Qaysi ta’lim mutaxassisliklariga talab kam bo‘ldi?
Shunday zamonlar bo‘ldiki, maktab bitiruvchilaridan kim bo‘lmoqchisan, deb so‘rasangiz “Rossiyaga ketaman”, deb javob berardi. Xo‘sh, qaysi kasbda ishlamoqchisan, desangiz, “Topilgan ishda ishlayveraman, muhimi, pul topsam bo‘ldi”, derdi.
To‘g‘ri, o‘tish davrida ta’limga biroz nopisandlik qilindi. Odamlar ozroq taqchillikka sabr qilolmay, ko‘proq pul topishga urindi va ta’limga e’tibor susaydi.
Shukrki, bugun zamon o‘zgardi, orzu-umidlar, qarashlar yangilandi. Endi kambag‘alning farzandi ham bilimi bilan istalgan oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kira oladi. Test sinovlarining adolatli o‘tkazilayotgani yoshlarning faqat o‘z bilimiga ishonishga majbur qildi. Bir vaqtlar maktab bitiruvchilarining 50 foizi belgilangan eng kam ballni to‘play olmagan bo‘lsa, bu yil qariyb 13 mingga yaqin abituriyent test savollarida tushadigan beshta fandan sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi. Xo‘sh, bu yil qaysi yo‘nalishlarga talabgorlar ko‘p bo‘ldi?
Buning uchun mandat.uzbmb.uz saytidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabalarni kuzatdik.
Samarqand davlat chet tillar instituti filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishiga 80 nafar abituriyent 189 ball bilan davlat grantiga o‘qishga qabul qilingan. Bu yilgi ballarning yuqorilab ketganini to‘lov-kontraktning 188,5 ball bilan (Dusanova Ch.O) boshlanganidan bilsak bo‘ladi. Shuningdek, 177 nafar abituriyent to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Davronova N.F 183,6 ball bilan to‘lov-kontraktning eng oxirgi talabasi bo‘lgan. 10 nafar abituriyent yuqori ballar bilan imtiyozli davlat grantiga qabul qilingan.
Samarqand davlat tibbiyot universitetining davolash ishi yo‘nalishiga 146 nafar abituriyent 189 ball bilan davlat granti, 12 nafari imtiyozli davlat granti, 60 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Qizig‘i, 189 ball bilan 1 nafar abituriyent to‘lov-shartnoma asosida talabalikka tavsiya etilgan bo‘lsa, 187,8 ball eng oxirgi o‘tish balli bo‘lgan. Imtiyozli davlat granti asosida o‘qishga kirgan talabalarning ballari ham 189 baldan 185 balgacha to‘plagan.
Har yili yoshlar o‘rtasida yuridik sohada o‘qishni istovchilar ko‘p bo‘ladi. Ballar ham shunga yarasha yuqori bo‘ladi. Ammo bu yilgi natijalardan hafsalamiz pir bo‘ldi. Sababi, Samarqand davlat universitetining yurisprudensiya yo‘nalishiga davlat grantiga hech kim o‘qishga kirmagan. Eng yuqori ball 176,4 bo‘lib, abituriyent (Xolmaxmatov H.N) to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. To‘lov-shartnoma asosida 76 nafar abituriyent o‘qishga kirgan, o‘tish ball 161,1 (Mamatkulov A.O) bo‘lgan. Shunisi ajablanarliki, 91 nafar abituriyent kam ball bilan imtiyozli davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan, ya’ni ularning asosiy qismi 100 ball ham to‘play olmagan. Imtiyozli davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinganlarning eng kam to‘plagan balli 57,6 ni tashkil etmoqda.
Shuningdek, imtiyozli abituriyentlarning qolgan 25 nafari to‘lov-shartnoma asosida 72,5 balldan 57,8 balgacha to‘plaganlar talaba bo‘lgan.
Savol tug‘iladi: 57,6 ball bilan oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan talabadan qanaqa yetuk huquqshunos chiqadi? Bitta yo‘nalishda 116 ta imtiyoz ko‘p emasmi? Aslida bir yo‘nalishga 4-5 ta imtiyozga ruxsat berilishi kerak emasmidi? Savollar ko‘p, ammo imtiyozli oliy ta’lim muassasasiga qabul qilishning cheragasi bo‘lishi kerak.
Keyingi yillarda davlat oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun beriladigan imtiyozlar shunchalar ko‘payib ketdiki, mana natijasini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Samarqand davlat chet tillar institutining filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishiga eng past ball 183,6 bo‘lgan, Samarqand davlat tibbiyot universitetining davolash ishi yo‘nalishiga o‘tish ball 187,8 bo‘lgan, ammo atigi 57,6 ball bilan abituriyent Samarqand davlat universitetining yurisprudensiya yo‘nalishiga imtiyozli davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Qani bu yerda adolat?
Yuqoridagi ikkala oliy ta’lim muassasasiga 180 ball to‘plaganlar o‘qishga kirolmagan, hatto bir nafar abituriyent 189 ball bilan to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.
Beshta oliy ta’lim muassasasini tanlashdan murod yuqori ball to‘plaganlar o‘qishdan yiqilmasin, birortasiga kirsin degan maqsadda joriy etilgandi. Ammo yuqoridagi holatdan hali abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayoni mukammal ishlanmaganini angladim. Sababi, yana bilimlilar qolib, bilimi pastlar o‘qishga kiryapti.
Nega oltinchi yo‘nalishni tanlashga ruxsat berildi?
2026-2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari o‘tkazilib, javoblar chiqqach, ayrim oliy ta’lim muassasalarida vakant o‘rinlar uchun oltinchi yo‘nalishni tanlashga ruxsat berildi. Bu yil 80 ta oliy ta’lim muassasasida 31 ming 808 ta vakant o‘rinlar bo‘sh qolgan. Savol tug‘iladi: qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha vakant o‘rinlar bor?
Fakt va raqamlarni viloyatimizdagi ayrim oliy ta’lim muassasalari misolida keltiraman. Samarqand davlat texnika universitetida 688 ta vakant o‘rin qolgan. Ayniqsa, arxitektura yo‘nalishiga 144 ta o‘rin, atrof-muhit muhandisligi yo‘nalishiga 66 ta o‘rin, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi yo‘nalishiga 47 ta o‘rin bo‘sh qolgan.
Arxitektura yo‘nalishiga eng yuqori 172,7 balldan 70 ballgacha 41 nafar abituriyent davlat grantiga o‘qishga qabul qilingan. Shuningdek, 3 nafar talabgor imtiyozli davlat granti, 20 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Aslida universitetning arxitektura yo‘nalishiga 200 ta kvota ajratilgan bo‘lib, atigi 64 nafar abituriyent o‘qishga qabul qilingan. Oltinchi yo‘nalishni tanlashga ruxsat berilganidan keyin yana 5-6 nafar talabgor qo‘shilgan.
Samarqand davlat universitetida 236 ta vakant o‘rin qolgan. Mazkur oliy ta’lim muassasasining elektronika va asbobsozlik yo‘nalishiga 38 ta, sport faoliyati va qo‘l to‘pi yo‘nalishiga 28 ta, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishiga 25 ta (va hokazo) o‘rin bo‘sh qolgan.
Samarqand davlat universitetining elektronika va asbobsozlik yo‘nalishiga eng yuqori ball 106,9 bo‘lib, 68,1 ballgacha bo‘lgan oraliqda 5 nafar abituriyent davlat grantiga qabul qilingan. Shuningdek, 1 nafar talabgor imtiyozli davlat granti, 7 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. O‘tish balli 56,9 ball bo‘lgan. Mazkur yo‘nalishga 50 ta kvota ajratilgan.
Samarqand davlat pedagogika institutiga 237 ta vakant o‘rin qolgan. Shunisi ajablanarliki, bugun maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oliy ma’lumotli mutaxassislar 20 foizni ham tashkil etmasa-da, dual ta’limning maktabgacha ta’lim yo‘nalishida 202 ta bo‘sh o‘rin qolgan.
Dual ta’limning maktabgacha ta’lim yo‘nalishida 92 balldan 56,7 balgacha bo‘lgan oraliqda 323 nafar talabgor to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Aslida mazkur yo‘nalishga 550 ta kvota berilgan.
Bundan tashqari, bu yil bakalavriatda ekologiya va atrof-muhit, yashil iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi, qayta tiklanuvchi energiya, suv resurslarini boshqarish, mobil robototexnika, uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar), barqaror qishloq xo‘jaligi, ekoturizm, temir yo‘l muhandisligi kabi yangi yo‘nalishlar ochilgan.
Magistratura bosqichida esa xalqaro energetik siyosat, xalqaro suv diplomatiyasi, sirkulyar iqtisodiyot, barqaror moliya, rivojlanish iqtisodiyoti, ekologiya huquqi, xalqaro savdo huquqi, nazariy va muhandislik fizikasi, urbanistika, barqaror shaharsozlik, iqlimga chidamli o‘rmon xo‘jaligi, barqaror turizm va boshqa zamonaviy mutaxassisliklar ochilgan.
Nima bo‘lgan taqdirda ham yoshlar o‘zi istagan kasbda o‘qishni istab, yuqori ballar olishga intilyapti. Qo‘shimcha darslarga qatnab fanlardan sertifikatlar olyapti. Bunday intiluvchan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kerak. Ammo oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun berilayotgan imtiyozlarni o‘ylab ko‘rish lozim. Bir yo‘nalishda yuzlab imtiyozi borlarning o‘qishga kirishi hech qanaqa adolat belgisi emas. Bu muammoga soha mutaxassislari yechim topadi, degan umiddamiz.
Aslida bunday imtiyozlarning hammasidan voz kechish kerak. Faqat 1-guruh nogironlariga imtiyoz berilsa bo‘ldi. Qolganlar o‘qishni istasa, o‘z bilimi bilan talaba bo‘lsin. Siz nima deysiz?
Xurshida Ernazarova.