Samarqandda elektr o‘g‘rilari fosh etildi: 2,5 milliard so‘mlik zarar aniqlandi
Samarqand shahri va tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq uchta holat fosh etildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qoidabuzarliklar oqibatida davlat va energetika tizimiga yetkazilgan zarar qariyb 2,5 milliard so‘mni tashkil etgan.
Bosh prokuratura shtabi tomonidan Samarqand tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “T. M.” uyushmasiga qarashli noturar binoda elektr qurilmalari o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulangani aniqlandi. Natijada 1 milliard 113 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Shuningdek, mazkur tumanda fuqaro A. A.ga tegishli binoda ham xuddi shunday qoidabuzarlik holati qayd etildi. Dastlabki hisoblarga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 261 million so‘mni tashkil qilgan.
Yana bir holat Samarqand shahrida joylashgan “B. A. O.S.” MChJga qarashli binoda aniqlandi. Tekshiruvlar davomida ob’yekt elektr tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulangani ma’lum bo‘lib, natijada 135 million so‘mlik elektr energiyasidan qonunga zid tarzda foydalanilgan.
Huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish ishlari olib borilmoqda.