Narkolaboratoriya - yashirin jinoiy markaz
Giyohvandlik faqat bir shaxsning sog‘lig‘iga emas, balki oila, mahalla, jamiyat xavfsizligi va millat genofondiga tahdid solayotgan og‘ir ijtimoiy illatdir. U insonni mehnatdan, ilmdan, oiladan va oxir-oqibat hayotdan ayiradi.
Shu bois giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyatidir.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezident tomonidan 2026 yil 11 iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi. Mazkur hujjat giyohvandlikka qarshi kurashish sohasida javobgarlik choralarini aniqlashtirish va kuchaytirishga qaratilgan muhim huquqiy mexanizm deyishga to‘la asoslar bor.
Qonun tuzilishi jihatidan ham keng qamrovga ega. U 1-moddadan 8-moddagacha bo‘lgan normalarni o‘z ichiga oladi. Asosiy o‘zgartishlar Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan yangi jinoyat tarkiblari bilan bog‘liq bo‘lib, shu bilan birga Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq maxsus qonun hujjatlariga ham muvofiqlashtiruvchi o‘zgartishlar kiritilgan.
E’tiborli jihat shundaki, Jinoyat kodeksining XIX bobi “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” yo‘nalishida takomillashtirilmoqda. Bu yondashuv giyohvandlikka qarshi kurash faqat jinoyatchilikni jilovlash emas, balki aholi salomatligi, yoshlar kelajagi va milliy genofondni himoya qilish masalasi ekanini ko‘rsatadi.
Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksi 276-1-moddadan 276-13-moddagacha bo‘lgan yangi normalar bilan to‘ldirilmoqda. Ular orasida 276-1-modda - “G‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish”, 276-2-modda - “Bangixona tashkil qilish yoki saqlash”, 276-3-modda - giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish kabi normalar alohida ahamiyatga ega. Bu normalar narkojinoyatchilik zanjirining faqat sotish yoki iste’mol bosqichini emas, balki ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, targ‘ib qilish, homiylik qilish va voyaga yetmaganlarni jalb etish kabi xavfli ko‘rinishlarini ham qamrab oladi.
Qonunning eng muhim yangiliklaridan biri - giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini ishlab chiqarish, tayyorlash yoxud qayta ishlash maqsadida g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish alohida jinoyat sifatida belgilanganidir. Bunday qilmish uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Agar jinoyat takroran, bir guruh shaxslar tomonidan, ko‘p miqdorda yoki boshqa og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, javobgarlik yanada kuchayadi.
Narkolaboratoriya oddiy saqlash joyi emas. U giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni tayyorlash, qayta ishlash yoki kimyoviy sintez qilishga xizmat qiladigan yashirin jinoiy markazdir. Bunday joylarda tayyorlangan moddalarning tarkibi ko‘pincha noma’lum bo‘ladi. Ularning inson organizmiga ta’siri oldindan aniqlanmaydi, bir martalik iste’mol ham og‘ir zaharlanish, ruhiy buzilish, qaramlik yoki o‘limga olib kelishi mumkin. Shuning uchun narkolaboratoriyani alohida jinoyat o‘chog‘i sifatida belgilash amaliyot uchun ham, profilaktika uchun ham muhim qadamdir.
Jahon miqyosidagi raqamlar bu muammoning qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi. BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi - UNODC ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda dunyo bo‘yicha 316 million kishi alkogol va tamakidan tashqari giyohvandlik moddalarini iste’mol qilgan. Bu 15–64 yoshdagi aholining 6 foizini tashkil etadi. Eng ko‘p iste’mol qilingan modda kannabis bo‘lib, undan 244 million kishi foydalangan. Undan keyin opioidlar - 61 million, amfetaminlar - 30,7 million, kokain - 25 million va ekstazi - 21 million kishi qayd etilgan.
Giyohvandlikning eng fojiali oqibati - o‘lim. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda taxminan 600 ming o‘lim giyohvandlik moddalari iste’moli bilan bog‘liq bo‘lib, shularning qariyb 450 mingi opioidlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Dunyo bo‘yicha 64 millionga yaqin kishi giyohvandlikka qaramlik va uning bilan bog‘liq kasalliklardan aziyat chekmoqda. Bu raqamlar giyohvandlik faqat jinoyat emas, balki jahon sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham katta muammo ekanini anglatadi.
Yangi qonun bangixona tashkil qilish yoki saqlash uchun ham javobgarlikni aniq belgiladi. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish yoxud tarqatish maqsadida maxsus joy tashkil etgan yoki saqlagan shaxslar 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu norma bunday joylarning ijtimoiy xavfini to‘g‘ri baholaydi. Chunki bangixona faqat iste’mol joyi emas, balki yangi iste’molchilarni jalb qilish, giyohvandlikni tarqatish va jinoiy muhitni shakllantirish nuqtasidir.
Qonunda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga homiylik qilish uchun ham alohida jinoiy javobgarlik belgilangan. Bunday harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. Bu muhim yangilikdir, chunki narkojinoyatchilik odatda faqat sotuvchi va xaridordan iborat emas. Uning ortida moliyalashtiruvchi, joy bilan ta’minlovchi, tashishga ko‘maklashuvchi, aloqa o‘rnatuvchi va jinoiy faoliyatni yashirin boshqaruvchi shaxslar ham turadi.
Shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni o‘g‘irlik yoki firibgarlik orqali qonunga xilof ravishda egallash uchun ham javobgarlik nazarda tutilgan. Bu norma ayniqsa dorixona, tibbiyot muassasasi, ombor, laboratoriya yoki boshqa maxsus joylarda saqlanadigan kuchli ta’sir etuvchi moddalarning noqonuniy aylanmaga chiqib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda giyohvandlik jinoyatchiligi tobora raqamlashib bormoqda. Internet, messenjerlar, yashirin to‘lovlar, soxta dorilar, niqoblangan reklama va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarni aldov yo‘li bilan jalb qilish holatlari ko‘payayotgani dunyo hamjamiyatini xavotirga solmoqda. Shuning uchun sodir etilgan jinoyatga nisbatan jazoni kuchaytirish bilan birga, profilaktika, huquqiy targ‘ibot, ta’lim muassasalarida ogohlik ishlari, ota-ona va mahalla nazorati ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Giyohvandlikka qarshi kurashda eng samarali yo‘l - jinoyat sodir etilgandan keyin jazolash bilan cheklanish emas, balki uning oldini olishdir. Yoshlarga “bir marta sinab ko‘rish” ham butun umrga tatiydigan fojiaga aylanishi mumkinligini tushuntirish kerak. Narkotik modda insonni avval qiziqish, keyin qaramlik, so‘ngra jismoniy va ma’naviy tanazzul sari yetaklaydi.
Xulosa qilib aytganda, narkolaboratoriya tashkil etish uchun javobgarlikning alohida jinoyat sifatida belgilanishi huquqiy siyosatda muhim qadamdir. Bu qadam giyohvandlikning ildiziga - uni ishlab chiqarish, tayyorlash va tarqatish manbalariga qarshi qaratilgan. Qonunning maqsadi faqat jazolash emas, balki aholi salomatligini, jamoat xavfsizligini va kelajak avlodni himoya qilishdir. Giyohvandlik haqiqatan ham umr zavoli; unga qarshi kurash esa har bir fuqaroning vijdoniy va huquqiy burchidir.
Zarifa Ahmedova,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sudyasi.