Kartoshkachilikda Samarqand tajribasi bo‘ladi
Prezidentimizning 2025 yil 8 sentyabrdagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimining tegishli qarori bilan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorlarda narx-navoni barqaror saqlash hamda kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha kompleks vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat va tuman prokuraturalari huzurida maxsus shtablar tashkil etilgan. Ushbu shtablar tarkibiga prokuratura organlari bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi sohasidagi mutasaddi tashkilotlar, agroinspeksiya, fermerlar kengashi, irrigatsiya tizimlari boshqarmalari, o‘simliklar karantini va himoyasi xizmati, bank muassasalari hamda urug‘chilik markazlarining tajribali mutaxassislari jalb qilindi. Mutasaddilar tomonidan har bir fermer va dehqon xo‘jaligi kesimida bahorgi kartoshka ekilishini tashkil etish, urug‘lik bilan ta’minlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Natijada joriy yil uchun viloyat bo‘yicha 22,2 ming gektar maydonda kartoshka yetishtirilmoqda, shundan 16,2 ming gektari fermer xo‘jaliklari, 6 ming gektari esa dehqon xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi, fermerlar tomonidan ekilishi rejalashtirilgan maydonlarning barchasi “Cropagro” agroplatformasiga kiritilib, raqamli nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Kartoshkachilikda yuqori hosildorlikka erishish, avvalo, sifatli urug‘likka bog‘liq. Shu maqsadda viloyatga xorijdan yuqori reproduksiyali urug‘lik kartoshka olib kelindi. Niderlandiyadan bir qator fermer xo‘jaliklari va mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan jami 3654 tonna urug‘lik kartoshka import qilindi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil bahorgi ekish mavsumi uchun viloyatda 62,5 ming tonnadan ortiq urug‘lik kartoshkaga ehtiyoj bor edi va bu talab to‘liq qoplanib, qo‘shimcha zaxira ham yaratildi.
Shuningdek, sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kartoshka yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan 164 ta xo‘jalikka jami 11,8 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Bu mablag‘lar urug‘lik xaridi, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va boshqa zarur ehtiyojlarni qoplashda muhim omil bo‘ldi.
Sohada qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash maqsadida prokuratura organlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatildi. O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ayrim kamchilik va qonunbuzilish holatlari ham aniqlandi. Ularni bartaraf etish maqsadida 3 ta taqdimnoma kiritildi, 56 nafar mansabdor shaxs rasman ogohlantirildi. Shuningdek, 10 nafar shaxs intizomiy, bir nafar shaxs esa ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qonun buzilishining qo‘pol holatlari bo‘yicha esa 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bugungi kunda viloyatning barcha hududlarida kartoshka hosili yig‘ib olinmoqda. Dehqon va fermerlarning mashaqqatli mehnati natijasida ichki bozorda mahsulotlar yetarli miqdorda shakllanib, aholini kartoshka bilan uzluksiz ta’minlash hamda narx-navoni barqaror saqlashga erishilmoqda.
Viloyat tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat siyosati, fermer mehnati va qat’iy nazorat uyg‘unligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim natijalar bermoqda. Bu esa mamlakatimizda agrar sohani yanada rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Rauf Mirzayev,
viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori.