli darajada shakllangan bo‘lsa-da, talabalarning klinik amaliyot jarayonlarini samarali tashkil etishda muayyan muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, xorijiy talabalar nazariy bilimlarni ingliz tilida o‘zlashtirganidan so‘ng klinik bazalarda amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashi zarur. Biroq, klinik bazalarda faoliyat yuritayotgan, xorijiy tilni erkin biladigan hamda xalqaro til sertifikatiga ega shifokorlar soni yetarli emas. Natijada talabalar va amaliyot rahbarlari o‘rtasidagi muloqot hamda klinik ko‘nikmalarni o‘rgatish jarayonida qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Bu holat xorijiy talabalarning amaliy tayyorgarligi sifati va xalqaro tibbiy malaka imtihonlaridagi natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Asadullo Daminov, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professori:

- Jamiyatga malakali, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlarni tayyorlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar sohaning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillikning bosqichma-bosqich berilishi, qabul kvotalarining kengaytirilishi, ta’lim jarayoniga kredit-modul tizimining joriy etilishi, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikning kuchaytirilishi hamda ilmiy faoliyatga alohida e’tibor qaratilishi ushbu islohotlarning eng muhim yo‘nalishlari bo‘ldi.

Bu o‘zgarishlar natijasida oliy ta’lim qamrovi sezilarli darajada oshdi. Ilgari oliy ta’limga kirish imkoniyati cheklangan bo‘lsa, bugungi kunda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, xorijiy universitetlar filiallari hamda masofaviy ta’lim shakllari orqali yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilarning ilmiy faolligini oshirish, xalqaro jurnallarda maqolalar chop etish, ilmiy daraja va unvon olish jarayonlarining takomillashtirilishi ham ijobiy natijalar bermoqda. Ayniqsa, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Universitetlarda ilmiy laboratoriyalar, innovatsion markazlar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi shakllandi. Bu esa talabalar va yosh tadqiqotchilarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, hali yechimini kutayotgan ba’zi muammolar ham mavjud. Jumladan, ayrim hududlarda moddiy-texnika bazasi yetarli darajada emas, zamonaviy laboratoriya jihozlari va o‘quv-amaliy infratuzilmaga ehtiyoj yuqori.

Professor-o‘qituvchilarning hisobot va hujjatbozlik yuklamasi ba’zan asosiy vazifa, ya’ni ta’lim berish va ilmiy izlanishlarga to‘liq e’tibor qaratishga to‘sqinlik qiladi.

Shuningdek, keyingi yillarda oliy ta’limda o‘qib turgan talabalarni boshqa oliy ta’lim muassasasiga, ya’ni boshqa ta’lim yo‘nalishiga test topshirib kirishga imkon berilgan. Bu balki bir tomondan yaxshidir, lekin tanganing ikkinchi tomoniga ham e’tibor qaratish lozim. Masalan, biologiya yoki veterinariyaga oid yo‘nalishlardan birida o‘qiyotgan talaba birinchi bosqichni tugatib, tibbiyot institutiga test topshirib o‘tib ketish holatlari ko‘p kuzatilyapti. Natijada talaba uchun ajratilgan kvota o‘rni bo‘sh qolyapti. Tibbiyot institutida esa talabalar soni ortib ketyapti. Boshqa yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarida ham xuddi shunday muammolar kuzatilyapti.

Bu muammoning oldini olish uchun oliy ta’limga abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish jarayonida fanlar majmuasini shakllantirishni qayta ko‘rib chiqish zarur. Har bir bilim sohasi uchun fanlar majmuasini alohida qilish yoki abituriyentlarga bir soha doirasidagi oliy ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyatini oshirish kerak. Abituriyent tibbiyot xodimi bo‘lmoqchimi, u faqat tibbiyot oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirsin. Unga turdosh ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati berilmasin.

Bundan tashqari, maqsadli qabul qilingan talabalar o‘qishni bitirgach, o‘z hududida, o‘z sohasida ishlamaydi. Ularning harakatini boshqarishning ham imkoni yo‘q. Shuning uchun maqsadli qabullarni bekor qilish kerak.

Birinchi bosqichni o‘qib tugatganda davlat grantlarini qayta taqsimlash nizomini  takomillashtirish lozim. Bunda akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari HEMIS platforasidan olinadi, ijtimoiy faollikni ham platformadan olinadigan qilish kerak.

Nodavlat, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ham davlat oliy ta’lim muassasalari kabi abituriyentlarni bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan avval test, keyin tanlov tartibida qabulni tashkil etish zarur.

Ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, ishlab chiqarish korxonalari bilan shartnomalarni kengaytirish lozim. Buning uchun ilmiy sohada bajarilayotgan ishlar, xo‘jalikdagi muammolar va uning yechimidan kelib chiqish kerak.

Xalqaro bazadagi maqolalar salmog‘ini oshirish orqali mamlakatimiz olimlari ilmini jozibadorligini oshirish maqsadga muvofiq.

Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun universitetlarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, raqamlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, professor-o‘qituvchilarning ortiqcha hisobotlarini qisqartirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish hamda ta’lim dasturlarini mehnat bozori ehtiyojlari asosida muntazam yangilab borish lozim.


Umuman olganda, oliy ta’lim tizimidagi islohotlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Eng muhimi, bu jarayon uzluksiz davom etmoqda. Tizimdagi mavjud kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilsa, O‘zbekiston oliy ta’limi xalqaro raqobatbardoshlikka ega bo‘lgan, zamonaviy va samarali tizimga aylanishi shubhasiz.

***

Darhaqiqat, bugun oliy ta’lim sohasi uzluksiz rivojlanishda. Maqtovga arzirli yutuqlar ko‘p, ularning ayrimlarini yuqorida soha mutaxassislari aytib o‘tdi. Biz yutuqlar bilan maqtanib qolmasdan muammolarga ham birgalikda yechim topishimiz kerak. Buning uchun, avvalo, oliy ta’lim muassasalarida sog‘lom raqobat muhitini yaratib, eng malakali kadrlarning ishga kelishini ta’minlashimiz lozim. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali ta’lim dasturlarini modernizatsiya qilish hamda moddiy texnik bazani bosqichma-bosqich yangilash zarur.

Oliy ta’limdagi yutuqlarga qaramay, tizimda bir qator jiddiy muammolar mavjud. Masalan, tibbiy yo‘nalishdagi universitetlar, ayniqsa, xorijiy talabalar uchun ruxsat etilgan normadan ko‘p miqdorda talaba qabul qilmoqda. Bu holat yotoqxonalar, auditoriyalar va klinik kafedralarning to‘lib ketishiga va ta’lim sifatining pasayishiga olib keladi.

Yuqori malakali tibbiy kadrlar yetishmasligi ham mavjud muammolardan biridir. Bugun O‘zbekistonda 10 000 kishiga 29 nafar shifokor to‘g‘ri keladi, bu ko‘rsatkich AQSh, Buyuk Britaniya va Finlandiya kabi rivojlangan mamlakatlar bilan taqqoslanganda juda kam. Biroq, ushbu shifokorlar sonining sifat va samaradorlik bilan hamkorlikda emasligi ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, yurtimizda chet tili sertifikatiga ega pedagog va shifokorlar yetishmasligi ham bor gap.

O‘zbekistondagi tibbiy yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarida moddiy-texnik baza yaxshilangan, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish borasida ijobiy ishlar qilingan. Biroq, sifat nazoratining yo‘qligi, akademik standartlarning pasayishi, ayniqsa, til bilish va o‘qitish sifatidagi muammolar hozircha o‘z yechimini topayotgani yo‘q. Bu muammolar ham yaqin orada o‘z yechimini topishi uchun keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xullas, hali oliy ta’lim tizimida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar bir talay. Muammo va kamchiliklarni birdamlikda, hamjihatlikda, salohiyatli kadrlar bilan bartaraf etish maqsadga muvofiq.

Xurshida Ernazarova tayyorladi.