Samarqandda kondensirlangan muhitlar molekulyar spektroskopiyasining dolzarb muammolari muhokama qilinmoqda

Samarqand davlat universitetida 1972–1985 yillarda rektor lavozimida ishlagan, ko‘zga ko‘ringan olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Akbar Otaxo‘jayev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Kondensirlangan muhitlar molekulyar spektroskopiyasining dolzarb muammolari” mavzusidagi VI xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, SamDU rektori Rustam Xolmurodov ochib berib, akademik Akbar Otaxo‘jayevning boy hayoti va sermahsul ilmiy faoliyati haqida batafsil ma’ruza qildi.

Darhaqiqat, Akbar Otaxo‘jayev suyuqliklar anizotropiyasining relaksatsiya vaqtini aniqlashning spektroskopik usulini yaratdi, bu usul suyuqlik va eritmalardagi molekulalarning issiqlik harakatini o‘rganishda qo‘llandi. Olim suyuqlik molekulalarining aylanish harakatchanligi nafaqat nazariya tomonidan bashorat qilinganidek, balki ularning shakliga ham bog‘liqligini aniqladi. Shuningdek, u translatsion ko‘tarilish tezligi va molekulalarning yo‘nalishini o‘zgartirish o‘rtasidagi bog‘liqlikni topdi. Fizik 1971–1972 yillarda boshqa olimlar bilan birgalikda yangi hodisani – eritmani ajratishning kritik nuqtasiga yaqinlashganda Releyning sochilish qonuni chiziqlari shaklining keskin o‘zgarishini kashf etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sa’dulla Rahmonov so‘zga chiqib, konferensiya qatnashchilarini qutladi va ilmiy anjumanning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Anjumanda xorijlik olimlarning ishtiroki ham diqqatga sazovor bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, AQShning Texas universiteti professori, SamDU faxriy professori va Kvant markazi ilmiy rahbari Anvar Zohidov, Sankt-Peterburg davlat universiteti professori Peter Tolstoy, Janubiy Koreyaning Gvanju Fan va texnologiyalar instituti professori Hyong Sukning ma’ruzalari qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va qizg‘in kutib olindi.

Shuningdek, tadbirda akademik Akbar Otaxo‘jayevning nabirasi, AQShning sun’iy intellekt sohasidagi startap kompaniyasi muhandisi Iskandar Otaxo‘jayev ishtirok etib, bobosi haqidagi iliq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Xalqaro konferensiya o‘z ishini sho‘ba yig‘ilishlarida davom ettirmoqda. Ikki kun davom etadigan konferensiyada kondensirlangan muhitlar molekulyar spektroskopiyasining dolzarb muammolari dunyo olimlari tomonidan muhokama qilinadi.