“Malibu”dan noodatiy giyohvand vositasi topildi
2020 yilning 12 noyabr kuni soat taxminan 20:30 da Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB xodimlari tumanning 19-mavzesida xizmat olib borayotgan vaqtida, “Istanbul” do‘koni oldida 30 yoshli Oybek D. boshqaruvidagi “Malibu” rusumli avtomashinasida o‘zini shubhali tutganligi sababli uning yoni va boshqaruvidagi avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruvdavomida avtomashina old yo‘lovchi o‘rindig‘ida polietilen paket ichida ko‘k rangli kukunsimon modda va 5 dona har xil rangli plastmassa naychalar borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasida fuqaro Oybek D.dan olingan modda tarkibida giyohvand vosita «pirrolidinovalerofenon» mavjud bo‘lib, uning og‘irligi 0,25 grammni tashkil etishi, 5 dona plastmassa naychalarda ham “pirrolidinovalerofenon» izlari borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB 1-sonli IIB TB tomonidan Oybek D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIV huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Oybek D. gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, himoyachi ishtirokida so‘roq qilingan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.