Yagona Turkiston orzusi

Matbuot nashrlaridan 34 harfdan iborat o‘rta turk umumiy alifbosi yaratilgani haqidagi xabarni o‘qib, to‘g‘risini aytsam, quvonchim ichimga sig‘may ketdi. Tilshunos mutaxassis sifatida til birlamchi ekanligi haqida o‘ylab, hayajonim biroz bosildi.

Axir, umumiy alifbo bo‘lishi uchun hamma tushuna oladigan o‘rta turk tili ham bo‘lishi zarurda. To‘g‘ri, bir paytlar turk o‘zbekni, o‘zbek tatarni, uyg‘ur qozoqni, qozoq esa qirg‘izni qiynalmay tushungan davrlar bo‘lgan. Nega desangiz, o‘sha paytlarda alifbomiz bir xil bo‘lib, yozuv orqali hamma bir-birini yaxshi anglagan. Aytishlaricha, janub va shimolda yashaydigan xitoy bir-birini og‘zaki nutqda umuman tushunmas emish, ular yozuvlari tufayligina til topishar ekan. Albatta, bizning yozuvimiz iyeroglif emas, ammo alifbomiz mushtarak bo‘lsa, qarindosh tillar qipchoq, qorluq, o‘g‘uz lahjalarimiz singari bir-birlariga tushunarli bo‘lib qolar edi. Shu ma’noda, umumiy o‘rta turk tiliga eski o‘zbek (chig‘atoy) tili asos qilib olinsa maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb o‘ylayman. Qolaversa, buyuk Navoiy tilini umumiy til bo‘lishiga qardoshlarimiz ham qarshi chiqmasalar kerak.

Xayolimda shu fikrlar kechar ekan, xalqimizning: «Ayrilganni ayiq yer, bo‘linganni bo‘ri yer», degan dono maqoli yodimga tushadi. Darhaqiqat, odamlar jamoalarga birlashib yashashning afzalliklarini qadim-qadimdan bilishgan. Buyuk imperiyalarni barpo etgan tarixiy shaxslar ham o‘z saltanatlarini azbaroyi ochko‘zlik va qonxo‘rliklari bois emas, balki markazlashgan qudratli davlatlarda xavfsiz va farovon hayotni ta’minlash niyatida harakat qilgan bo‘lsalar ajab emas.

Hayotdan oddiy bir misol keltiradigan bo‘lsak, sobiq sho‘ro imperiyasi xalqini qafasda saqlagan bo‘lsa-da, uning xavfsizligini va oddiy ehtiyojlarini imkoniyat darajasida ta’minlab turardi. Ammo sobiq ittifoqdosh respublikalar ustidan qafas olingach, ularning boshiga avval pana-panada pisib yotgan balo-qazolar yopirildi. Hammadan avval millatchilik balosi bosh ko‘tardi, keyin qimmatchilik, diniy fanatizm, undan keyin ayirmachilik va mana, nihoyat bugun buyuk davlatchilik shovinizmi, nainki sobiq imperiya, balki butun dunyo tinchligi va xavfsizligini xatar ostiga qo‘ymoqda. O‘zini gegemon deb hisoblayotgan yirik saltanatlarning katta o‘yini oqibatida osoyishta yashayotgan kichik davlatlar va xalqlarning tinchligi buzilmoqda. O‘zi shundoq ham mayda mamlakatlar uchun yashash oson bo‘lmagan.

Iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassis olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholi soni 300 million kishidan kam bo‘lgan davlatlarni chinakam mustaqil deb bo‘lmaydi. O‘z-o‘zini to‘liq ta’minlash qobiliyatiga ega bo‘lgan yirik mamlakatlar esa barmoq bilan sanarli. Xitoy, Hindiston, AQSh hamda aholi soni ko‘p bo‘lgan bir necha mamlakatlargina hech kimga va hech narsaga zoriqmasdan mavjud bo‘lishlari mumkin. Qolgan barcha 200 ga yaqin davlat hamisha u yoki bu narsaga muhtoj. Aytaylik, Yaponiyadek boy mamlakat ham xomashyo resurslari bo‘yicha tashqi dunyoga qaram. Yoki Germaniya Federativ Respublikasining qudratli sanoati Rossiyaning gaziga bog‘lanib qolgan edi. Rossiya haqida gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Ushbu mamlakat sanoati g‘arb texnologiyalarisiz umuman faoliyat yuritolmaydi. Buni keyingi voqealar yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Hozir u yerda avia-kosmik sanoat deyarli falaj holatiga tushib qoldi. Ayniqsa, samolyotsozlik va kosmik texnika ishlab chiqarilishi tanazzul holatida. Buning ustiga mamlakatdagi demografik vaziyat kundan kunga yomonlashib bormoqda. «Dard ustiga chipqon» deganlaridek, Ukrainada olib borilayotgan davomli urush mamlakat iqtisodiyotini tobora holdan toydirmoqda. Bularning barisiga sabab: sobiq imperiyaning parokanda bo‘lib, dunyo bilan hamkorlik rishtalarining uzilishidir. Demak, bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, xalqlar va mamlakatlar uchun yagona maqbul yo‘l - umumiy manfaatlar asosida birlashishdir. Sobiq sho‘ro saltanatida xalqlar afsonaviy adolatli jamiyat - kommunizm qurish bayrog‘i ostida birlashtirilgan edi. Hozirgi Yevropa Ittifoqi esa dastlab «Umumiy bozor» nomi bilan sof iqtisodiy manfaatlar asosida barpo etildi.

Bugungi kunda xalqaro maydonda yakkalanib qolgan Rossiya dunyo mamlakatlari bilan hamkorlikning o‘zgacha yangi-yangi yo‘llarini izlamoqda. Dastlab MDH, Bojxona ittifoqi, keyinchalik ta’sis etilgan Yevro-Osiyo iqtisodiy ittifoqi, ShHT, BRIKS singari tashkilotlar shular jumlasidandir. Ammo ularning barchasi manfaatlar mushtarakligi bo‘lmagach, mustahkam uyushmaga aylana olmadi. Endilikda Moskva dunyo mamlakatlariga «Global Janub» iqtisodiy-siyosiy loyihasini taklif qilmoqda. Bu loyihaning tub mazmuni avtoritar boshqaruvdagi davlatlarning demokratik dunyo bilan turli jabhalardagi raqobatiga asoslanadi. Ya’ni, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Braziliya yetakchiligidagi Uchinchi dunyo mamlakatlari Kuchli yettilik davlatlari bilan raqobatga kirishib, AQSh gegemonligini sindirishlari ko‘zda tutilgan. Bu boradagi dastlabki qadam sifatida dollar to‘lov vositasidan voz kechish va shu orqali AQSh moliyaviy tizimini izdan chiqarish rejalangan. Shu bois Rossiyada bo‘lib o‘tgan BRIKSchilarning navbatdagi anjumani mavzusi AQSh dollariga qarshi qaratilganidan xabardor bo‘lgan uyushma a’zolari yig‘ilishga moliya vaziri o‘rinbosarlarining ishtiroki bilan cheklanishdi. Axir, ularning deyarli barchasi o‘zaro moliyaviy munosabatlarini Amerika dollari orqali amalga oshiradi-da. Xo‘sh, shunday ekan, BRIKSchilar dollarga qanaqasiga qarshi borishlari mumkin? Qolaversa, tarixan bir umr it-mushuk bo‘lib kelayotgan eng yirik Osiyo davlatlari - Xitoy bilan Hindiston bu borada bir yoqadan bosh chiqarishlari aqlga sig‘maydi.

Ana shunday taloto‘pli zamonda O‘zbekiston kim bilan bo‘lishi kerak, degan dolzarb savol, tabiiyki, hammamizni o‘ylantiradi. Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan ko‘pvektorli betaraflik siyosati davr sinovidan o‘tib, o‘zini oqlab kelmoqda. Biroq, buyuk davlatlar tomonidan dunyoni yumshoq kuch yo‘li bilan qayta taqsimlashga urinish kuchayib borayotgan bir davrda bu voqealarni qo‘l qovushtirgan holda beparvo kuzatib o‘tirish ham aqldan emas. Avvalgi maqolalarimizdan birida yozganimizdek, 500 yildan buyon betaraflik siyosatini yurg‘izib kelayotgan neytral mamlakat Shveysariya ham bugungi tahlikali zamonda Yevropa Ittifoqi va NATO tevaragida birlashish uchun harakat boshlab yubordi. Ana shunday sharoitda biz ham kim bilan birga bo‘lishimiz haqida o‘ylab olishimizga to‘g‘ri kelmoqda.

Fikrimizcha, bundagi eng oqilona yo‘l - qon-qardosh xalqlarimiz mushtarak manfaatlar tevaragida o‘zaro birlashishlari zarur. Xalqlarimizning keyingi davrdagi erishgan eng katta yutug‘i - mustaqillikdir. Shu asosda eski va yangi mustaqil turkiy mamlakatlar uyushib, yagona geosiyosiy maydonga chiqishsa, bu Turkiston tarixi va taqdiriga ijobiy yo‘nalish bergan bo‘lardi. Tarixan, sun’iy ravishda parchalab tashlangan Markaziy Osiyo bugun birlashishga har qachongidan ko‘ra muhtoj.

Bugungi kunda jahondagi turli kuchli davlatlar tomonidan yangi-yangi geosiyosiy rejalar qaytadan chizila boshlangan bir paytda boshqa buyuk davlatlarga qaram bo‘lib qolmaslik uchun turkiy xalqlarning ham o‘z siyosiy, iqtisodiy va madaniy loyihasi bo‘lishini zamonning o‘zi talab qilib turibdi. Zamon talablariga javob bermaslik esa kelajakda hal qilib bo‘lmaydigan muqarrar mammolarni keltirib chiqaradi. Turkiston azaldan tevarak-atrofdagi yirik davlatlarning raqobat maydoni bo‘lib kelgan. Sababi: biz hamisha bir-birimiz bilan kelishmay, turli imperiyalarning ta’sir tuzog‘iga o‘lja bo‘lib kelganmiz. Bundan unumli foydalangan yirik imperiyalar asrlar davomida Turkistonni o‘z tasarruflariga olish uchun kurash olib borganlar.

O‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalig‘ida «Turkiston - umumiy uyimiz» shiori ostida Toshkentda atoqli yozuvchilar Chingiz Aytmatov va Odil Yoqubov rahbarligida yirik xalqaro anjuman chaqirildi. Bu g‘oya asosida tashkiliy tuzilma, uning o‘z banki va gazetasi ta’sis etildi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, o‘rtada chegaralar qayta mustahkamlanib, viza tartibi joriy etildi. Har bir respublika o‘z harakat trayektoriyasi bo‘ylab rivojlana boshladi.

Biroq bugungi tahlikali zamonda mintaqamiz mamlakatlari orasida birlashib yashashga yana katta ehtiyoj sezilmoqda. Dunyoda bir necha siyosiy qutblarning paydo bo‘lishi turkiy xalqlarni ham bir markaz tevaragida uyushishga undamoqda. Bu ehtiyoj ayrim muxoliflar vahima qilayotganidek, «panturkizm» yoki «yangi turk imperiychiligi» emas, balki, kutilayotgan taloto‘plar xatari oldidagi zaruriy birlashuvdir.

Sho‘ro davrida garchand, utopik soxta kommunistik g‘oyalar asosida bo‘lsa ham mintaqa xalqlari bir mushtarak maqsad tevaragida uyushgan edi. Oradagi chegaralar ham ramziy bo‘lib, iqtisodiyotda o‘ziga xos mehnat taqsimoti vujudga kelgandi. O‘lkadagi harbiy okrug ham Turkiston deya nomlanib, bizga qadimiy tariximiz va taqdirimiz mushtarak ekanligini eslatib turardi.

Yuqorida aytganimizdek, qizil imperiyaning yemirilishi oqibatida Turkiston zaminidagi xalqlar ham o‘z milliy chegaralari qobig‘ida o‘ralashib qoldilar. Kimdir Amerikaga, kimdir Yevropaga, kimdir Turkiyaga, yana kimdir Eronga umid ko‘zlarini tikdi. Turli omillar sabab orada ziddiyat va konflikt nuqtalari paydo bo‘ldi. Hatto, chegara mojarolari yuzaga keldi. Bundan chuqur tashvishlangan oydin fikrli ziyolilar o‘lka xalqlari orasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik asosida yana Turkiston birligi g‘oyasini kun tartibiga qo‘ya boshladilar.

 2014-2015 yillardagi jahon miqyosida sodir bo‘lgan ma’lum tashvishli voqealardan so‘ng turk dunyosida yana birlashuv harakatlari boshlandi. Turkiyaning Bodrum shahrida turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlar rahbarlarining ikki kunlik sammiti bo‘lib o‘tdi. Turkiyaning o‘sha yillardagi prezidenti Abdulloh Gul mezbonlik qilgan oliymaqom uchrashuvda Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon rahbarlari ishtirok etishdi. Prezidentlar aniq loyihalar doirasida siyosiy va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishga kelishib oldilar. Sammitda, shuningdek, mushtarak tarix kitobi va umumturk alifbosini yaratish masalalari ham muhokama etildi. Bu Turk dunyosi Hamkorlik Kengashining to‘rtinchi sammiti edi. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati ayrim sabablarga ko‘ra, bu anjumanda ishtirok eta olmadi.

Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganidan keyin bu borada jiddiy ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Eng avvalo, Markaziy Osiyodagi qo‘shni respublikalar orasidagi ikki tomonlama munosabatlar yaxshilana bordi. Chegaralar ochilib, o‘zaro viza tartibi bekor qilindi. 2019 yilda mamlakatimiz o‘n yil o‘tib, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘ldi. Mamlakatimizning bu tashkilotga a’zo bo‘lib qo‘shilishi Kengash faoliyatiga yangi mazmun baxsh etdi.

Ha, haqiqatan ham bugun Markaziy Osiyoda istiqomat qilayotgan barcha xalqlarga umumiy bir manfaat tevaragida birlashishga katta ehtiyoj sezilmoqda. Zero, shoir yozganidek:

Bo‘laklarga bo‘lib tashlangan makon,

Bugun zaruratsan, Ota - Turkiston!

Birgina mintaqamizda emas, balki dunyodagi barcha turkiy elatlar bir yoqadan bosh chiqarib, uyushganlarida edi, hech qachon dunyodagi boshqa yirik davlatlarga qaram bo‘lib qolmasdilar. Aytish mumkinki, bu borada dastlabki qutlug‘ qadamlar qo‘yilmoqda.

Xudoyberdi Komilov,

siyosiy sharhlovchi.