Nega bahor sovuq keldi? Bu global isish to‘xtaganidan dalolatmi?
Salqin bahor global isish to‘xtaganini anglatmaydi. Aksincha, BMT bilan hamkorlik qiluvchi xalqaro olimlar va tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishlari davom etmoqda va yana o‘n yillab, hatto asrlar davomida sezilib turadi. Qisqa muddatli sovuqlar va ob-havodagi «nosozliklar» umumiy tendensiyani tasdiqlaydi: sayyorada o‘rtacha harorat rekord sur’atlarda oshib bormoqda. So‘nggi yillar, ya’ni 2015-2025 yilgacha kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr bo‘ldi.
2026 yilda dunyoning bir nechta hududlarida bir vaqtning o‘zida anomal salqin ob-havo kuzatildi. Bu avvalo, qutb bo‘ronlari ta’siri va La-Nin (Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismidagi suv odatdagidan sovuqroq bo‘ladigan) iqlim hodisasi bilan bog‘liq. Yil boshida qutb bo‘roni yo‘nalishining buzilishi Arktika sovug‘ini odatiy chegaralaridan chiqarib, o‘rta kengliklarga tarqalishiga olib keldi.
Shu tufayli Arktikadan kelgan sovuq havo o‘rta kengliklarga tarqalib, AQSh va Kanada, Yevropa hamda Osiyoning ayrim hududlarida uzoq davom etgan sovuq ob-havoni keltirib chiqardi.
O‘zbekistonda ham bahor “harorat tebranishlari” bilan o‘tmoqda: issiq kunlar tezda yomg‘ir va salqinlik bilan almashmoqda. Aprelda havo ayrim kunlari +13…+16 °C gacha tushdi, tog‘larda esa qor kuzatildi. Boshqa paytlarda esa +27…+32 °C gacha isib ketdi. Mart oyida ham qisqa muddatli kuchli sovuqlar kuzatildi.
May oyida ob-havo nisbatan barqarorlashishi kutilmoqda: asosan iliq va quruq, kunduzi +23…+35 °C atrofida bo‘ladi. Janubda esa harorat +37…+40 °C gacha yetishi mumkin. Yomg‘irlar kamroq bo‘lib, asosan qisqa muddatli jala ko‘rinishida o‘tadi.
Xulosa qilib aytganda, salqin bahor global isish tugaganini emas, balki iqlimdagi beqarorlik kuchayganini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlar OAV vositalaridan olindi.