“Eng faol kitobxon” tanlovi ishtirokchilari Zominga sayohatga bordi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi tomonidan kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish hamda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida mutolaaga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida o‘tkazilgan “Eng faol kitobxon” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faol ishtirok etgan kitobsevarlarga munosib rag‘bat sifatida Jizzax viloyatining Zomin tumaniga sayohat yo‘llanmalari taqdim etilgan edi.

Mazkur sertifikatlar asosida joriy yilning 11–12 iyun kunlari tanlov ishtirokchilari hamda bir guruh ishchi-xodimlar uchun Zomin tumaniga ikki kunlik ma’rifiy va madaniy sayohat tashkil etildi. Sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad kitobxonlarni rag‘batlantirish, ularning dunyoqarashini kengaytirish, mehnat jamoalari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Sayohat davomida ishtirokchilar mamlakatimizning eng go‘zal va so‘lim maskanlaridan biri hisoblangan Zominning betakror tabiati, musaffo havosi va ko‘rkam manzaralari bilan yaqindan tanishdilar. Ular tumanning diqqatga sazovor turistik ob’yektlariga borib, hududning tarixi, madaniy merosi hamda turizm salohiyati haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Ayniqsa, tog‘ bag‘rida joylashgan dam olish maskanlari, yashil tabiat qo‘ynidagi sayrlar va madaniy tadbirlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Sayohat davomida kitobxonlikning inson ma’naviy hayotidagi o‘rni, mutolaaning shaxsiy kamolotga ta’siri haqida fikr almashishlar ham tashkil etildi. Bu esa tadbirning nafaqat dam olish, balki ma’rifiy ahamiyatini ham yanada oshirdi.
- Bunday e’tibor va rag‘bat uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashiga minnatdorchilik bildiraman, - deydi tanlovda 1-o‘rinni olgan Samarqand shahri 82-maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Husnidaxon Onarboyeva. - Zominga uyushtirilgan sayohat nafaqat dam olish, balki yangi taassurotlar olish, kitobsevarlar bilan fikr almashish va ma’naviy ozuqa olish uchun ham ajoyib imkoniyat bo‘ldi.

Bunday tadbirlar kelgusida ham davom ettirilishi, kitobxonlarni munosib rag‘batlantirish orqali jamiyatda mutolaa madaniyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz. Zomin bag‘rida o‘tkazilgan ushbu sayohat esa kitobga mehr qo‘ygan insonlarga ko‘rsatilgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.