Hududlarni rivojlantirish, aholi uchun munosib sharoit yaratish – zimmamizdagi burchimiz
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirmanchi sessiyasidagi joriy yilning to‘qqiz oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’ruzasi
Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar!
Sessiya ishtirokchilari!
Yurtboshimiz tomonidan aholi turmush farovonligini oshirish, bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mazkur sohalarni qamrab olgan 160 dan ortiq qaror va 100 ga yaqin farmonlar qabul qilindi. Ushba qaror va farmonlar bilan viloyatimizning har bir tumaniga bir yilda o‘rtacha 55-60 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Joriy yil 9 oy yakuni bilan viloyatning yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,5 trillion so‘mni yoki o‘sish sur’ati 107,7 foizni tashkil etdi. Bunda, sanoat hajmi 7,8 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,9 foizga, xizmatlar hajmi 14,1 foizga va qurilish hajmi 22 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Viloyatda umumiy byudjet daromadlari 4,7 trillion so‘mga (106,4 foiz), mahalliy byudjet daromadlari esa 4,6 trillion so‘mga (108,8 foiz) yoki 373,5 milliard so‘mga orttirib bajarildi.
Albatta, orttirib bajarilgan byudjet mablag‘larining asosiy qismi, siz deputatlar bilan kelishgan holda viloyatning ijtimoiy masalalarini hal etishga yo‘naltirilmoqda.
Shu o‘rinda, viloyatimizda yashirin iqtisodiyot ulushi sezilarli darajaga kelib qolganligini ham ta’kidlab o‘tmoqchiman. Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va byudjetga qo‘shimcha manbalarni aniqlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, zarur choralar ko‘rilmoqda.
Yil boshida aniqlangan 25 ta yo‘nalishdagi qo‘shimcha manbalar hisobidan 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda siz, deputatlar va jamoatchilik bilan birgalikda ishlarni tubdan o‘zgartirib, tizimli ishlarni tashkil etmasak iqtisodiyotning barcha sohalarida orqada qolish davom etaveradi.
Hurmatli deputatlar!
Bugungi islohotlarning asosiy mazmuni ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘lib, o‘tgan 9 oy davomida 294,7 ming ishsiz aholining bandligi ta’minlandi. Natijada, ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,4 foizdan
4,8 foizga qisqardi.
Bunda asosan, investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 15,8 ming, tadbirkorlikni rivojlantirishda 202,7 ming, qishloq xo‘jaligida 64,3 ming va qurilishda 11,9 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi.
Ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitishning vaucher tizimi asosida 5 mingdan ortiq aholi 35 turdagi kasb-hunar va xorijiy tilga o‘qitildi va bandligi ta’minlandi.
Mahallalarda aniqlangan 17,3 ming nafar ishsiz fuqarolar bilan to‘rt tomonlama shartnomalar imzolanib, ularning har biri bilan alohida shug‘ullanish evaziga 11,7 ming nafar (68 foiz) ishsizlarning bandligi ta’minlandi.
73,3 mingta kichik va o‘rta biznes sub’yektlariga 7,3 trillion so‘m, aholini biznesga jalb qilish uchun qariyb 2 trillion so‘m kreditlar ajratildi.
Yil yakuniga qadar barcha imkoniyatlarni safarbar etgan holda 320 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlanib, ishsizlik darajasi 5,4 foizdan 4,5 foizga qisqartiriladi.
Yil boshidan buyon 18 ming nafar fuqaro qonuniy tartibda Buyuk Britaniya, Koreya, Germaniya, Slovakiya, Yaponiya, Bolgariya, Xorvatiya kabi davlatlarga yuborilib, yuqori daromadli ishga joylashtirildi.
Xorijda past daromad topayotgan 120 ming nafar fuqaroni yurtimizga qaytarib, 73 ming nafari daromadli ish bilan ta’minlandi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 36,7 ming oilani kambag‘allikdan chiqarib, kambag‘allik darajasini 7,5 foizdan 4,0 foizga tushirish kutilmoqda. Buning uchun reyestrga kiritilgan kambag‘al oilalarning har biri bo‘yicha “individual reja” ishlab chiqilib, 1086 ta tashkilot rahbar va o‘rinbosarlariga biriktirildi.
Ushbu rahbarlar ko‘magida 65,9 ming oilaga barqaror bandlik xizmatlari ko‘rsatildi. Natijada, 36,7 ming nafar oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 4,8 foizga tushirildi.
Hurmatli deputatlar!
Iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va viloyatimiz eksport salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilda iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan 104 ta loyiha hisobiga 1,1 milliard dollar (78,5 foiz) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Shuningdek, qiymati 613 million dollarlik 18 ta yirik va ahamiyatli loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda, ushbu loyihalarning 297 million dollarlik
8 tasi ishga tushirilib, 705 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Masalan, Samarqand shahrida “Azia Metall Prof” korxonasida qiymati 220 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi maishiy texnika va avtomashinalar uchun tunuka list, rux va polimer qoplamali tunuka ishlab chiqarish, Samarqand tumanida “Intramed” MChJ tomonidan qiymati 12 million dollarlik tibbiy markaz tashkil etish, Oqdaryoda “Alkan finans investments” MChJning qiymati 7 million dollarlik parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirildi.
Hududiy investitsiya dastur doirasida qiymati 954,2 million dollarlik 770 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 14 765 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Joriy yilda viloyatning eksport hajmini 1,0 milliard dollarga yetkazish belgilab olingan. Hisobot davrida 713,8 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshdi.
Shu bilan birga, umumiy preferensiyalar tizimi plyus (GSP+) imkoniyatidan foydalanib, 30 million dollarlik mahsulotlar Yevropa davlatlariga eksport qilindi.
Hurmatli deputatlar!
Turizm viloyatimizning asosiy drayver sohasi hisoblanib, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida viloyatimizga kelayotgan sayyohlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. 9 oy davomida 2,6 million nafar xorijiy, 5,1 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurib, ularning soni qariyb ikki barobarga oshdi. Sayyohlarning qolish kunlari 2,6 kundan 3 kunga, turizm xizmatlari eksporti 538,2 million dollarga yetib, 79 foizga oshdi. Turistlarni keng jalb etish maqsadida joriy yilning o‘zida 40 ga yaqin madaniy ko‘ngilochar tadbirlar va festivallar o‘tkazildi. Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Urgutdagi Tersak va Omonqo‘ton, Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallalariga turizm qishlog‘i maqomi berildi.
Viloyatda yil boshidan buyon 194 ta mehmonxona, xostel va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, ularning soni 822 taga, o‘rinlar soni esa 21 mingtaga kazildi. 63 ta yangi turizm kompaniyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va ular jami 452 ta bo‘ldi.
Hurmatli deputatlar!
Viloyatda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmani yanada rivojlantirish, shuningdek, aholining turmush darajasini oshirish, tadbirkorlar uchun qulay investitsiya muhitini yaratish maqsadida keng miqiyosda qurilish bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda 12500 xonadonli 181 ta ko‘p qavatli uyni foydalanishga topshirishni rejalashtirganmiz. 95 ta uy-joy foydalanishga topshirildi. Renovatsiya dasturi asosida Samarqand shahri temiryo‘l orti hududida 16 ming nafar aholi yashaydigan 301 gektar yer maydonida 100 ming aholiga mo‘ljallangan shaharcha barpo etish boshlandi.
Kelgusida ushbu hududning arxitekturaviy qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga kelishi bilan birga, aholi uchun 4 ta xiyobon, 8 ta tibbiyot muassasasi, 32 ta bog‘cha va 5 ta maktab quriladi.
Samarqand shahrining boshqa hududlarida ham yangi massivlar qurishni boshlayapmiz. Misol uchun, Shirin massividagi 665 gektar hududda 180 ming aholiga mo‘ljallangan 250 dan ziyod baland qavatli uy-joylar, 40 ortiq ijtimoiy soha ob’yektlari, 25 dan ortiq mehmonxona, ishbilarmonlik va biznes markazlari, sport majmualari quriladi.
Hozir viloyat ma’muriy markazini ham Shirin massiviga ko‘chirish ustida ishlayapmiz. Birinchi bosqichda 100 gektarda qurilish ishlari boshlanadi.
Qorasuv massivi ham kengaytiriladi. Hozir massivning 36,6 gektar hududida 30 mingdan ortiq aholiga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo qilinmoqda. 2026 yildan 24 gektar hududda 22 ming aholiga mo‘ljallangan turar joylar qurilishining ikkinchi bosqichi boshlanadi. Ushbu bosqichda hududda 6200 xonadonli 55 ta ko‘p qavatli uy, 3300 o‘rinli 2 ta maktab, 2 ta bog‘cha, oilaviy poliklinika, sport maydonchalari, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari quriladi.
Qurilish ko‘lamining oshishi jarayonida davlat va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi uchun Prezidentimizning 2025 yil 7 avgustdagi qarori asosida, viloyat hokimligi huzurida “Samarqand Invest kompaniyasi” tashkil etildi. Kampaniya viloyat infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’yektlari qurilishi va boshqa ko‘plab vazifalar bilan shug‘ullanadi.
Aholiga qulay va sifatli jamoat transporti xizmati ko‘rsatish Samarqand shahar Cho‘pon ota hududida 50 ta avtobus, 80 ta mikro avtobus, 400 ta yo‘nalishli taksiga xizmat ko‘rsatuvchi yangi avtovokzal binosi foydalanishga topshirildi.
“Samarqand - Urgut” yo‘nalishida 55 kilometr yangi temiryo‘l hamda 2 ta vokzal qurilishi yakunlandi. Mazkur temiryo‘lda 1 dekabrdan poyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi, 2026 yilda temir yo‘l liniyasi elektrlashtirilishi hisobiga aholiga xizmat ko‘rsatish boshlanadi.
Temiryo‘l qurilishi hisobiga Zarafshon daryosi bo‘yidagi 40 dan ortiq noqonuniy kar’yerlar faoliyati to‘xtatildi.
Samarqand shahrida ko‘prik va tonnellarni qurish loyihasi doirasida jami 84,2 million dollar mablag‘ evaziga Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida qurilayotgan tonnel yil yakunigacha ishga tushuriladi.
Gagarin ko‘chasini davom ettirib, M-37 avtomobil yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash uchun temiryo‘l ustida hamda Siyob kanali ustida ko‘priklar qurilishi boshlandi
2026 yilning ikkinchi choragida ikkala ko‘prik ham foydalanishga topshiriladi. Natijada, Samarqand shahriga Dahbed ko‘chasi orqali kirishda tirbandliklar oldi olinadi.
Oqdaryo, Payariq, Qo‘shrabot va Ishtixon tumanlaridan kelib ketuvchi yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida Samarqand tumani O‘zbekkenti mahallasi hududida avtostansiya ishga tushirildi.
Toyloq, Urgut tumanlari yo‘lovchilari uchun joriy yil yakuniga qadar Samarqand tumani Chumchuqli mahallasi hududidan yangi avtostansiyasi ishga tushiriladi.
Viloyatda 450 kilometr umumfoydalanishdagi yo‘llar, 700 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi, 1200 kilometr uzunlikdagi tuproq yo‘llar shag‘allashtirildi. Aholini ancha vaqtdan buyon qiynab kelayotgan Payariq va Ishtixon tumanlarini bog‘lovchi 4R48 Zarafshon trakt avtomobil yo‘li ta’mirlanmoqda.
Ishtixon shahrida tirbandliklarning oldini olish maqsadida, Ishtixon shahrini aylanib o‘tuvchi 4,5 kilometr uzunlikdagi aylanma yo‘l qurilmoqda.
Temiryo‘llar bilan kesishgan avtomobil yo‘llarida tirbandliklarning oldini olish uchun Bulung‘urda 4R-47 yo‘lining 2-kilometr qismida tonnel qurildi, 2026 yilda Jomboy tumanida ham shunday tonnel quramiz.
Shuningdek dastur asosida 150 milliard so‘m mablag‘lar evaziga Respublika ahamiyatidagi M37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 11-150 km qismini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilda dasturlar doirasida respublika byudjetidan 1,3 trillion so‘m mablag‘ evaziga 199 ta ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda 900 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, 69 ta maktab, 16 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 5 ta tibbiyot, 1 ta oliy ta’lim muassasasi, 2 ta suv inshooti, 4 ta yo‘l, 3 ta irrigatsiya va melioratsiya va
14 ta boshqa ob’yektlar foydalanishga topshirildi.
Xalqimizning tashabbuskorligi va birdamligida “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida jami 647 milliard so‘mlik loyihalar yutib olindi va dssturning birinchi mavsumida 319 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 73 ta ijtimoiy soha ob’yekti, 338 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi, 26 ta ob’yektda elektr ta’minoti yaxshilandi.
Hududlarda shakllantirilgan drayver loyihalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 108 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 112 ta ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida respublika byudjetidan ajratilgan 303,0 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 101 ta og‘ir mahalla infratuzilmasi yaxshilandi.
2024 yil 9 oyda 9,6 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lsa, joriy yil 9 oyida bu raqam 14,2 trillionni tashkil etdi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 155 ta ko‘p xonadonli uylar, 28 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 95 ta suv nasosi, 3172 kilometr elektr tarmoqlari, 1208 ta transformator, 25 kilometr gaz quvurlari va 52 ta gaz taqsimlash punkti kapital ta’mirlandi. 285 ta maktab va 121 ta maktabgacha ta’lim muassasasi joriy ta’mirlanib, 81 ming tonna ko‘mir zaxirasi yaratildi.
Bir necha yillardan buyon issiqlik ta’minotidan uzilib qolgan Samarqand shahrining temiryo‘l vokzali hududi, Sug‘diyona, Mikrorayon, Sartepo massivlaridagi 22288 xonadonli 433 ta ko‘p qavatli uyni markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahridagi ko‘p qavatli uylarning issiqlik tizimini tiklash ishlari ham yakunlanib qoldi. Shaharda bitta yangi qozonxona qurilib (3,2 km issiqlik tarmog‘i, 2 ta qozon), 880 xonadonli 22 ta uy issiqlik tarmog‘iga ulandi.
Yana bir muhim masala, Samarqand shahri aholisining 70 foizi “Cho‘pon ota” suv inshooti orqali ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Biroq, so‘ngi vaqtlarda inshootda suv debiti pasaygan bo‘lib, buni bartaraf etish maqsadida 2026 yilda Zarafshon daryosida suv inshootiga yaqin hududda 2 ta suv dambasini qurishni rejalashtiryapmiz.
Shuningdek, Toyloq tumani hududidan o‘tuvchi Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘ida galereya tipidagi yer osti suv olish inshooti qurish hamda mazkur suv inshootidan “Cho‘pon ota” suv taqsimlash inshootigacha (uzunligi 25 km) magistral suv quvuri qurish loyihasi taklif qilinmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahrida Jahon bankining 66 million dollar mablag‘lari hisobidan 3 ta suv va 20 ming metr kub hajmli 1 ta oqova inshooti, 117 kilometr ichimlik va 72,2 kilometr oqova tarmoqlari quriladi. Natijada, 2026 yil yakuniga qadar Kattaqo‘rg‘on shahrining ichimlik va oqova tizimi to‘liq ta’mirlanadi, ichimlik suv bilan qamrov darajasi 71 foizdan 91 foizga, markaziy oqova ta’minoti 30 foizdan 72 foizga yetkazilishiga erishiladi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatda aholini ichimlik suv bilan ta’minlash darajasi 77,5 foizdan 79,7 foizga yetdi.
Viloyatda yashillik darajasini oshirish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida 11 million 600 ming tup ko‘chat ekildi. Oldingi yillarda kuz mavsumida 6 million tup ko‘chat ekardik, bu yil 10 million 200 ming tup ko‘chat ekishni rejalashtirganmiz.
Viloyatda ziyoratgohlarni rekonstruksiya-restavratsiya qilish bo‘yicha ham alohida ishlayapmiz. Birgina, Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi A’zam majmuasining yo‘l, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini yaxshilash, tutash hududlar qiyofasini tartibga keltirish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Samarqand shahar Chokordiza qabristonida joylashgan Imom Motrudiy yodgorlik majmuasi va qabriston hududidagi 8 nafar buyuk ulamolar qabrlarini tiklash va obodonlashtirish ishlari ham boshlab yuborildi.
Ziyoratgohda 2026 yil sentyabrga qadar rekonstruksiya va restavratsiya ishlarini to‘liq yakunlaymiz.
Shaharda ko‘p xonadonli uylar qurish, kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash bilan bir qatorda yashillik darajasini oshirish ham o‘ta muhim. Shu maqsadda O‘zbekiston ko‘chasidagi sobiq harbiy gospital o‘rnida 5,4 gektar yer maydonida “Bolalar va yashil jamoat parki” tashkil etyapmiz. Qorasuv massivida Qoradaryo bo‘yida 116 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i yaratyapmiz. Vatanparvar mahallasida 7 gektar maydonda, So‘g‘diyona massividagi 3 gektar yer maydonda ham aholi dam olishi uchun bog‘ quryapmiz.
Chiqindilardan samarali foydalanish ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan Samarqand shahrining “Xishrav” qo‘rg‘onidagi chiqindi poligoni hududida 15 gektar yer maydonida Xitoy kompaniyasi tomonidan 150 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilgan holda kuniga
1,5 ming tonna chiqindini qayta ishlab, 240 million kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Hurmatli deputatlar!
Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasi - aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash va eksportni oshirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘tgan 9 oy davomida viloyatimizda 632 ming tonna kartoshka, 1,4 million tonna sabzavot, 112,9 ming tonna poliz, 344,9 ming tonna meva va rezavorlar, 567,2 ming tonna uzum, 245 ming tonna go‘sht, 1,1 million tonna sut va
1,2 milliard dona tuxum yetishtirildi.
Jami 6,1 ming gektar yer maydoni qayta foydalanishga kiritilib, ushbu maydonlariga 1,1 ming gektar boshoqli don, 273 gektar sabzavot va poliz ekinlari, 3,7 ming gektar moyli va dukkakli ekinlar, 40 gektar kartoshka, 55 gektar ozuqabop ekinlari hamda 830 gektar bog‘ va tok ko‘chalari ekildi. Birgina Nurobod tumanida 1440 gektar lalmi yer maydonini sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘zgartirish hisobiga “Sariqul mega agro” MChJ tomonidan kartoshka va sabzavot yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda 750 gektar maydon suv tejovchi texnologiyalar asosida o‘zlashtirilib, 150 gektar maydonga kartoshka ekildi.
Aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish, narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida 90,6 ming gektar maydonda takroriy ekinlar ekildi. Bu ekinlardan 217,8 ming tonna kartoshka, 7 ming tonna moyli, 65 ming tonna dukkakli don, 223 ming tonna sabzavot hamda 794 ming tonna ozuqa hosili olindi.
G‘allachilikda 94 ming gektar maydonda don ekilib, 825 ming tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan qariyb 100 ming tonna ko‘p hosil yetishtirildi. O‘rtacha hosildorlik 87,6 sentnerni tashkil etdi. Pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan 64,6 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 3878 tonna pilla xom ashyosi olindi. Bu yil 60 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanib, 261 ming tonnadan ortiq xom-ashyo yetishtirilib, hosildorlikni o‘rtacha 43,5 sentnerga yetkazildi. Xitoydan keltirilgan navlardan hosildorlik 56-57 sentnerga yetdi.
Bog‘dorchilik sohasida 2024 yilning kuz va 2025 yilning bahor mavsumida jami 7,2 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo qilindi.
Hurmatli deputatlar!
Viloyatimiz kartoshka yetishtirish bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rin egallaydi. Joriy yil hosili uchun barcha toifadagi xo‘jaliklari tomonidan 52,8 ming gektar maydonlarda kartoshka ekildi. Bahorda ekilgan 35 ming gektar maydondan 632 ming tonna, g‘alladan bo‘shagan 18 ming gektar maydondan 320 ming tonna, aholi tomorqalaridan 480 ming tonna kartoshka yetishtirish hisobiga joriy yil hosili 1 million tonnadan oshishi kutilmoqda. Viloyatimizda kartoshkachlikni rivojlantirish maqsadida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqot institutida O‘zbekiston-Koreya kartoshka urug‘chiligi markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda 2027 yilga borib, in-vitro usulida yiliga 1 million dona super-elita urug‘lik yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek “Bulung‘ur Agro Star” MChJ tomonidan Bulung‘ur tumanida kartoshkachilikni rivojlantirish, urug‘chilik tizimini yo‘lga qo‘yish, yuqori hosildor navlar bilan ta’minlash bo‘yicha Niderlandiyaning “Agrico Co.LTD” kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, ushbu loyiha bo‘yicha 2026 yilda 6 ming tonna elita urug‘ import qilinishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur urug‘lar asosida 2027 yilga qadar 50 ming tonna (R1) urug‘ va 10 ming tonna iste’mol kartoshka zaxirasi yaratiladi.
Bulung‘ur tumani Xo‘jamazgil mahallasining 100 gektar yer maydonida “Kartoshkachilik agrotexnoparki” tashkil etilmoqda. 56 gektar yer maydonida urug‘lik kartoshka ekilib, zamonaviy sug‘orish tizimlari o‘rnatildi.
Shu bilan birga, 2 gektar maydonda loyiha qiymati 46 milliard so‘m bo‘lgan “Bulung‘ur Agro Star” agrokompleksi loyihasi amalga oshirilmoqda. Kompleks tarkibida 10 ming tonna sig‘imga ega omborxona, 2 ming tonna sig‘imli sovutgich, laboratoriya, o‘quv markazi joriy etiladi.
Viloyatdagi mavjud 30 ming gektar bog‘, 48 ming gektar tokzorlardan joriy yilda 383 ming tonna meva, 659 ming tonna uzum mahsulotlari yig‘ishtirib olindi. Faoliyat ko‘rsatayotgan 221 ta qayta ishlash korxonalar tomonidan 33 foiz mahsulotlar qayta ishlanib, ichki va tashqi bozorga sotilmoqda. Bugungi kunda jami 351 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi (129 foiz).
Chorvachilik yo‘nalishida qiymati 102,5 milliard so‘mlik 33 ta loyiha ishga tushirilib, qoramol bosh soni 3 ming boshga, qo‘ylar soni 7,3 ming boshga ko‘paydi.
Bundan tashqari, Rossiya va Qozog‘iston davlatlaridan
10,4 million dollarlik 5 ming bosh naslli qoramol, Mo‘g‘ulistondan qiymati 313 ming dollarlik 1,8 ming bosh “Bayat” zotli naslli qo‘ylar olib kelindi. 9 oy yakuni bilan viloyatda qoramol bosh soni 1,8 milliontaga, sigir 742 ming boshga, qo‘y va echki 2,6 million boshga yetdi. Go‘sht ishlab chiqarish 245 ming tonnaga va sut ishlab chiqarish 1,1 million tonnaga yetkazildi.
Parrandachilik sohasida qiymati 210 milliard so‘mlik 19 ta loyiha amalga oshirilib, parranda bosh soni 15,6 millionta, tuxum 1,2 milliard donani tashkil etdi. Shu bilan birga 172 tonna parranda go‘shti yetishtirildi.
“Agroparranda klasteri” tomonidan Bulung‘ur tumanida 22,5 gektar yer maydonida 40 ming bosh naslli parranda boqish loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi. 2026 yilda boshlab naslli jo‘jalar yetishtirish mahalliylashadi, aholi xonadonlariga arzon narxlarda 10 million bosh go‘sht yo‘nalishidagi jo‘jalar tarqatilib, 50 ming tonna parranda go‘shti yetishtiriladi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish, samaradorlikni oshirish maqsadida zamonaviy sug‘orish texnologiyalari joriy etilmoqda.
Xususan, joriy yilda 36,3 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar yo‘lga qo‘yilishi hisobiga 150,8 million kub metr suv iqtisod qilindi.
Hurmatli deputatlar!
Maktabgacha ta’lim sohasida joriy yilda qo‘shimcha 30 mingga yaqin yangi quvvatlar tashkil etildi. Shundan, 134 ta bolalar bog‘chasini tashkil etish hisobiga 6,5 ming o‘rin, faoliyat yuritayotgan 740 ta davlat bog‘chalaridagi bo‘sh guruhlarini to‘ldirish hisobiga 9,4 ming o‘rin yaratildi. Natijada, 3-7 yoshgacha bolalar qamrovi 72,1 foizdan 75,5 foizga yetkazildi, shundan 6 yoshli bolalarning qamrovi 93 foizdan 96,6 foizga oshirildi.
Toyloq tumanidagi “Ilk rivojlanish markazi” tajribasi asosida yangi o‘quv yilidan boshlab Ishtixon, Oqdaryo, Past Darg‘om va Samarqand tumanlarida ham “Ilk rivojlanish markazlari” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 1 500 o‘rin yaratildi.
Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar o‘qiydigan inklyuziv sinflar ochilgan maktablar soni 182 ta yetkazildi. Natijada alohida ta’limga ehtiyoji bor 297 nafar bola sog‘lom o‘quvchilar bilan birga-bir sinfda ta’lim-tarbiya olishni boshladi. 16 ta “Jasorat maktabi” tashkil etilib, 416 nafar bola qabul qilindi. Ixtisoslashtirilgan maktablar soni 18 tadan 19 taga, nodavlat maktablari soni esa 40 tadan 49 taga yetkazildi.
Umumta’lim maktablarida oliy toifali o‘qituvchilarning ulushi 9,8 foizdan 11,2 foizga, sifat tarkibi esa 28,1 foizdan 30,9 foizga oshdi. Maktablardagi jami 5919 nafar xorijiy til o‘qituvchilarining 72,7 foizi xalqaro va milliy sertifikatga ega bo‘lib, ularning soni 681 nafarga oshdi.
Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi o‘tgan yilgi 45,6 foizdan 48 foizga yetdi.
Viloyatdagi 57 ta kasbiy ta’lim tashkilotida dual ta’lim asosida 536 ta korxona bilan hamkorlikda 3,5 ming nafar o‘quvchilar ta’lim olmoqda. Ularga korxonalarning 591 nafar malakali mutaxassislari “Ustoz” sifatida biriktirilgan.
Viloyatimizda oliy ta’lim muassasalari soni 19 tani tashkil etib, ularda 106,8 ming nafar talaba tahsil olmoqda, jumladan, ularning 3270 nafarini xorijlik talabalar tashkil etadi.
“QS”-xalqaro reyting natijalariga ko‘ra, Samarqand davlat universiteti birinchi marta mazkur nufuzli reytingga kirishga muvaffaq bo‘ldi va 1001-1200 o‘rinlarda e’tirof etildi.
Hurmatli deputatlar!
Sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish borasidagi ishlar ham bugun o‘z samarasini bermoqda. Samarqand shahar, Ishtixon va Bulung‘ur tumanlarida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etildi. Sohani raqamlashtirish va “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi uchun mahalliy byudjetdan 30 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni birlashtirish maqsadida kelgusida Shirin massivida 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi barpo etiladi. Respublika kardiologiya markazi Samarqand filialida insult bo‘limi ochiladi. Bolalarda onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash maqsadida 80 o‘rinli onkogematologiya bo‘limi ochiladi. Viloyat kardiologiya markazida sog‘liqni saqlash tizimining raqamli transformatsiyasi va ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida raqamli sog‘liqni saqlash markazi tashkil qilinmoqda.
Tez tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatish maqsadida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va shahar markaziy shifoxonasida “Shoshilinch qabul bo‘limlari” tashkil etildi. Oxirgi 10 kunda tez yordam orqali ushbu muassasalarga 500 nafar bemor yotqizilgan.
Asab, qon aylanish va tayanch-harakat tizimi kasalliklari hamda jarohatlar oqibatlaridan keyingi holatlarda reabilitatsiya qilishning uch bosqichli tizimi joriy etiladi.
Skriningning 3 ta yangi turi joriy etiladi. 45 yoshdan katta erkaklarda prostata bezi xavfli o‘smalarini erta aniqlash uchun PSA tahlili va dopler tekshiruvlari, 50 yoshdan oshgan fuqarolarda insultning oldini olish uchun uyqu arteriyasi doplerografiya tekshirishlari, 50 yoshdan katta aholi orasida og‘ir quloqlikni aniqlash uchun audiometriya tekshirishlari o‘tkaziladi.
Kelgusi yilda Investitsiya dasturi asosida 432,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga 114 ta ob’yektda ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Bugungi kunda viloyatda 700 ta nodavlat tibbiy markazlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hurmatli deputatlar!
Viloyat aholisining 55 foizi yoki 2,3 million nafarini 30 yoshgacha, shundan, 1,1 million nafarini 14-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
“Yoshlar balansi”ga asosan xatlovda aniqlangan 12,3 ming nafar ishsiz yoshlarimiz 502 nafar rahbarlarga biriktirilib, ko‘rsatilgan yordamlar evaziga bandligi ta’minlandi. Alohida ishlash talab etiladigan va otaliqqa olingan
4616 nafar yoshlar huquq-tartibot hamda mudofaa organlari rahbarlariga biriktirildi. “Yoshlar daftari”dagi 11 847 nafar yoshlarga ko‘rsatilgan ko‘mak evaziga 11200 nafari yoki 93 foizi daftardan chiqarildi. Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 548 nafar yigit-qizga 66 milliard so‘m kredit ajratildi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 1 417 ming nafar yoshlar elektron platformaga kiritilib, ularning 1,3 million nafari olimpiada doirasidagi musobaqa hamda tanlovlarga qamrab olindi. Joriy yilda o‘tkazilayotgan musobaqa va tanlovlarning respublika bosqichlarida viloyatimiz yoshlari munosib ishtirok etib, 18 ta oltin, 13 ta kumush, 8 ta bronza medallarni qo‘lga kiritib, respublikada birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz 33 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Qadrli deputatlar!
Ijtimoiy himoya tizimi - inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qiluvchi, jamiyatdagi ijtimoiy muvozanatni ta’minlovchi muhim mexanizmdir. Mahalla yettiligi tarkibiga ijtimoiy xodimlar kiritilganligi sababli, 119 ta (o‘tgan yili 49 ta edi) ijtimoiy xizmatlar mahalla darajasiga tushirildi. Natijada, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining 75 foiz muammolarini mahallaning o‘zida hal etish imkoniyati yaratildi. Misol uchun, ijtimoiy masalalar bo‘yicha Prezident portali, viloyat hokimligi va mahalliy hokimliklarga joriy yilning 9 oyida tushgan murojaatlar (9104 ta) soni, o‘tgan yilning mos davriga (4 865 ta) nisbatan sezilarli darajada kamaydi.
Bugungi kunda 1081 ta mahallalarga ijtimoiy xodimlar biriktirilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 12 toifadagi 212 661 ta oilalar bilan mahalla yettiligi ko‘magida manzilli ishlar olib borilmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 112 297 nafarga yetib, ular ijtimoiylashuvini ta’minlash bo‘yicha 33 718 ta xizmat va yordamlar ko‘rsatildi.
Voyaga yetmagan 13 212 nafar bola ijtimoiy himoyaga olinib, ularga 4 mingga yaqin ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatildi.
Yolg‘iz (yashovchi) 2 030 nafar keksalar himoyaga olinib, ularga 22 mingdan ortiq yaqin ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatildi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 3232 nafar ayollarga himoya orderi berildi.
Kam ta’minlangan oilalarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishi bo‘yicha 139 487 ta oilaga 1 millionso‘mlik kompensatsiya yordam puli ajratildi.
Hurmatli deputatlar!
Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy hayotida ularning roli va faolligini oshirish asosiy vazifamizdir.
Bugungi kunda viloyat aholisining 49 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning 750 ming nafari iqtisodiy faol hisoblanadi. Joriy yilda 121,6 ming nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 23,7 ming ayollarga 698 milliard so‘m kredit ajratildi. 30 ming nafardan ortiq xotin-qizlar kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitildi. 19,5 ming nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi.
Hurmatli deputatlar!
Jamiyatimizda sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish dolzarb vazifa sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘tgan 9 oy davomida viloyatda 10321 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, umumiy jinoyatlarning 46 foizi (4734 tasi)ni axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar tashkil etmoqda. 9 oy yakuni bilan viloyatdagi 1081 ta mahallaning 374 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Kriminogen vaziyati og‘ir deb baholangan 106 ta mahallaning 34 tasi “yashil” toifaga o‘tib, “qizil” toifadagi mahallalar sonini 61 taga kamaytirildi.
Hurmatli deputatlar, sessiya ishtirokchilari!
Viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yuqorida aytib o‘tilgan yutuqlarimiz bilan bir qatorda albatta hali yechimini kutayotgan muammolar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarimiz juda ko‘p.
Birgina, Prezidentimizning joriy yil 8 oktyabr kuni qabul qilgan qaroriga ko‘ra, 2026 yilda viloyatning 32 ta mahallasiga “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomini berib, har biriga 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratish hisobiga ushbu mahallalar aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirilishi lozim.
Bulung‘ur, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on va Payariq tumanlariga esa “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” maqomini berib, ushbu tumanlar jadal kompleks rivojlantiriladi. Buning uchun har bir tumanga 100 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Ushbu tuman va mahallalar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.
Yil yakuniga qadar barcha sohalarda qolgan ishlarimizni yakuniga yetkazib, 2026 yilda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etish orqali aholi turmush farovonligini oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilab olamiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!