Samarqandda uyida giyohvandlik moddasi iste’mol qilgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand shahar IIB xodimlari 25 yanvar kuni soat 6:40 larda Samarqand shahri Usmon Yusupov nomli ko‘chada yashovchi 1960 yilda tug‘ilgan fuqaro O.O.ning yashash uyi va yordamchi xo‘jaliklarini ko‘zdan kechirganida, giyohvandlik moddasini iste’mol qilishga mo‘ljallangan bir dona 1,5 litr hajmdagi va bir dona 1 litr hajmdagi maxsus yelim idishlar (baklashka), bir dona gugurt qutisiga qadoqlangan “marixuana” giyohvandlik o‘simligiga o‘xshash o‘simlik urug‘lari va qog‘oz bo‘lagiga o‘ralgan “marixuana” giyohvandlik vositasi xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Samarqand viloyat IIB ekspert-kriminalistika bo‘limining xulosasiga ko‘ra, fuqaro O.O.ning  uyidan olingan bir dona yashil rangli, o‘tkir hidli, quritilgan holdagi o‘simlik moddasi tarkibida giyohvand modda “tetragidrokannabinol” mavjud bo‘lib, bu modda “marixuana” giyohvand moddasi turiga kirishi, uning umumiy sof og‘irligi 2,45 grammga tengligi; bir dona gugurt qutisiga solingan och yashil rangli o‘simlik urug‘lari tarkibida giyohvand modda topilmaganligi, o‘simlik urug‘larining umumiy sof og‘irligi 2,28 grammga tengligi; ikki dona yelim idish (baklashka)da giyohvand modda “tetragidrokannabinol” modda izlari topilganligi ko‘rsatilgan.

IIV Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.