Boshquduqda Navro‘z sayli
Bahor nafasi ufurib turgan ayni kunlarda tabiatning go‘zalligi insonlar qalbidagi shukronalik tuyg‘usi bilan uyg‘unlashmoqda. Yurtdoshlarimiz faslga xos jonlanish, yangilanish hissini tuyayotir. Ushbu kayfiyat Nurobod tumanining Boshquduq qishlog‘ida o‘tkazilgan Navro‘z saylida o‘z aksini topdi.
Erta tongdan bolajonlar, keksa-yu yosh qishloqning sayil maydoniga yig‘ildi. Dasturxonga milliy taomlar tortildi, bir tomonda milliy kurash musobaqalari qizg‘in tus oldi. Bolajonlar o‘yin atraksionlaridan zavq olgan bo‘lsa, onaxonlar o‘lan va laparlar kuylab, milliy an’analarimizning betakror jozibasini namoyon etishdi. Otaxonlar yoshlarga milliy qadriyatlarimiz haqida so‘zlab berib, yurtimiz tinchligi, fuqarolarning osoyishta, farovon turmushi e’tirofini duolariga ko‘chirdi.
Ayniqsa, kurash musobaqasi saylga kelganlar uchun o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Rahimberdi Rustamov, Eshmurod Avg‘onov, Qosim Qodirov, Elyor Rajabov kabi mahalla oqsoqollari sportga e’tibor yuksalgan jamiyat sog‘lom bo‘lishi, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat qatorida sport ham shaxsning jismoniy barkamolligiga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Ayniqsa, kurash sporti milliy qadriyatlarimiz himoyachisi bo‘lib, o‘zida milliy g‘urur, iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashni ta’minlaydi.
Kurash musobaqasini tomosha qilgan boshquduqliklar yurtimizda alp polvonlar kamol topayotgani, Navro‘z sayli - shunchaki bayram sifatida emas, xalqning birligi, qadriyatlarga sadoqati va tinch hayotga bo‘lgan shukronaligining yorqin ifodasi ekanligiga amin bo‘ldilar.