Zamonaviy maktab binosi o‘quvchilarga munosib sovg‘a bo‘ldi
Yangi o‘quv yilida Urgut tumanidagi 7-sonli umumta’lim maktabining zamonaviy 300 o‘rinli o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
Maktab 2005 yilda 720 o‘ringa mo‘ljallangan holda qurilgan bo‘lib, 2015 yilda yana 520 o‘rinli qo‘shimcha bino barpo etilgan edi. Biroq yillar davomida o‘quvchilar soni ortib, mavjud o‘quv binolari 1600 nafarga yaqin o‘quvchiga torlik qilib qoldi.
2026 yil may oyida maktab hududida yangi 300 o‘rinli zamonaviy bino qurilishi boshlanib, uch oy muddatda foydalanishga topshirildi. «Registon Nur Lider» qurilish korxonasi tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishida 4 milliard 331 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab maktabda 1410 nafar o‘quvchiga 84 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda.
Yangi binoning foydalanishga topshirilishi maktabimizda ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilab, o‘quvchilarimiz uchun qulay muhitni ta’minlamoqda, - deydi ta’lim muassasasi direktori Faxriddin Zayniyev. - 14 ta to‘garakka 250 nafardan ziyod o‘quvchi jalb qilingan bo‘lib, ular bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidori va qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Erishgan yutuqlarimizdan biri joriy yilda 11 nafar bitiruvchimiz oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinganligidir.
Dilmurod To‘xtayev.