Ta’lim, yetuk mutaxassis, yuqori natijalar: SIUT Xitoy oliygohlari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Yurtimizda energetika sohasida yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha 2023 yilning 6 aprelida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) va Xitoyning “Northeast Electric Power University” (NEEPU) universiteti o‘rtasida Xitoyning global energetikani rivojlantirish borasidagi muhim yutuqlaridan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Shuningdek, 2023 yil 18 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning XXRga davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2023-2027 yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risida dastur imzolandi.  Mazkur dastur doirasida Prezidentimiz tomonidan imzolangan 41 hujjat orasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Xitoyning Northeast Electric Power University hamda Tianjin University of Science and Technology universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari ham mavjud.

Shunga ko‘ra, 2023 yil sentyabr oyidan boshlab SIUT qoshida Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri - Northeast Electric Power University bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xitoy energetika institutida «Issiqlik energetikasi» ixtisosligi bo‘yicha bakalavriat bosqichida talabalar tahsil ola boshladi. Ushbu institutda o‘qish «2+2» shaklida amalga oshiriladi: bunda talabalar dastlabki 2 yillik ta’limni O‘zbekistonda, keyin 2 yillik ta’limni Xitoyda o‘qish orqali bir yo‘la ikkita diplomni qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, talabalar o‘zlari tanlagan mutaxassislik bo‘yicha ingliz va xitoy tillarida ta’lim oladilar. Ushbu yo‘nalishda tahsil olgan talabalar birinchi kursdanoq jadallashtirilgan xitoy tili kurslari bilan bir qatorda ushbu mamlakatning urf-odatlari va madaniyati bilan ham yaqindan tanishmoqdalar.

Darvoqe, 2024-2025 o‘quv yili uchun Xitoy energetika institutida «Issiqlik energetikasi» va «Elektr muhandisligi va uni avtomatlashtirish» ixtisosligi bo‘yicha jami 40 ta kvota ajratilgan.

Joriy yilning 13-14 may kunlari SIUTga Xitoyning  universitet Kengashi raisi, professor Zhang Jinghui boshchiligidagi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Mazkur delegatsiya tarkibidan Han Shumin (xalqaro hamkorlik va almashinuv idorasi direktori), professor Wang He (elektrotexnika fakulteti dekani) hamda professor Hong Wenpeng (energetika va elektromuhandislik fakulteti dekani) yuqori martalabali mehmonlar o‘rin olgan.

Uchrashuvda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev oliygohda ta’lim sifati oliy o‘rinda ekanligini ta’kidlab, yuqori martabali mehmonlarga universitetning ikki yil davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari, xalqaro hamkorlik natijasida ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari, ta’lim yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalari haqida aytib berdi.

Shuningdek, rektor «Xitoy bilan hamkorlikda dunyo standartlari darajasidagi muhandis energetiklar tayyorlashni maqsad qilganmiz», deya ta’kidladi. O‘z navbatida Zhang Jinghui universitetnining  qisqa muddat ichida erishgan muvaffaqiyatlarini alohida e’tirof etib, uning iqtisodiyotga va soha ta’limi rivojiga qo‘shayotgan hissasini qadrlashini aytib o‘tdi. Zhang Jinghui oliygohlar o‘rtasida hamkorlikning yanada mustahkamlanishi hamda rivojlanishi yo‘lida doimo yordamga tayyor ekanligini, ushbu hamkorlik rishtalarining qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari Xitoy energetika instituti faoliyati bilan tanishish maqsadida professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda energetika va elektromuhandislik fakulteti dekani Hong Wenpeng yig‘ilganlarni Northeast Electric Power University faoliyati bilan tanishtirdi.

Uchrashuv yakunida ikki universitet o‘rtasida o‘zaro aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyiha va dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, fan, madaniyat va axborot almashinuvini rivojlantirish hamda oliy o‘quv yurtlarining innovatsion, intellektual va moddiy-texnik salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari, kelishuvga ko‘ra, NEEPU Samarqand xalqaro texnologiya universitetida «Dragon boat» sport o‘quv markazini tashkil etish hamda uni boshqarishda ko‘maklashish uchun xitoylik mutaxassislarni yuborishi belgilandi. Shuningdek, memorandumda O‘zbekiston «Dragon boat» terma jamoasini shakllantirish, jamoaning xalqaro musobaqalarda ishtirokini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid kelishuvlar ham qayd etildi.

Delegatsiya a’zolari tashrif davomida Samarqand shahrining tarixiy maskanlari va qadamjolarni ziyorat qildi.