Umid chirog‘i
Orzuga ayb yo‘q
Kishi bir yumushga qo‘l urar ekan, unga hamisha muayyan umid bilan kirishadi. Jumladan, men ham sevimli gazetamiz orqali chiqish qilar ekanman, gazetxonlar bilan o‘zim bilgan va fahmim yetgan mavzularda o‘rtoqlashaman. Maqsad, ular bugungi g‘ala-g‘ovur dunyoning haqiqiy manzarasini ko‘rsin. Uning yaltiroq jozibasiga, qaltiroq vahimasiga aldanib qolmasin. Shu ma’noda, maqsadimga qaysidir ma’noda erishayotganimdan g‘oyat xursandman. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda kamtarin ijodimga nisbatan bildirilayotgan fikrlar meni quvontiradi.
Taniqli siyosiy sharhlovchi Sharofiddin To‘laganovning "Ma’rifat" gazetasida chop etilgan maqolamga nisbatan bildirgan fikrlari men uchun bag‘oyat qimmatli bo‘ldi. Sevimli gazetamiz haqida bildirgan ijobiy baholar esa undan ham qadrliroq.
Shu o‘rinda biroz lirik chekinish qilishimga to‘g‘ri keladi. Hech bir katta ish o‘z-o‘zidan amalga oshmaydi. Uning ostida uzoq yillik mehnat va izlanishlar yotadi. Bolaligimda "Sovet O‘zbekistoni" gazetasining uchinchi sahifasini o‘qishni yoqtirardim. Chunki unda asosan xorij xabarlari berilib, xalqaro hayot qalamga olinardi. Yoshligimdan sayohat va sarguzashtlar ishqivozi bo‘lganim bois, dunyo xabarlarini qoldirmasdan o‘qib borardim. Harbiy xizmatda bo‘lganimda bu ishqivozligim rus tilidagi nashrlarga ko‘chdi. Bu borada shu darajaga erishdimki, zampolitlar (qo‘mondonning siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari) rotalarda o‘tkazadigan amaliy mashg‘ulotlarda siyosiy tayyorgarlik a’lochisi sifatida kaminani taklif qila boshlashdi. Bu mashg‘ulotlarda askarlarga dunyodagi siyosiy voqealar va o‘sha paytdagi SSSRning katta dushmanlari: AQSh va Xitoydagi ichki vaziyat haqida ma’ruza o‘qirdim. Polk shtabida xizmat qilganim bois bu hech kimga erish tuyulmasdi. Mashg‘ulotlarga tayyorlanish davomida Vladimir Leninning 55 tomlik asarlari bilan ham tanishib chiqishimga to‘g‘ri kelgan.
Bu jabhada menga maktab vazifasini o‘tagan yana bir omil haqida ham to‘xtalib o‘tmasam bo‘lmaydi. Har kuni askarlar uxlatilib, ofitserlar uy-uyiga ketgach, biz "qariya" askarlar kazarmaning tomiga chiqib, VEF tranzistori orqali xorijiy radioovozlarni yashirincha tinglar edik. Bu menga yana bir o‘zgacha siyosiy saboqlar berardi. Keyinchalik o‘zim pochta orqali uydan tranzistor olib ish kabinetimda Toshkent radiosi va boshqa radiostansiyalarni tinglay boshladim.
Xizmatdan qaytib oddiy muallim vazifasida ishlaganim bois bu sohadan ancha uzoqlashib qoldim. Chunki u paytda imperiyaning katta qalam nahanglari bo‘lib, o‘zbek nashrlari maqolalarni rus tilidan o‘girib chop etardi. O‘zimizda mustaqillik yillaridan keyin shakllangan xalqaro jurnalistika sohasida mashhur siyosiy sharhlovchi Ibrohim Normatovni o‘zimning g‘oyibona birinchi ustozim, deb bilaman. Respublikamiz ozodlikka yerishgach, bizning havaskorlarcha yozilgan maqolalarimizga ham e’tibor berila boshlandi. Bunda o‘zimning ikkinchi ustozim deb taniqli jurnalist Habib Temirovni alohida aytishim joiz. U kishi meni rag‘batlantirib, maslahatlar berib, o‘zlari ishlayotgan gazetaga ishga taklif qildi. Ammo men bunga rozi bo‘lmadim, negaki, birinchidan, uy-joy masalasi, ikkinchidan, keyingi muharrirlar mening ish uslubimni qabul qilarmikan, degan savol meni o‘ylantirdi. Bu shubhalarim asosli bo‘lib chiqdi, keyingi muharrirlar davrida ko‘pgina yozgan sharhlarim ehtiyotkorlik yuzasidan chop etilmadi. Bu borada uchinchi rag‘batchim "Ma’rifat" gazetasi muharriri Husan Karvonli ekanini astoydil tan olaman. Chunki u kishi boshchiligidagi tahririyat maqola-sharhlarimning bir nuqtasiniyam o‘zgartirmasdan chop etmoqda. Bu borada yana bir necha o‘nlab g‘oyibona ustozlarim borki, hanuz ulardan o‘qib o‘rganaman. Ayniqsa, taniqli siyosatshunoslar: Zbignev Bjezinskiy, Genri Kissinjer, siyosiy sharhlovchilar: Piontkovskiy, Nevzorov, Venediktov, Pastuxov, Belkovskiylar ijodini o‘qib o‘rganib, fikr-mulohazalarini tahlil elagidan o‘tkazib, ulardan unumli foydalanishga harakat qilaman.
Boy berilgan imkoniyat
Keyingi paytlarda jahonda siyosiy vaziyat beqarorlashib, yangi-yangi urush o‘choqlari paydo bo‘lmoqda. Jumladan, Rossiya va Ukraina orasidagi urush keskinlashib yangi bosqichga chiqdi. Bu siyosiy kuzatuvchilarning qizg‘in muhokama va munozaralariga sabab bo‘lmoqda. Ushbu munozaralarda ekspertlar masalaning tub sabablari bir yonda qolib, uning oqibatlarini muhokama qilishga o‘tib ketganlari chuqur tashvish uyg‘otmoqda. Chunki bunda haqiqat va adolat mezonlari buzilib, kim haq, kim nohaq ekanligi tobora mavhum bo‘lib bo‘rmoqda. Natijada, Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoda shakllangan xalqaro xavfsizlik mexanizmlari birin-ketin ishdan chiqib bormoqda. Xalqlararo munosabatlar kimgadir katta geosiyosat bo‘lib tuyulsa, yana kimgadir katta biznes shaklida namoyon bo‘lmoqda. Masalan, Moskva bilan Kiyev orasida paydo bo‘lgan ziddiyatga bir qism kuzatuvchilar Rossiyani ayblasa, yana biri Ukrainani sababchi qilib ko‘rsatmoqda.
Nazarimizda, muammo ildizini har ikki tomonning ichki siyosatidan izlash lozim. Ma’lumki, Rossiya dunyoning yettidan bir qismini egallagan kuchli yirik imperiya. Tarix tajribasi imperiyalar kuchli milliy g‘oya yordamidagina mavjud bo‘la olishi va kengayishini bir necha marta isbotlab ko‘rsatib bergan. Biroq shunisi ham borki, g‘oya ko‘pchilikka manzur bo‘lishi lozim. Aytaylik, nemis fashistlarining g‘oyasi ham juda kuchli edi. Shu bois u qisqa davr ichida german imperiyasini jahonning eng kuchli davlatlaridan biriga aylantirdi. Biroq irqchilik va millatchilik mafkurasiga asoslangan milliy g‘oya hammaga ham manzur bo‘lolmadi va aksilgitlerchi koalitsiya zarbalari ostida parokanda bo‘lib ketdi. Xalqaro tinchlik, ozodlik, tenglik va baynalmilalchilik mafkurasiga suyangan kommunizm g‘oyasi esa o‘z vaqtida dunyoning yarmidan ko‘p qismiga yoyildi. Bu rus imperiyasi tanazzulini oz emas, ko‘p emas bir avlod umriga teng muddatga kechiktirdi. O‘sha hal qiluvchi palla - o‘tgan asrning 90-yillari boshida Rossiya uchun sho‘ro imperiyasini saqlab qolishning imkoni bor edi. Faqat endi eskirgan sotsialistik mafkuradan voz kechilib, davlat yangi demokratik tamoyillar asosida boshqarilsa, imperiyada markazdan qochma harakatlar kuchayib ketmasdi. Ammo davlatning batamom parchalanib ketishidan cho‘chiqan konservativ o‘ng kuchlar bosh ko‘tardi va sobiq sovet hududlarida endi nish urayotgan demokratiya kurtaklarini ezg‘ilab tashladi.
1993 yili Moskvada Davlat dumasining o‘qqa tutilishi, milliy respublikalarda muxolifotning quvg‘in qilinishi aksildemokratik harakatlarning debochasi bo‘ldi. 1996 yilda Rossiyada prezidentlik saylovining soxtalashtirilishi bu jarayonni yanada kuchaytirdi. Mol-mulklarini davlat hisobiga milliylashtirilishidan qo‘rqqan sarmoyadorlar demokratik harakatni bo‘g‘dilar va hokimiyat tepasiga so‘l kuchlarning chiqishiga yo‘l qo‘ymadilar. Oqibat shu bo‘ldiki, 2000 yili Rossiyada davlat boshiga konservativ kayfiyatdagi xavfsilik xizmati xodimi keldi. U hokimiyat tepasiga kelishi bilan mamlakatdagi erkin OAVlar ovozini o‘chirishga kirishdi. Dastlab NTV televideniyesining jilovini qo‘lga olish bilan boshlangan kampaniya 2024 yilda "Exo Moskvi" radiosini o‘chirish bilan o‘z mantiqiy yakuniga yetdi. Agar o‘sha hal qiluvchi pallada Moskva demokratiya bayrog‘i ostida ittifoqdosh respublikalarni qayta birlashtirganda edi, bu yangi jozibali milliy g‘oya sifatida qabul qilingan va sho‘ro imperiyasining umri konfederativ davlat shaklida yana qanchadir noma’lum muddatga cho‘zilgan bo‘lardi. Demokratik harakatga G‘arbning texnologik yutuqlari omuxta etilsa, sho‘ro ittifoqi taraqqiyoti yangi impuls olib, balki bugungi kunda dunyoning eng peshqadam davlatlaridan biriga aylanardi. Shunda Ukraina ham va balki Boltiqbo‘yi respublikalari ham markazdan bunchalik bezmas edi. Biroq tarix g‘ildiragi o‘zga bir izga tushib qolib, voqealar umuman kutilmagan o‘zandan ketib qoldi. Putinning iborasi bilan aytganda: "Buyuk geosiyosiy halokat yuz berdi". Ba’zi bir manbalarda aytilishicha, bunga rossiyalik millatchi ziyolilarning ham hissasi bo‘lgan.
Ularning xomaki hisob-kitobiga ko‘ra, 2050 yilga borib SSSRda musulmon aholi soni nasroniylardan ko‘ra ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda edi.
Urush girdobida
Xo‘p endi bo‘lgan ish bo‘ldi, Rossiyada hokimiyat tepasiga millatchi populistik ruh bilan sug‘orilgan imperialist o‘ng konservativ kuchlar chiqib oldi. Ular bugun jahon hamjamiyatidan ihotalanish siyosatini yurg‘izib, o‘zlaricha qandaydir rus tamadduni degan xayoliy qobiqqa o‘ralib oldilar. Shu paytgacha tayanib kelganlari G‘arb tamaddunidan ihotalanib, fundamental pravoslav aqidalari asosida yangi rus dunyosini qayta tiklashga kirishdilar.
Shu maqsadda 2022 yil 24 fevral kuni Ukrainaga qarshi harbiy harakat boshladilar. Maxsus harbiy amaliyot natijasida uzog‘i bilan bir oy ichida Ukrainadagi g‘arbparast hukumatni ag‘darib Moskvaga vassal maqomida bo‘lgan yangi davlat barpo etilishi rejalashtirilgan edi. Bu orqali Kreml boshqa yangi paydo bo‘lgan mustaqil respublikalarni ham qaytadan o‘z ta’sir doirasiga olishi kutilgandi. Ammo voqealar oqimi boshqa o‘zandan ketib qoldi. Ukrainlar katta og‘alarini gullar bilan kutib olib, taslim bo‘lish o‘rniga bosqinchilarga jon-jahdlari bilan qarshilik ko‘rsata boshladi.
Oqibat shu bo‘ldiki, bugun ular dunyoning ikkinchi kuchli armiyasi bilan tengma teng jang qilmoqda. Hatto, shu yil yozidan boshlab, tashabbusni o‘z qo‘llariga olib, qarshi hujumga o‘ta boshladi. Natijada, Rossiyaning yarmidan ko‘p neft zavodlarini, yirik logistika markazlari ishdan chiqarildi. Qrimga olib boradigan yo‘lni nazorat qila boshladilar. Bularning hammasi o‘zini buyuk va qudratli hisoblaydigan davlatning izzat nafsiga tegishi tabiiy. Shu vajdan ham rus ma’murlari urushni yangi bosqichga ko‘tarishga qaror qilishdi. Endi ukrainlar boshiga nafaqat kichik dronlar, raketalar, bombalar, balki gipertovushli zamonaviy og‘ir ballistik raketalar yog‘dirila boshlandi. Amerika va Yevropaning tuturuqsiz siyosati oqibatida havo hujumidan himoyasiz qolgan Ukraina qattiq harbiy bosim ostiga olinmoqda.
Rossiya ballistik raketalarni o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab ishlab chiqarayotganini e’tiborga olsak, bugun rus armiyasi ixtiyorida juda katta qurol zaxirasi mavjud. Rossiya bu zaxira bilan yana uzoq yillar davomli urush olib borishi va hatto atom-yadro qurolini ishga solishi mumkin.
Ukraina haqida esa bunday deb bo‘lmaydi. Yangi mustaqil davlat cheklangan harbiy, iqtisodiy va insoniy resurslarga tayanib urushmoqda. Hozir uni suyab turgan asosiy tayanch — G‘arb mamlakatlarining har tomonlama yordami ekanligi hech kimga sir emas. Yana shunisi ham borki, Ukraina hozir G‘arb dunyosiga mustahkam qalqon bo‘lib turibdi. Uning janglarda toblangan zamonaviy armiyasi Yevropani rus xurujidan ishonchli himoya qilmoqda. Slovakiya rahbari Robert Fitsoning yaqinda NATO haqida bergan bayonotidan so‘ng tashkilot chuqur inqiroz bosqichiga kirayotganligi ayon bo‘ldi. Bu esa Yevropa mamlakatlarini yangi samarali harbiy birdamlik sari chorlamoqda. Endi tashkil etilajak harbiy ittifoqda Ukraina bo‘lishi va u yangi tashkilotning zarbdor kuchiga aylanishi mumkin.
Besh yillik urush davomida Rossiya armiyasi ham janglarda toblanib katta tajriba to‘pladi. Shu ma’noda, hozir Rossiya va Ukraina armiyalari dunyoda eng tajribali jangovar kuch hisoblanadi. Biroq ular kundan kunga insoniy, texnikaviy va demakki, harbiy iqtidorini yo‘qota bormoqda. Keyingi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni har oyda 30-40 ming nafar askar yo‘qotmoqda. O‘n yil davom etgan Afg‘on urushida 15 ming atrofida sovet askari halok bo‘lganligini esga olsak, bugungi qurbonlar sonining naqadar katta ekanligi ayon bo‘ladi. Afsuski, ziddiyat kundan kun kuchayib, vaziyat keskinlashmoqda. Har ikki tomonni urush o‘z girdobiga tobora chuqurroq tortib bormoqda. Kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, urushda Rossiya tomoni allaqachon strategik jihatdan boy berdi.
Birinchidan, Ukraina misolida o‘ziga yangi bir dushman davlatni yaratdi, ikkinchidan, til va din jijatdan eng yaqin qardoshini yo‘qotdi. Uchinchidan, eski dushmani Xitoyga ham iqtisodiy ham texnologik tomondan qaram bo‘lib qoldi. Eng og‘ir yo‘qotish - G‘arb dunyosidan ihotalanib, o‘z gumanitar va texnologik taraqqiyotini yana bir necha o‘n yillarga kechiktirdi. Bu borada dunyo hamjamiyati uchun bitta umid chirog‘i yonib turibdi. U ham bo‘lsa, vaqti kelib mamlakatda hokimiyat almashinuvi. Ammo keyingi siyosat qaysi asosda quriladi, bu ham katta jumboq.
Xudoyberdi KOMILOV,
siyosiy sharhlovchi.